Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:30

Frantsiya delegatsiyasi O‘zbekistonga safarini boshlaydi


Frantsiya Mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian.
Frantsiya Mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian.

Frantsiya Mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian boshchiligidagi delegatsiya ikki tomonlama muzokaralar olib borish maqsadida 16 iyul kuni O‘zbekistonga safar qiladi. Buni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma‘lum qildi.

O‘zbekiston va Frantsiya rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralarda qator masalalar, jumladan, Afg‘onistondan Frantsiya askarlari va ularga tegishli bo‘lgan harbiy texnikani O‘zbekiston hududi orqali olib chiqish masalasi ham muhokama etilishi kutilmoqda.

Hozir Afg‘onistonda Frantsiyaning 3 ming 550 nafar harbiysi NATO yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari tarkibida xizmat qilmoqda.

Iyun oyi boshida Frantsiya Prezidenti Fransua Olland frantsuz harbiylari Afg‘onistondan 2012 yil oxirigacha olib chiqilishi haqida bayonot bergan edi.

Mudofaa vaziri Jan-Iv Le Drian boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga kelishidan oldin, ya‘ni, 10 iyul kuni Frantsiya hukumatining diplomatik maslahatchisi Stanislas Lefevr de Labule O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashgan edi.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Uchrashuvda Frantsiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Fransua Gote ham qatnashgan.

Undan oldin elchisi Gotening Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan 11 iyun kungi uchrashuvida ham O‘zbekiston-Frantsiya muloqotining dolzarb masalalari, xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.

Frantsiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda O‘zbekiston va Frantsiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 354 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Bu 2010 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar ko‘p.
XS
SM
MD
LG