Линклар

Blog: “Zolotoy” nomerga tobingiz qalay?


Bilgichlarning aytishicha, "zolotoy" bo‘lmasa ham "krutoyroq" nomerlarni 100-200 "qo‘qoniga" olsa bo‘ladi.

Bilgichlarning aytishicha, "zolotoy" bo‘lmasa ham "krutoyroq" nomerlarni 100-200 "qo‘qoniga" olsa bo‘ladi.

Shu kunlarda GAIga yo‘lingiz tushmadimi mabodo? Nafasingizni issiq qiling-e, deysizmi? Uzr, ming bor uzr. Yaqinda o‘sha idoraga ham ishim, ham yo‘lim tushib, toza sarson bo‘ldim-da. Shunga, ha degan tuyaga madad, biror dardkash bormikin, deb so‘ragan joyim...

Mashina raqamini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelib qoldi. Duppa-durust yurgandim, lekin 2013 yilning 1 yanvarigacha yangi namunadagi davlat raqami olish shart ekan. Bir parcha temirni deb Yunusobod GAIsiga (yo‘l harakati xavfsizligi idorasiga) bir necha bor qatnadim.

Birinchi borganimda, turnaqator navbatni ko‘rib yuragim orqaga tortib ketganidan quyonning rasmini chizib qo‘ya qoldim. Ikkinchi gal dushanbada boribman, bu kuni dam olishardi-ku, hardamxayolligimni qarang! Uchinchi marta...

Keling, uchinchi borishda nimalarni ko‘rganimni batafsil aytib beray.

It egasini, mushuk bekasini tanimaydigan izdihom


Yunusobod GAIsining qopqasiga “Eski nomerlarni 2012 yil 31 dekabrgacha yangi namunadagi davlat raqamiga alishtiring!” degan mazmunda shapaloqdek e‘lon ko‘rga hassa qilib ilingan.

Keksa-yosh, erkak-ayol, boy-kambag‘al – barisi anvoyi rusumli ulovini qantarib, nomer olish, teshilgan talonini yangilash, musodara qilingan “prava”sini undirish tashvishida ichkari yo‘nalyapti.

Eshik-oynalarga avtomashinalarda tibbiy quti (aptechka) bo‘lishi zarurligi haqidagi “hasan-husan” plakatlar yopishtirib tashlangan. Haydovchi zoti faromushxotir keladi, eslatilgani zap ish bo‘libdi. Lekin “Tibbiy qutilarni Oxy Med dorixonalaridan olasiz!” degan buyruqnamo chaqiriqqa tushunmadim, to‘g‘risi. Nima, boshqa firmaning tibbiy qutisi o‘tmaydimi? Monopoliyaning hidi kelmayaptimi ehtiyot-shart?.. Mayli, mayli, asosiy masaladan chalg‘imaylik.

Eski nomer va zarur hujjatlarni qabul qilish uchun 6 ta bo‘lma ishlab turibdi. 6 nafar “gaishnik” (lekin lippasiga tayoq qistirmagan ular, idorada o‘tiradiganlar navidan) qo‘li qo‘liga tegmay ishlayapti. Har bir darcha og‘zida 5-6 chog‘li odam. Talabgor hujjat topshiradi, o‘rnini boshqasi egallaydi, karvon qisqargisi kelmaydi.

Men-ku, uchinchi kelishim, bu yerga tanda qo‘ygan haydovchilarning aytishicha, oxirgi haftalarda odam nihoyatda ko‘payib ketibdi. Uzunquloq mahobatlarga ishonsak, bu hali holva ekan, yangi yilga yaqin yana mindi-mindi bo‘lib ketarmish.

Sohibi markablarning aksari sotkasida qulog‘i ding bo‘lib Azamat, Ma‘mur, Ilhom akalari bilan gaplashadi (shu yerda ishlaydigan “tanka”lari, shekilli).

