Линклар

Facebook dagi “Jinlar bazmi”


Taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilovning “Jinlar bazmi” romaninig ilk boblari muallifning Internetdagi Facebook sahifasida e‘lon qilina boshlandi.

Taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilovning “Jinlar bazmi” romaninig ilk boblari muallifning Internetdagi Facebook sahifasida e‘lon qilina boshlandi.

Xozir Londonda istiqomat qilayotgan yozuvchi Hamid Ismoilovning Ozodlik muxbiriga bildirishicha, yangi roman 1938 yili otib o‘ldirilgan o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning so‘nggi kunlari haqida hikoya qiladi.

- Abdulla Qodiriyning hayoti, 1937 yil 31 dekabrda qamalganidan boshlab to 4 oktyabr 1938 yil otilguniga qadar hayoti asosan tasvirlangan. Lekin bu faqat Abdulla Qodiriyning qamoqda yotgan hayoti haqida emasda, uning asari haqida, ko‘ngliga tugib yurgan asari haqida. Chunki bizga ma‘lumki, qamalishidan oldin Abdulla Qodiriy Muzayyana Alaviya, boshqa yozuvchilarga aytganki, men bir roman yozmoqchiman degan. Bu roman o‘zbek adabiyotshunosligida “Kanizak “romani degan ta‘bir ostida kirgan. Lekin aslida bu kanizak haqida emasda Oyxon poshsho degan xo‘ja qiz haqida, deydi Hamid Ismoilov.

Qo‘lyozmalar yonmaydi


Rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romani qahramoni Voland “qo‘lyozmalar yonmaydi”, deb hitob qiladi va pechka ichida yonib kul bo‘lgan qo‘lyozmani asl holiga keltiradi.

Stalin qatag‘oni paytida yondirilgan kitoblar haqidagi eng nekbin manzara bu. Hayot haqiqati esa kitobdagidan farqli.

1937 yil dekabr oyida Abdulla Qodiriy qamoqqa olinganida uning hali chop qilinmagan qo‘lyozmalari yoqiladi.

Bu qo‘lyozmalar ichida "Kanizak" romani ham bo‘lgani tahmin qilinadi.

Bu roman o‘sha paytda favqulloda mashxur bo‘lgan “O‘tgan kunlar” romanidan ham ta‘sirli bo‘lishi haqida Toshkent va Samarqanddagi adabiyot ahli orasida oshig‘ich gap so‘zlar tarqalgan edi.

Roman taqdir taqozosi bilan uch amirga hamto‘shak bo‘lgan kanizak hikoyasi ekani munaqqidlar tarafidan qayd qilinadi.

Bu kitobning KGB o‘tyoqarlari tarafidan “o‘zbek yozuvchilari” yozgan “xulosa”ga binoan yoqib yuborilgani haqida arxiv ma‘lumotlari bor xolos.

Zamonaviy o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoilov o‘sha yozilmagan kitobni quvvai hofiza yordamida “qayta tiklash”ga uringanini aytadi.

- Qodiriy bu romanni yozayotganda hibsga olinadi. Men o‘z asarimda Qodiriyning qamoqqa olinish arafasi va otilgunga qadar qamoqdagi kunlarini qalamga oldim, deydi Hamid Ismoyil.

Qodiriy qabrini so‘rar Otabek...


Suhbatdoshga ko‘ra, Qodiriy yoza boshlagan tarixiy roman syurrealistik tarzda qamoqda ham davom etadi.

Qodiriy o‘z romanidagi qahramonlari bilan qamoqda uchrashadi. Ozod bo‘lishiga ishongan Qodiriy qamoqda ham roman uchun materiallar yig‘adi.

Ammo KGB askari miltig‘idan otilgan qo‘rg‘oshin o‘q Abdulla Qodiriy umriga nuqta qo‘yadi.

Roman qo‘lyozmasi KGB ning maxsus pechkasida yonib kul bo‘ladi.

Internet kitobxonligi


Hamid Ismoilov o‘z asarini Internetga bobma-bob ilib qo‘yayotganini aytadi.

Sovet paytida o‘zbek nosiri yozgan roman 40 mingdan 60 mingga qadar adadda nashr qilinar edi.

Mustaqillik paytda nashr qilingan kitoblarning tiraji ming, ikki mingdan oshmagani kuzatiladi.

“Qog‘oz” kitoblarni o‘qish kamaygan bir paytda Internetda kitob mutoala qilish ko‘paygani aytiladi.

O‘zbekistondagi Internet sayyorlarining 9 millionga yetganini va mamlakat tashqarisidagi bir necha million o‘zbeklarning ham Internetda faolligini hisobga olgan Hamid Ismoilov o‘z kitobini Feysbukda bobma-bob e‘lon qila boshladi.

- Feysbuk orqali bobma-bob hozir chop etayapman. Demak kuni kecha boshladim bu narsani. O‘zimning saytimda ham chop etib borayapman.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Feysbuk turg‘unlari Abdulla Qodiriyga ilkis qiziqishlari bois bu romanning virtual mutoalasini boshlaganini aytishdi.

Roman muallifi o‘quvchilarning Qodiriy taqdiriga dardkashligidan muttasir bo‘lganini aytadi:

- Bilasizmi, bu romanni mashinkada bosgan ayol o‘zbek ayoli, yig‘lab-yig‘lab o‘qibdi. Menga eng asosiy baho shu. Yana bir katta ayol ba‘zi so‘zlarni tushunmaganida mashinkachi ayoldan so‘rab yurgan qaynonasi ham kitobni qo‘ymasdan o‘qib chiqibdi. Shu menga eng katta baho, deydi Hamid Ismoilov.

Novqatda tug‘ilib Londonda yashayotgan yozuvchi


Hamid Ismoilov 1954 yili Farg‘ona vodiysidagi Novqat qishlog‘ida tug‘ilgan. Harbiy bilim yurtini tugatib zirhli quroldan o‘q otuvchi mergan guvohnomasini oldi.

Harbiy maslakdan voz kechgan Hamid Ismoilov Toshkent davlat universitetida filologiyadan taxsil oldi. Ilk she‘rlar kitobini 1987 yil Toshkentda rus tilida chop qildirdi.

Hamid Ismoilov 1992 yili bir guruh xorijiy jurnalistlar bilan birgalikda “Hilolga oshiq Farg‘ona” hujjatli filmini suratga olganidan so‘ng rasmiy Toshkent nazarida istalmagan shaxsga aylandi.

1992 yilda O‘zbekistondan chiqarib yuborilganidan keyin yozuvchi Frantsiya, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiyada bir necha kitoblarini e‘lon qildi.

Hamid Ismoilovning asarlari hozir ham O‘zbekistonda taqiqlangan.

Hamid Ismoilov “Temiryo‘l” romani va boshqa kitoblari bilan birgalikda Edinburg kitob yarmarkasiga taklif etilgan.

Hamid Ismoilov ushbu anjumanning "Qamoqdagi yozuvchilar" dasturi doirasida haligacha O‘zbekiston qamoqxonasida yotgan o‘zbek yozuvchisi Mamadali Mahmudovning asarlaridan parchalar o‘qidi.

Ismoilovning asarlari Britaniyaning “Rossica”, AQShning “Aatsee” adabiy sovrinlariga loyiq ko‘rilgan.

Quyida Hamid Ismoil bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:
XS
SM
MD
LG