Линклар

logo-print

Nur akaning ham tug‘ilgan kunini eson omon o‘tkazib oldik. Butun Qozog‘istonga qo‘shilib men ham to‘yladim. Tug‘ilgan kunni nishonlashni juma kuni boshlab, dushanbagacha o‘ynab kuldik.

Ammo men qattiq siyladim Nur akani, payshanba kuniyoq boshlavordim to‘ylashni, chorshanbada xotin zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi.

To‘g‘rida, men siylamay kim siylasin, “Nazarboyevga kuyov” degan nomim bor (Qozog‘istonlik qizga uylanganman-da).

Nur akangni xalq cheksiz sevadi, telbalarcha sevadi, es hushini yo‘qotguncha sevadi.

Qayga borsang Nurmagazinda xaridingni, Nurkafeda obedingni, Nurmasjidda ibodatingni qilasan. Nuravtodan mashinani ijaraga olib, Nurko‘chalarni kezasan. Kechki salqinda Nurparkda Nur akangning haykali yonida suratga tushasan. Yaqin orada bu ketish bo‘lsa, pivoga to‘yvolib, Nurhojatgayam borsa kerak odamlar.

Nazarboyev ham xalqini sevadi. Sevgisini o‘z kitoblari orqali izhor etadi. Prezident bo‘lgandan buyon yuztadan oshirib kitob yozdi-yov, o‘zi ham. Mana senga sevishu ana senga sevish! Ushbu kitoblar sonini Elboshining elboshilik yillariga bo‘lsangiz bir yilda necha tunlarni el sevgisiga bag‘ishlaganini bilib olasiz.

Bizning O‘zbekboshiyam undan sira qolishmaydi. Professional yozuvchi. Absolyutno hamma joyda hamma narsa haqda yoza oladi. Kitoblari sonini sanab o‘tirmayman, o‘zingiz gugllab-gugllab topib olasiz.

Lekin aniq bilamanki¸ xalqqa muhabbatini kitob orqali izhor qilishda Elboshidan o‘tsa o‘tadiki, aslo ortda qolmaydi. Buning ustiga¸ respublikaning yozuvchiyu shoirlari Yurtboshiga atab yozgan kitoblarini qo‘shsangiz ko‘zingiz tinib ketadi.

Bizning xalq ham qozoq oshnalardan kam sevmaydi Otani. Bo‘sh joy borki Otaning bir-biridan purhikmat gaplariyu, suratlarini ilib qo‘yadi.

Vodiydan to Qoraqalpog‘istongacha yo‘lingizda Otaning turli pozalarda tushgan suratlariyu, oddiy bandalar tushunishi qiyinroq bo‘lgan donish fikrlari hamroh bo‘ladi.

Do‘konu qahvaxonalarni nomlashda yoppasiga otaga sevgi izhorini uchratmadimu, ammo bir zamonlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar “Islom”lashtirilgani esimda bor. Ishqilib yo prezident sovg‘asi umidi edi bu¸ yo prezidentga muhabbat.

Nima bo‘lgandayam bizning Ota kamtargina ekan. Qo‘shnilarga o‘xshab o‘ziga qo‘sha - qo‘sha haykalni tirikligida soldirmadi.

Uzoqni ko‘zlab, ishni puxta qiladi. Ertaga nima bo‘lishini bilib bo‘ladimi. Hademay falakning gardishi chappa aylanib ketsa, u dunyoda yoki biror chet davlatda uch qavat ko‘rpachada lo‘laga yonboshlab, ko‘k choyni xo‘rillatib, televizorni varanglatib, odamlar haykalining boshini koptok qilib, tepib yurganini ko‘rib asabini buzib o‘tiradimi.

Ana ko‘rdi, rahmatli Turkmanboshining arvohi haligacha chirqillab yurganini. Shuncha yelib yugurganini el birpasda unutdi.

Bizning Ota “Mayli, mendan keyin nomimga atalgan bozoru mozorlar, xiyobonu haykallar qolmasin, tug‘ilgan kunim milliy bayram bo‘lmayoq qo‘ysin. Mendan so‘ng kitoblarim qolganiyam yetadi. O‘qishsa o‘qishar, hech bo‘lmaganda makulaturaga topshirishar yoki tappiga tutantiriq bo‘lar” deb o‘ylasa kerak-ov.

Ko‘pincha o‘ylab qolaman, bu ikki prezident bir-biri bilan kim o‘zar o‘ynayaptimikin¸ deb. Kim ko‘p yashashga, kim ko‘p oshashga, kimning unvoni, kimning orden medali ko‘p, kimning so‘zi, kimning o‘zi uzun, minimum o‘ylash, maksimum so‘zlash musobaqasi.

Orden medallarni taqsa shimining etagigacha yetib, ortganini yelkaga qadaydi. Unvonlarni aytmayoq qo‘yay, menimcha ko‘p umr surishiga sabab “Uzuklar hukmdori” unvonini olish umidi bo‘lsa kerak.

Mayli¸ nima bo‘lganda ham¸ erkaliklarini elga ko‘rsatayotgan Elboshilarga es tilab qolaman.

Shavkat Muhammad.

Oqto‘be. Qozog‘iston. 12 iyul. 2012 yil.
XS
SM
MD
LG