Линклар

O‘zbekiston davlat telekanallaridan biri Facebook, Odnoklassniki va boshqa shu kabi ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek yoshlarining ongini zaharlayotganini iddao qilib, ular faoliyatini qoralab chiqdi.

Bu haqda Frans Press agentligi xabar qiladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 9 iyul oqshomida O‘zbekistonning “Yoshlar” telekanalida hujjatli film namoyish qilinib, unda ijtimoiy tarmoqlar yadro bombasiga mengzalgan, bu tarmoqlar dushman qo‘lidagi “qurol”ga aylangani ta‘kidlangan.

“Hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlar so‘nggi yillar mobaynida sodir bo‘lgan barcha rangli inqiloblarda tashqi kuchlar uchun qurolga aylangani sir emas”, deyiladi jumladan “Yoshlar”da namoyish qilingan hujjatli filmda.

Unda film bayonchisi pulemyot va yadro qurolini tarixga aylantirgan internet kelajak quroli bo‘lib hisoblanishini urg‘ulaydi va ijtimoiy tarmoqlardagi ma‘lumotlar tobora ko‘proq o‘zbek yoshlari ongini zaharlayotganidan ogohlantiradi.

O‘zbekistonda Facebook tarmog‘ining 130 ming, Odnoklassniki tarmog‘ining 2 milliondan ziyod foydalanuvchisi borligi qayd etilgan filmda mazkur resurslarda joylashtirilgan shahvoniy rasmlar ham namoyish qilingan.

Filmda so‘zlagan “Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi” eksperti ijtimoiy tarmoqdagi blogerni terrorchi bilan qiyoslaydi.

“Agar terrorchi o‘qotar qurol va bombadan foydalangan holda odam o‘ldiradigan bo‘lsa, internetdan foydalanuvchilarni pirovardida “shirin so‘zlar” bilan o‘ldiradilar. Bunaqa ommaviy madaniyat davlatimiz siyosati va mustaqilligimiz uchun bevosita xavf tug‘diradi”, deydi “Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi” eksperti.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, xorijdagi ijtimoiy tarmoqlardan o‘zbek muxolifati va huquq himoyachilari faol foydalanmoqdalar, bu esa rasmiy Toshkentni tashvishlantirmay qo‘ymaydi.

Filmdagi boshqa bir ekspertning “yaqin qarindoshlarimiz ham Facebookning faol foydalanuvchisi bo‘lishi mumkin... bu esa xavf har birimizdan uzoqda emasligini anglatadi” degan so‘zlarini ham bu xavotirning in‘ikosi sifatida qabul qilish mumkin.

Dunyoga mashhur bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar zarari haqidagi ogohlantiruvlar va ular faoliyatini turli yo‘llar bilan cheklashga urinish, yangi media bo‘yicha ekspert To‘lqin Umaraliyev fikricha, G‘arbona demokratiyani xushlamaydigan mamlakatlar rasmiylari tomonidan amalga oshirilmoqda.

- Ijtimoiy tarmoqlar va umuman, internetga nisbatan cheklov joriy qilinayotgan mamlakatlardagi rejimlar, e‘tibor qilgan bo‘lsangiz, xalqaro hamjamiyat tomonidan nodemokratik, ayrimlari esa diktatorlik ustivor bo‘lgan rejim o‘laroq e‘tirof etilgan. Bunday mamlakatlar rasmiylari bitta tugma bosish bilan butun dunyoga ma‘lumot tarqatib yuborish mumkin bo‘lgan internet tarmog‘iga odatda dushmanona nazar bilan qaraydilar, chunki ularning dunyo va o‘z mamlakati aholisida yashirmoqchi bo‘lgan ma‘lumotlari ko‘p. O‘z tsenzorligini esa ular global tarmoqda yoshlar ongi uchun zararli bo‘lgan materiallar ko‘pligi bilan izohlamoqchi bo‘ladilar, - deydi To‘lqin Umaraliyev.

Odatda mahalliy provayderlar faoliyatini to‘la nazorat qiladigan bunday rejim mulozimlari (shu jumladan, maxsus xizmat vakillari) mamlakat fuqarolarini o‘z ta‘sirida tutib turish uchun ularga “mahalliy resurslar”dan foydalanishni, foydalanganda ham o‘z ism-sharifi va shaxsiy ma‘lumotlarini to‘g‘ri ko‘rsatgan holda iste‘foda etishni tavsiya qiladilar. Bundan o‘zbek rasmiylari ham mustasno emas. Dushanba kuni “Yoshlar” telekanalida namoyish qilingan hujjatli filmda yoshlar Facebook tarmog‘ining o‘zbekcha versiyasi hisoblanmish Muloqot.uz va Odnoklassniki tarmog‘ining “o‘rinbosar”i bo‘lgan Sinfdosh.uz tarmoqlaridan foydalanish tavsiya qilingan. Ayni paytda filmda O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlariga shu kunda jozibadorlik, interaktivlik va xabarlar yetishmayotgani e‘tirof etilgan. O‘tgan yildan o‘z faoliyatini boshlagan Muloqot.uz tarmog‘ining hozirda 22000 ming foydalanuvchisi bor. Mazkur tarmoqda anonim shaxs o‘laroq ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘lmagani tufayli internet foydalanuvchilari tanqidiga urchagandi.

Ayni paytda bu O‘zbekistonda yoshlarni zararli ma‘lumotlardan qo‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilk urinish emas. O‘zbek rasmiylari global tarmoqda milliy chegara o‘rnatishga urinayotgani haqida Ozodlik avval ham xabar qilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 2012 yilgi Internet dushmanlari ro‘yxatiga 12 davlatni kiritgan va bu davlatlar orasida O‘zbekiston ham bor. Tashkilotga ko‘ra¸ o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston hukumati Internetdagi mustaqil va muxolif sahifalarni to‘sishda avvalgi yillardan ham faollashgan. Buning oqibatida yil davomida hatto 2011 yilga qadar to‘siqsiz kelgan Regnum va Lenta.ru kabi Rossiya¸ AP, Reuters va AFP kabi ayrim xalqaro axborot agentliklari sahifalari ham to‘sib qo‘yilgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG