Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:47

8 yil qamoqda o‘tirib chiqqan o‘zbekistonlik ekstraditsiya qilinishi mumkin


Rossiya hukumati Hizb ut-Tahrir tashkilotiga a‘zolikda ayblanib, 8 yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqan Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekistonga berib yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti tarqatgan xabarnomada O‘zbekistonga berib yuborilgan taqdirda bu shaxs qiynoqqa solinishi va yana uzoq muddatga qamalishi mumkinligidan xavotir bildiriladi.

Amnesty International tashkiloti Rossiya Bosh prokuraturasining Hizb ut-Tahrir partiyasiga a‘zolikda ayblanib, 7 yilu 4 oy qamoq jazosini o‘tab chiqqan Yusuf Qosimoxunovni yana shu ayblovlar asosida O‘zbekistonga berib yuborish niyatidan xavotir bildirmoqda.

8 yildan beri Qosimoxunov himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan huquq faoli Yelena Ryabinina Ozodlikka Rossiya prokuraturasi o‘zbek kuchishlatar tizimlari bilan kelishilgan holda Qosimoxunovni berib yuborishga barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, deydi.

- Joriy yilning 19 aprelida Bosh prokuratura uni berib yuborish to‘g‘risida qaror chiqardi. Biz, albatta, bu qaror ustidan shikoyat yozdik. 1 iyun kuni Murmansk viloyat sudida bu ishga taaluqli ayrim hujjatlar meni hayratga soldi. Rossiya Bosh prokuraturasining ekstraditsiya masalalari bo‘yicha mas‘ulining Bosh prokuror muovini Zvyagintsev nomiga yuborgan ma‘lumotnomasida Qosimoxunovga O‘zbekiston tomonidan qo‘yilayotgan ayblovlarning Rossiya qonunchiligiga mos keluvchi moddalari yo‘qligi Rossiya Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan aniqlangani ko‘rsatilgan, deydi Yelena Ryabinina.

Ma‘lum bo‘lishicha, prokuraturaning ekstraditsiya to‘g‘risidagi qarori chiqarilishidan bir necha kun oldin O‘zbekistondan jo‘natilgan so‘rovnomada “Yusuf Qosimoxunovga qo‘yilayotgan ayblovlar Rossiya qonunchiligi talablariga mos keltirilgani” bildirilgan.

Oddiy qilib aytganda, deya davom etadi “Qochqinlik haqlari” dasturi rahbari Yelena Ryabinina:

- Prokuratura Akademiyasi Rossiya qonunchiligi yuzasidan bu ayblovlarni Qosimoxunovga qo‘yish mumkin emasligini ta‘kidlagan. Shundan keyin bizning prokurorlar o‘zbeklardan bu ayblovlarni o‘zgartirib berishni so‘ragan va tegishli javob olgan, deydi huquq faoli.

Ryabinina prokuratura hamda sudlarning yo‘l qo‘yayotgan qator qonunbuzarliklari natijasida allaqachon ozodlikka chiqarilishi kerak bo‘lgan Yusuf Qosimoxunov hamon Murmansk shahar tergov izolyatorida qolmoqda, deydi.

Huquq faoli shu yilning 18 iyulida Rossiya Oliy sudida o‘zbekistonlik mahbusning ekstraditsiya ishi qayta ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.

Amnesty International Qosimoxunov O‘zbekistonda jiddiy bosimga uchrashi, qiynoqlarga solinishi va uzoq muddatga qamalashi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Shuningdek, tashkilot Qosimoxunov ekstraditsiya qilinsa, Rossiya qator xalqaro huquq normalari va qonunlarini qo‘pol tarzda buzgan sanaladi, deya ogohlantirdi.

O‘zbek qochqinini himoya qilayotgan Yelena Ryabinina ma‘lumotiga ko‘ra, Strasburg sudida “Qosimoxunov Rossiyaga qarshi” ishi ko‘rib chiqilishi arafasida.

Qosimoxunov ishini bevosita kuzatish uchun Murmanska shahriga ketishidan bir kun oldin noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgan asli o‘zbekistonlik dissident Bahrom Hamroyev fikricha, Qosimoxunov ishi “O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining printsipial ishiga aylangan”.

- Meni kaltaklab ketishgandan keyin tergov boshlig‘i menga “Qosimoxunov sizning yoningizda Rossiyada qolib ketadi, deb umid qilmang. U Rossiyadan chiqib ketishi kerak”, degan ma‘noda gapirgan edi. Qosimoxunovning huquqlari poymol qilinib bo‘ldi! Lekin buning siyosiy ahamiyati shuki, “Islomga da‘vat qilib yurgan odamlarning holi shunday bo‘ladi. Rossiya hukumati roziligini olmagan musulmonlar Qosimoxunovga o‘xshagan holatga tushadi”, degan ma‘nosi bor. Shu ma‘noda Qosimoxunovning O‘zbekistonga berib yuborilishini ham, uning Rossiyadan olib kelib sud qilishi, matbuot orqali uni xalqqa ko‘rsatilishi O‘zbekiston hukumatining mushtumzo‘rligini qo‘rsatadi, deydi huquq faoli Bahrom Hamroyev.

1995 yilda Rossiyaga kelgan buxorolik o‘qituvchi Yusuf Qosimoxunov 2004 yilda Rossiyada noqonuniy deb e‘lon qilingan Hizb ut-Tahrir partiyasiga a‘zolikda ayblanib, 8 yillik muddatga qamalgan birinchi shaxsdir.
XS
SM
MD
LG