Линклар

Voqea guvohlarining ta‘kidicha, gumburlagan portlash ovozi 2-3 chaqirim radiusgacha eshitilgan.

Neksiya yo‘lda harakatlanib ketayotgan paytda portlagan. Portlash natijasida Neksiya bo‘laklarga ajralib ketgan. Bo‘laklardan biri Neksiya ortida kelayotgan Jigulining ustki qismini yulib ketgan.

Guvohlarning aytishicha, haydovchi og‘ir jarohatlanib, shifoxonaga olib ketilgan.

Portlash natijasida gaz balloni o‘rnatilgan Neksiya avtomobili bir uyum temir-tersak holiga kelgan va katta xalqa yo‘lining asosiy qismini to‘sib qo‘ygan.

Portlash zarbidan Neksiya ortidan kelayotgan Jiguli, Matiz, Damas avtomobillari ham qattiq texnik shikast ko‘rgan. Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining pritsepli traktori ham zarar ko‘rgan.

Vaziyatni o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, portlash natijasida bir necha haydovchi va yo‘lovchilar tan jarohati olgan, ayrimlarining jarohatlari og‘ir ekani aytilmoqda.

Voqea Toshkent viloyatining Ohangaron shahriga boruvchi kirakashlar turgan hududga yaqin bo‘lgan va ayrim kirakashlar o‘tkir ruhiy depressiyaga tushgani kuzatilgan.

Katta xalqa yo‘lining bu qismidagi harakatlanish bir soatcha to‘sib qo‘yilgach, soat 11:30 ga kelib, qayta yo‘lga qo‘yildi.

Voqea joyiga Toshkent shahar IIBB rahbariyati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tezkor otryadi va prokuratura xodimlari yetib kelishdi.

Hozirda ko‘chma kriminalistika laboratoriyasi voqea joyida faoliyat olib bormoqda, hudud mirshablar tomonidan qurshab olingan.

Joriy yilning 8 aprel kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Yangiqishloq qishlog‘ida joylashgan AYoQShga gaz quyish uchun kirgan Lasetti avtomobilining gaz balloni portlashi oqibatida 29 yoshli operator yigit Zafar Avazov halok bo‘lgan edi.
XS
SM
MD
LG