Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:17

Yevropada o‘g‘irlangan avtomobillar O‘zbekiston va Tojikistonda sotilyapti


BMW X5 avtomobili ham o‘g‘rilar ko‘ziga chiroyli ko‘ringan mashinalardan biri hisoblanadi
BMW X5 avtomobili ham o‘g‘rilar ko‘ziga chiroyli ko‘ringan mashinalardan biri hisoblanadi

Germaniya jinoyat politsiyasi rasmiysining “Shpigel” jurnaliga bergan intervyusiga ko‘ra, Germaniyada o‘g‘irlanayotgan avtomobillarning ko‘p qismi Markaziy Osiyoga, xususan O‘zbekiston va Tojikistonga yuborilgan.

Germaniyada istiqomat qiladigan va ismini ochiqlashni istamagan avtomobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkat rahbarining Ozodlikka aytishicha, Germaniyada qimmatbaho avtomobillar o‘g‘irlash so‘nggi yillarda ancha ko‘paygan. Suhbatdoshga ko‘ra, asosan “BMW X6”, “BMW X5” hamda Mersedes “GL” rusumidagi avtomobillar o‘g‘irlanmoqda:

- Men bu tizimni juda yaxshi bilaman. Lekin bu telefonda aytadigan gap emas. Kelsangiz tushuntirib beraman. Bu ish bilan asosan Germaniyada istiqomat qiladigan, lekin millati nemis bo‘lmaganlar shug‘ullanadi. