Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:19

O‘shda uylar buzilayapti


O‘shda yangi yo‘l qurish bahonasida 39 oila yashaydigan 22 xonadon buzilmoqda. O‘sh meriyasi bu uylarni bozor narxidan bir necha marta arzon baholagani aholi orasida norozilik paydo qilmoqda.

O‘shdagi Mo‘nuyev ko‘chasini Oqura ko‘chasigacha kengaytirish rejasini amalga oshirish maqsadida shahar meriyasi 39 oila yashaydigan 22 ta uyni buzishni rejalashtirgan edi.

Mo‘nuyev ko‘chasida yashovchilardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shahar meriyasi ko‘rsatmasi bilan ayrim uylar buzila boshlangan. Biroq asosan etnik o‘zbeklardan iborat bo‘lgan Mo‘nuyev ko‘chasi aholisi shahar meriyasi ularning uylarini juda past baholaganidan norozilik bildirmoqda va o‘z uylarining buzilishiga qarshilik qilmoqda.

Mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi Barchinoy Mashrapovaning aytishicha, u yashaydigan uyning bozor narxi 50 ming dollar atrofida. Ammo shahar meriyasi bu uyni 12 ming dollarga baholagan.

- Biz bunga rozi bo‘lmayapmiz. Bu uyda biz uch xo‘jalik yashaymiz. Bizga bitta uy kerak. Uch oilaga uy solish uchun juda katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Shuning uchun hokimiyatdan “o‘zimizning uyimizga yarasha uy olib ber yoki bozor narxida pulini ber, boshqa joydan uy sotib olamiz”, deb talab qilayapmiz. Lekin hokimiyatdagilar uyimizning bahosini o‘zgartirishgani yo‘q, - dedi Barchinoy Mashrapova.

O‘sh shahar rasmiylari ham uylari buzilayotgan o‘shliklar bilan til topishish o‘ta qiyin bo‘layotganini, o‘shliklarni hukumat tomonidan berilayotgan tovon puli qoniqtirmayotganini tan olmoqda. O‘sh shahar munitsipal mulk boshqarmasi boshlig‘i Alimbay Qadirov uylari buzilayotganlar bilan til topishish maqsadida murosa komissiyasi tashkil etilganini bildirdi:

- Albatta, sotuvchi uchun belgilangan narx oz ko‘rinadi, oluvchi uchun esa bu narx qimmat. Hozir biz meriya buyrug‘i bilan yana bir komissiyani tashkil etdik. Komissiyaning asosiy vazifasi inson huquqi toptalishiga yo‘l qo‘ymaslik. Uylari buzilayotgan odamlarning talab va takliflarini e‘tiborga olib, ular uchun qulay bo‘lgan sharoitni yaratib berish, - dedi Alimbay Qadirov.

O‘shliklar va meriya o‘rtasidagi ziddiyatga bugungi kunda huquq himoyachilari ham aralashmoqda. Mo‘nuyev ko‘chasida uylari buzilayotgan o‘shliklar huquqini himoya qiluvchi maxsus shtab tashkil qilingan.

- Boshida odamlar juda norozi edilar. Chunki meriya buziladigan hovlilarni juda arzon baholab qo‘ygan. Ammo huquq faollari bu yerda shtab ochib, o‘z odamlarini meriya komiissiyasi tarkibiga kiritganidan so‘ng noroziliklar bir oz kamaydi. Tovon puli miqdorini ko‘paytirishga erishdik. Biroq mahallada uylari buzilishiga keskin norozilik bildirayotgan uch-to‘rtta oila bor. Hozir ular bilan ham muzokaralar davom etayapti, -dedi xalqaro “Interbilim” tashkilotining O‘shdagi vakili Gulqaqi Mamasoliyeva
XS
SM
MD
LG