Ilinj – sal ko‘rimliroq raqam olish, ishni tezroq bitkazish.

Eh, o‘chakishgandek, tayoqdorlar orasidan birorta tanish ham orttirmabman, jonimga ora kirardi, axir.

Shu payt anavi mashhur aktyorni ko‘rib qolsam deng. Oti nimaydi, hah, tilimning uchida turibdi, Milliy teatrda ishlaydi, xontaxta filmlarni ham bo‘shatmaydi. Doim mafiya rollarini o‘ynardilar akam, savlatlaridan ot hurkardi. Kinoda nuqul nomiga til kelishmaydigan “inomarka”larda yurardilaru, a? Mo‘minqulning o‘g‘li Qobulqul bo‘lib kelib turibdilar.

Nomer olishda aktyoru kaskadyor (yo‘llarimiz haydovchilarni kaskadyorga aylantirvorgan, ishonavering) barobar ekan-da!

Kim oladi-yo, shuginani-yo?


E‘tibor bersangiz, uch-to‘rtta erkak jam bo‘lsa, ob-havo, narx-navo va “gaishnik”larni muhokama qiladi. Bugun ham gap qoplarining og‘zi lang ochilgan.

Ko‘rkamroq nomerga ko‘z tikkan barzangi haydovchi yonidagi sherigidan chiqimini surishtiradi.

– 101ni 400ga oldi tanishim,– deydi u.

– Yo‘g‘-e! Vaapshe suvtekinga tushibdi! Og‘aynim 707 uchun 800 so‘m otdi,– suhbatga qo‘shiladi po‘rim kiyingan daroz haydovchi.

– 800 so‘mga shunaqa zo‘r nomer olsa bo‘larkanmi, a?– halitdan beri haydovchilar og‘zidan chiqayotgan so‘zlar mag‘zini chaqolmayotgan anoyiroq kishi savolga tutadi Darozni.

– Qanaqa so‘m, 800 “qo‘qon”ga oldi divomman?– “dunyobexabar”ga tushuntirgan bo‘ladi u.

– “Qo‘qon”ingiz nimasi? Farg‘onadagi shaharni aytyapsizmi?– ko‘cha tilidan paqqos g‘ofil kishi yana qovun tushiradi.

Bu gal Daroz o‘zini tutib tura olmaydi:

– Namuncha g‘alchalik qilasiz, “ko‘k”iga – 800 AQSh dol-la-ri-ga!

Boyaqish “tarkidunyochi” oyligini tishining kovagida saqlab-saqlab mashina olgan maktab o‘qituvchisiga o‘xshaydi. Yo, biror ilmiy dargoh tuprog‘ini yalab yurgan olim bo‘lsamikin?..

– Takoy (chiroyli, esda qoladigan demoqchi) nomer olish uchun yo zar, yo zo‘r bo‘lishi kerak. Nomeram kotta biznes bo‘p ketgan! Bo‘tta ishlaydiganlar yil to‘lmay mashinani qattan ovotti bo‘lmasa?– suhbat jilovini yana qo‘lga oladi Daroz.

– Manga desa, 777da yurmaysizmi, gaishnikni qo‘liga tushganda, muomalasini qilmasangiz, emaklatadi baribir!– uning gapini bo‘ladi boshiga oftobpana ko‘zoynak qistirgan, aft-angoridan kirakashligi ko‘rinib turgan yigitcha.

– Aytgancha, 777 nomeri qancha turadi o‘zi?– arini iniga cho‘p tiqqan anavi barzangi haydovchi yana bahstalab savol tashlaydi o‘rtaga.

– Kimoshdiga qo‘yilgan u. Boshlang‘ich narxi 100 million so‘m,– bilag‘onlik qiladi Daroz.

– Uchta bir xil raqamlilar muomalaga chiqarilmagan hali. Daje “Doda”ni mashinalarida ham yo‘q unaqasi!– munozaraga kirishadi “gaishnik emaklatgan” kirakash.

