Линклар

27 iyul kuni boshlanadigan 2012 yilgi Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun jahonning turli mamlakatlari sportchilari hamda sport idoralari rasmiylari Londonga kela boshladi.

Britaniya poytaxtining Xitrou aeroporti xavfsizlik xizmati matasaddilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, dushanba kuni 236,955 yo‘lovchi yetib kelishi kutilayotgan edi.

Bu ko‘rsatkich har yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 45 000 passajirga ko‘pdir.

Umuman esa, Yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun Londonga jahonning 200 mamlakatidan hammasi bo‘lib 16 ming kishi – sportchilar hamda sport idoralari rasmiylari keladi.

Xitrou aeroporti boshqaruvi vakili Tom Uillisning aytishicha, Londonga kelayotgan ko‘p ming kishilik mehmonlar bilan ishlash uchun 20 tilda so‘zlasha oladigan qo‘shimcha xodimlar hamda ko‘ngillilar jalb etilgan.

-Biz mahalliy jamoalar vakillari bo‘lgan minglab kishini maxsus yolladik va tayyorgarlikdan o‘tkazdik. Ular mehmonlarni London shahri nomidan olqish bilan kutib oladi. Samoletdan tushgan sportchilarni bir xil forma kiygan ko‘ngilli xodimlarimiz yuzlarida tabassum bilan “Londonga xush kelibsiz, Olimpiadada sizga omad tilaymiz”, degan so‘zlar bilan kutib oladi, dedi Tom Uillis.

Xitrou aeroportiga AQSh suv sportchilari tushgan uchoq olimpiyachilarni tashigan dastlabki maxsus uchoqlardan biri bo‘ldi.

Ular Londondan Angliya janubidagi Ueymut shahriga yo‘l oladi. Dengiz sohilida joylashgan bu shaharda Yozgi Olimpiya o‘yinlarining suv sporti musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

AQSh suv sportchilari jamoasi a‘zosi Stiv Brennan o‘zi va jamoadoshlari yetib kelishlari bilanoq juda iliq kutib olinganlarini aytar ekan, jumladan bunday dedi:

-Juda zo‘r bo‘ldi. Londonliklarning o‘yinlarga tayyor ekanligi, ular hayajonda ekanligi ko‘rinib turibdi. Ueymut ham zo‘r shahar. Biz u yerga ketishga tayyormiz.

Mehmonlar yetib kelishining boshlanishi London rasmiylari Olimpiada xavfsizligi yetarli ta‘minlanmagani to‘g‘risidagi tashvishlarni bartaraf etishga urinayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Tashvishlar xavfsizlikni ta‘minlashni o‘z zimmasiga olgan va buning uchun 440 million dollarli kontrakt imzolagan G4S shirkati yetarli xodim yollay olmaganini tan olganidan so‘ng kuchayib ketgan edi.

Britaniya hukumati 3500 harbiy xizmatchini bu masaladagi yetishmovchilikni qoplash uchun jalb etajagini e‘lon qilgan.

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Jak Rogge askarlarning jalb etilishi “xavfsizlik masalasida xotirjamligimizni ta‘minlaydi”, deb dushanba kuni bayonot berdi.

Rogge, shuningdek, Liviya Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Nabil al-Alam dushanba kuni Tripoli shahri markazida o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risidagi xabardan chuqur tashvishga tushganini izhor qildi.

Bir necha kundan keyin liviyalik 5 sportchi 2012 yilgi Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun Londonga uchishi kerak.

Yozgi Olimpiada 12 avgustgacha davom etadi.
XS
SM
MD
LG