Линклар

logo-print

“MTS” savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatgan “O‘zdunrobita” shirkati faoliyatining to‘xtatilishi operator xizmatidan foydalanib kelgan minglab odamlarni sarsonu sargardon qildi.

Uyali aloqa gigantining majburiy ravishda qulatilishi ortidan ikki asosiy raqobatchi – “Bilayn” hamda “Ucell”ning kuni tug‘di. Otning o‘limi – itning bayrami! 17 iyul mobaynida minglab abonentlar nomer olish istagida ushbu ikki shirkat eshiklariga bosh urib bordi. Ahli Toshkent chinakamiga nomer vasvasasi ichida qoldi. “Bilayn” hamda “Ucell” shirkatlarining bosh ofislaridan olingan ayrim suratlarni e‘tiboringizga havola etamiz.

Kimga aza – kimga mazza! “Bilayn” shirkatining bosh ofisi so‘nggi yillarda bu qadar katta izdihomni ko‘rmagandi.
Odamlar ertadan kechgacha raqam olish ilinjida shirkat eshigida sarg‘ayishga majbur bo‘ldi. Bunday katta oqimga tayyor emasligi oshkor bo‘lgan “Bilayn” “Bitta pasportga – bitta sim karta!” tamoyili asosida ish ko‘rdi.

Shirkat ofis ichi mijozlarga to‘lib ketganidan tushdan keyin ko‘chada sayyor xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini tashkil etdi. Ammo bir soatga ham bormay 10 ga yaqin sayyor shaxobcha bisotidagi sim-kartalar uchdi-ketdi.


“Bilayn” shirkatining mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limida oyoq qo‘ygani joy qolmadi. Shirkat mijozlarga hotamtoylarcha sim-karta ulashdi. Ammo sim-karta qo‘lga tegdi degani raqam ishlashiga kafolat emas hali! Operatorlar mijozlarga yangi raqamlar 20-00gacha ishga tushirilishiga va‘da berishdi.



Odam tirband, nafas olishga havo yo‘q, mijozlarning kayfiyati xufton. Ammo operator qizaloqlar og‘zining tanobi qochgan. Axir, bugun ular ko‘chasida bayram, “sezon”ni olib qolish kerak!

“Bilayn” bosh ofis biqinidagi hali ta‘mirdan chiqmagan bo‘lmani ham oshig‘ich ishlatib yubordi. Boriga baraka! Mijozning sazasi o‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsin!


“Bilayn” bosh ofisi joylashgan Buxoro ko‘chasida yig‘ilgan olomonni tartibga solish uchun har yerda hozir militsiya zudlikda yetib keldi. Ko‘cha og‘ziga bir necha mashina ko‘ndalang qo‘yilib, harakat bo‘g‘ib qo‘yildi.


“Ucell”ning Shahrisabz ko‘chasida qaror topgan ofisida ham it egasini tanimaydigan turnaqator navbat yuzaga keldi.


“Ucell” mijozlar oqimi ko‘pligidan ish vaqtini uzaytirdi: uyali aloqa operatori ertalabki 8 dan 21 gacha faoliyat yuritadi. Baraka topkur “Ucell” “Bilayn”dek baxillik qilmadi: bu operatordan bitta pasportga beshtagacha raqam olish mumkin, albatta, navbat yetib kelsa!


“Ucell” zudlik bilan qat‘iy navbat joriy qildi. Ofisda kirishda navbat raqami yozilgan bir parcha qog‘oz olgan mijozlarning nigohi uzzukun monitorga qadaldi. Soat 11-30 larda navbat olgan 358-mijoz 18-00da nihoyat operator yaqiniga kelishga muvaffaq bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG