Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:20

Abiturent-2012: O‘qishga kirish “narxlari”


Bu yil ham O‘zbekiston oliygohlari orasida kirish uchun olinadigan pora narxlari “reytingi”da Toshkent Yuridik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Iqtisodiyot universiteti va Moliya instituti yuqori pog‘onalarda qolmoqda.

Bir haftada besh domla pora bilan ushlandi


So‘nggi bir hafta ichida mamlakatdagi ikkita oliygohning besh nafar domlasi poraxo‘rlikda gumonlanib, qo‘lga olindi yoki ishdan chetlatildi.

10 iyul kuni Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutining “Suv ho‘jaligi iqtisodiyotini boshqarish” fakulteti dekani Nasriddin Shamsitdinov va o‘quv bo‘limi inspektori Farangiz Rizayeva oliygohga kiritib qo‘yish va‘dasi bilan pul olayotganlikda ushlangani xabar qilindi.

Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutinining o‘zini tanishtirmagan xodimi bu xabarni tasdiqladi, biroq tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Uzmetronom.com sayti yozishicha, Nasriddin Shamsitdinov va Farangiz Rizayeva abituriyentlarning biridan 6000 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan payti Toshkent shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Xabarda aytilishicha, Farangiz Rizayevaning yonidagi sumkadan yana 4 abiturentning hujjati va 1700 dollar pul topilgan.

So‘nggi bir hafta ichida Guliston Davlat universitetining ham ikki nafar o‘qituvchisi pora bilan ushlangan, yana bir o‘qituvchi pora olganlik aybi bilan ishdan bo‘shatilgan.

Guliston Davlat universitetining o‘zini tanishtirmagan ma‘sul xodimi Ozodlikka bu ma‘lumotlarni tasdiqladi.

2 iyul kuni Toshkent Davlat Yuridik institutini 12 yil davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyev rektorlik lavozimidan bo‘shatildi.

Rustamboyevning ham ayni qabul jarayoni ketayotgan paytda ishdan ketishiga “institutda avj olgan korruptsiyaga aloqadorligi” sabab bo‘lishi mumkinligi taxmin qilindi.

Qaysi institutning “shapkasi” qancha?


"O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun to‘lanadigan pora narxi" bo‘yicha monitoring o‘tkazib kelayotgan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, Toshkent yuridik instituti O‘zbekiston bo‘yicha eng qimmat oliygoh hisoblanadi.

- Odatda poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlariga kirish qimmatroqqa tushadi. Albatta bu yerda pul bilan, pora bilan kirish nazarda tutilayapti. Narx bo‘yicha eng qimmatlari manbalardan eshitganimiz bo‘yicha Toshkent davlat yuridik instituti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti aytiladi. Viloyatlarda esa o‘quv yurtlariga kirish nisbatan arzonroq. Shuning uchun moddiy tomondan cheklangan oilalar bo‘lsa, avval viloyatga topshirib turib, 1-2 yildan keyin Toshkentga o‘tkazish yo‘li bilan Toshkentdagi o‘quv yurtiga talaba sifatida kirish yo‘llari ham amaliyotda qo‘llaniladi,- deydi Suhrob Ismoilov.

Joriy yilda Yuridik institutga “kirish narxi”ning 35 mingdan 40 ming AQSh dollari atrofida ekani aytilayapti.

Toshkentdagi oliygohlarga “kirish narxlari”ni o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiiga 25 mingdan 35 ming dollargacha “talab” qilinadi.

Toshkentdagi Iqtisodiyot universiteti va Moliya institutiga bir xil - 20 mingdan 25 ming dollargacha “to‘lash” lozimligi aytilayapti. Toshkent Tibbiyot institutiga bundan sal kamroq “so‘raladi”.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Toshkent Milliy universitetiga kirish uchun beriladigan pora 4 mingdan 20 ming dollargacha bo‘lib, oliygohning huquq va tarix fakultetlarining “narxi” qimmatroq hisoblanadi.

Poytaxtdagi Chet tillar, Avtomobil yo‘llari, Qishloq xo‘jaligi kabi boshqa bir qancha institutlarga fakultetidan kelib chiqib, 4 mingdan 15 ming dollargacha “narx” belgilangan.

Uch yil avval 5000 AQSh dollari evaziga Toshkentdagi Sharqshunoslik instituti talabasiga aylangan vodiylik Nargizaga (ism o‘zgartilgan) ko‘ra, bugungi kunda oliygohga kirish narxi ancha ko‘tarilgan.

- Sharqshunoslik institutiga kirish uchun 8 mingdan 10 minggacha olishadi, kontrakt yoki byudjetiga qarab. Imtihon paytida yoniga odam kiradi. Bitta talaba yoki kattaroq kishi kirib yordam beradi. Bu birinchi usuli. Ikkinchi usuli bitta odam kiradi. Hamma qog‘ozlarni olib ketadi. Boshqa qog‘oz beradi. Bir-ikki soatdan keyin imtihon tugagan paytida olib kirib beradi javoblari bilan. Ya‘ni yechilgan javoblari bilan. Keyin o‘sha qog‘ozni talaba topshiradi,- deydi Nargiza.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyatlarda oliygohlarning nufuziga qarab, student bo‘lish 2000 dollardan 5000 dollargacha baholanadi.

Masalan, Termiz Davlat universitetining “narxi” 2000-3000 dollar atrofida ekanini aytdi ushbu oliygohning domlalaridan biri.

Guliston davlat universitetining ismini oshkor qilmayotganimiz o‘qituvchisining aytishicha, 2000 “ko‘ki”dan bergan abiturent talabaga aylanishi mumkin.

- Guliston davlat universitetida ijodiy imtihonlari bor fakultetlar bor. Pedagogika fakulteti, jismoniy tarbiya fakulteti. Bu yerda taxminan kirish narxi 2000 dollar. Endi bu qanday hal qilinadi? Ijodiy imtihonlarda komissiya tuzilgan. O‘sha komissiya a‘zolari yuqori ballar qo‘yib berishadi. Masalan 70-80 ball o‘sha ko‘kidan 2000 dollarni olgandan keyin. Test bo‘lgan paytda yuqori ball qo‘yilgani uchun test bilan ballni birga qo‘shiladida, keyin shu bilan abituriyent o‘qishga kirib ketadi,- deydi sirdaryolik domla.

Ozodlik so‘rovi: 50 foiz odam pora bilan o‘qish kirmoqchi


Ozodlik saytida yaqinda o‘tkazilgan so‘rovda “Abiturent yaqinlaringiz bo‘lsa, ular bu yil o‘qishga qanday kirmoqchi?” degan savol o‘rganilgan edi.

Ilmiy bo‘lmagan ushbu so‘rovda qatnashgan 368 nafar odamning 50 foizdan ko‘pi “Pora bilan” degan javobni berdi.

“O‘qib, o‘z kuchi bilan” ham talaba bo‘lish mumkinligini ta‘kidlaganlar soni esa 29,3 foizni tashkil qildi.
XS
SM
MD
LG