Линклар

Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi aeroportlarida sigaret bilan birgalikda nos chekish ham man qilindi. Tartibni buzgan kashandalarga chora ko‘riladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy avikompaniyasi mamlakatdagi aerovokzallar va ularga yaqin hududlarda alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish va iste‘mol qilishga nisbatan cheklov joriy etilganini ma‘lum qildi.

Toshkent xalqaro aeroportining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, yangi tartibda aeroport atrofidagi hududlarda ham chekish taqiqlanadi.

- Tashqarida stoyanka bor. Postimiz bor, o‘shandan tashqarida chekish mumkin. Znaklarimiz bor. Chekish mumkin emas, deb qo‘yib chiqilgan. Agar aeroport hududida chekilsa, militsionerlar bor, ular nazorat qiladi,- deydi aeroport xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, aeroport tashqarisida avtobuslar bekati tomonga o‘tgach chekish mumkin. Aeroport ichkarisida esa bitta joyda chekish uchun maxsus joy ajratilgan.

- Masalan, aeroportning ichida belgilangan joy bor. Chekadigan joyimiz bor xalqaro aeroportda. Alohida joy qilib berishgan. O‘sha yerda chekish mumkin. Uni hali chet ellardagiga o‘xshab o‘ramaganmiz. Prosto kuldonlar qo‘yilgan,- deydi aeroport xodimi.

Yangi tartib nafaqat Toshkent aeroportlarida balki mamlakatdagi barcha aeroportlarga birdek taaluqli.

Termiz aeroportining ismini oshkor qilmayotganimiz ma‘sul xodimi bu tartib allaqachon amalga tatbiq qilinayotganini ta‘kidladi.

- Bizda maxsus joylar qilingan chekish uchun. O‘sha joylarda ruxsat bor. Qolgan joylarda mumkin emas. Chekish uchun maxsus joylar borda. Tashqarida stoyanka bor. Postimiz bor, o‘shandan tashqarida chekish mumkin. Znaklarimiz bor. Chekish mumkin emas, deb qo‘yib chiqilgan,- deydi Termiz aeroporti xodimi.

Yangi tartibga ko‘ra, aeroport ichkarisi va atrofida sigaretdan tashqari nos ham chekish taqiqlanadi.

Termiz aeroporti ma‘suliga ko‘ra, keyingi paytda nosga qarshi taqiqlar kuchaygan.

- Chekish degandan keyin nos ham kiradiyu shunga. Faqat sigaret deyilmaganku. Nosni chekkach uni ham qayergadir tupurib tashlash kerakku. Nosni ham territoriyada chekish mumkin emas. O‘zi nosvoy borku, hozir umuman taqiqlandi. Bizga shunaqa xatlar keldi, samolyotda olib ketish ham mumkin emas. Bizda faqat Moskvaga reysimiz bor. O‘shanga xat kelgan, nos mumkin emas,- deydi aeroport ma‘suli.

Aeroport hududlaridagi chekishga nisbatan taqiq o‘tgan yilning 5 oktyabr kuni qabul qilingan va joriy yilning aprel oyidan kuchga kirgan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste‘mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunga asoslangan.

Mazkur qonunning 19-moddasiga ko‘ra, endilikda “aerovokzallar va unga yaqin hududlarda tamaki mahsulotlarining barcha turini (chaynaladigan tamaki, chekiladigan qorishma va sigaret) iste‘mol qilish qat‘iyan ma‘n qilinadi”.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” yangi tartib talablarini buzgan kashandalarga
qonunchilikka muvofiq chora ko‘rilishidan ogohlantirdi.

Suhbatlashganimiz aeroport xodimlari qanday chora ekanligini ochiqlay olmadilar.

Aytilishicha, ayni tartibni buzgan shaxslar “Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks”ning atrof-muhitni zararlantirishga oid moddasiga ko‘ra javobgarlikka tortilib, jarima solinadi.
XS
SM
MD
LG