Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:14

Madrasa mudarrisi bachabozlikda ayblanmoqda


Qirg‘izistonda bir necha oy ichida ikkinchi marotaba madrasa mudarrisi balog‘atga yetmagan o‘g‘il bolalarga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda ayblanmoqda.

Hali to‘qqiz yoshga to‘lmagan Alim (ismi o‘zgartirilgan) Bishkek shahridagi 3-bolalar kasalxonasida davolanmoqda. Alim kasalxonaga O‘sh shahridan olib kelinganiga 4 kun bo‘ldi. U O‘sh shahrining Cheremushki mavzesida joylashgan “Sulayman-Too” madrasasida ta‘lim olayotgan paytda madrasa mudarrisi tomonidan zo‘rlanganini aytmoqda.

- Mudarris meni zo‘rlaganini ota-onamga aytishga qo‘rqdim. Chunki mudarris “aytsang kaltaklayman” deb qo‘rqitgan edi. Ota-onamga madrasaga borishdan bosh tortishimni aytdim. Ammo ular mening gapimga quloq solmay, diniy ta‘lim olasan deb majburan madrasaga jo‘nataverishdi, -dedi Alim.

“Kasalini yashirsang istimasi oshkor qiladi” deganlaridek, madrasa mudarrisi tomonidan bolaning zo‘rlangani tasodif tufayli ma‘lum bo‘ldi. Bu haqda o‘g‘lini madrasa mudarrisi zo‘rlaganini iddao qilayotgan Alimning onasi Dilbar gapirib berdi:

- Bolamning istimasi ko‘tarilib, hojatga ham bora olmay qiynalib qoldi. Shifokorlar bolamni tekshirib, uning zo‘rlanganini aniqlashdi. Bir tomondan islom dinining obro‘sini o‘ylab indamay qo‘ya qolay dedim. Ammo bolamning qiynalganini ko‘rib “zo‘ravon jazosini olishi kerak”, deb hisobladim. Biz oilamiz bilan namoz o‘qiymiz, shuning uchun bu qarorga kelishimiz oson bo‘lmadi, -dedi Dilbar.

Alimning onasi bola zo‘rlanganini aniqlagan shifokorlar kasalxonaga militsiya chaqirishganini va mudarrisga qarshi jinoyat ishi ochilganini aytib o‘tdi. Shifokorlarga ko‘ra, jinsiy zo‘rlangan bola ruhiy jihatdan ham jarohatlangan. U odamlardan qo‘rqib qolgan.

O‘sh shahar militsiyasi matbuot kotibi Zamir Sidiqovning aytishicha, Alimni jinsiy zo‘rlaganlikda gumonlanayotgan madrasa mudarrisi 4 iyul kuni qamoqqa olingan.

- O‘sh shahrining Cheremushki mavzeidagi Shota Rustavelli ko‘chasi 9-uyda joylashgan “Sulayman-Too” madrasasi mudarrisi, 1990 yilda tug‘ilgan O‘sh shahri turg‘uni qo‘lga olindi. Dastlabki tergov paytida u 25 iyun kuni madrasa ichida 2003 yilda tug‘ilgan o‘quvchisini jinsiy zo‘rlagani aniqlandi, -deb bildirdi Zamir Sidiqov.

Qirg‘iziston muftiyati esa matbuotni mazkur voqea yuzasidan extiyotkorlik bilan axborot tarqatishga chaqirmoqda. Muftiyatning madrasalar bo‘limi boshlig‘i Rustam Gulmatov bundan oldin ham Bishkekdagi madrasa mudarrislaridan biriga mana shunday tuxmat qilinganini aytib o‘tdi:

- Madrasada kim bo‘lgan, voqea qanday yuz bergan - bu masalalarni diqqat bilan o‘rganish kerak. Negaki, islom mudarrislari obro‘sini to‘kish maqsadida ham mana shunday tuxmatlar qilinishi mumkin. Masalan, bundan avvalroq Bishkekdagi Ak-Orgo mavzesidagi madrasa mudarrisi ham bachabozlikda ayblangan edi. Biroq tergov davomida bu tuxmat ekani aniqlangan. Mudarris oqlangan. Shuning uchun ham tergov natijalarini kutamiz. Agar mudarris haqiqatan ham bolani zo‘rlagan bo‘lsa, u so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortilishi shart, - dedi Rustam Gulmatov.

Ayni paytda Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalari joriy yilda balog‘atga yetmagan qizlar va o‘g‘il bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish holatlari o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘payganini bildirmoqda. Mana shundan kelib chiqqan holda qirg‘iz jamiyatida pedofillarni kimyoviy yo‘l bilan bichish masalasi muhokama qilinayotir.
XS
SM
MD
LG