– Uchta yettili nomerni olishga qurbi yetadigan ko‘p, lekin bunaqa “zolotoy” nomerda yuradiganlar organni nazariga tushadi. Och qornim, tinch qulog‘im, puldorlar mundayroq nomerga qanoat qiladi,– vazmin luqma tashlaydi yoshi ulug‘roq amaki.

– “Bunyodkor” stadionini qurvommiz mana! Omon bo‘lsak, yana boshqa “stroyka”larniyam bitkazib beramiz ko‘plashib,– bahsga yakun yasaydi Daroz.

Sizga yolg‘on, menga chin


Olijanob militsionerlarimizning muomalasiga qoyil qolaman-da! Tilidan bol tomadi desangiz, haqqiga kuppa-kunduz kuni xiyonat qilgan bo‘lasiz. Tilidan bol emas, asl shveytsar shokoladlari tomadi! Xizmat madaniyati-chi!

Turnaqator navbatda turganlarning hayhaylashiga qaramay, 3-bo‘lmadagi mayor shartta oynasini yopib, bamaylixotir chiqadi-ketadi. Osmon qo‘lingizda bo‘lsa, tashlab yuboring, zato, mayornig qo‘lida hokimiyat bor!

Amallab bu bosqichdan o‘tganingizdan keyin ariza topshirishingiz kerak.

Mehribonlikni qarang, arizani ham ikkita qo‘li yengil xodim o‘zi yozib beradi, faqat... shu insof yuzasidan 3-4 ming tashlab ketasiz. To‘g‘ri-da, ariza o‘zingizga qo‘yib berilsa, hayajonda familyangizni noto‘g‘ri yozvorishingiz mumkin.

Aytgancha, orada texnik ko‘rikdan o‘tasiz. Mashinangiz “maslo” – yap-yangi bo‘lsa, bir yilgacha bu boshog‘riqdan ozodsiz!

Kassadagi holatni bir ko‘rsangiz edi. 4 ta darcha atrofi pul to‘lamoqchi bo‘lganlar bilan to‘lib toshgan. Tanga, e-e, tanga nima bo‘pti, igna tashlasangiz yerga tushmaydi! Odamlar urush payti nonga navbatda turganmidi.

Sizga yolg‘on, menga chin, dasta-dasta pul ko‘targan sohibi markablar jig‘ibiyron bo‘lib gal kutyapti. “Militsiya ishlamaydi, lekin jaraq-jaraq oylik oladi” deganlar bekor aytibdi. Mana, o‘zining tuz-nasibasidan orttirib, davlat g‘aznasiga ham olamjahon pul tushiryapti baraka topgurlar.

O‘zbekistonda transport vositalari uchun yangi davlat raqami 2008 yildan joriy qilindi. Aslida, hukumat qarori bo‘yicha 2011 yil 1 yanvarda yoppasiga yangi nomerga o‘tilishi kerak edi. Xayriyat, yana ikki yil qo‘shimcha berilgan ekan. Bo‘lmasa, bilmadim, odamlar nomer vasvasasida ko‘rpa-yostiq qilib shu yerga yotvolarmidi...

Yunusobod yo‘l harakati xavfsizligi idorasi faqat shu tumanga emas, Mirzo Ulug‘bek va Olmazor aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.

GAIdagi sarsongarchilik bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Odamlarning qimmatli vaqtini o‘g‘irlamay, har bir tumanda raqam berish yoki jarimalarni qabul qilish bo‘yicha alohida shaxobchalar ochish kerakka o‘xshaydi.

...Sabr tagi – sariq oltin! Nihoyat, mahtalu intizor qilgan yangi raqam ham qo‘lga tegdi. (Bizga “zolotoy” kerak emas, “bronza”si ham bo‘laveradi) Radarga tushmagur kirakashlar topib aytgan: melisa va banisaga ishing tushmasin ekan!..
XS
SM
MD
LG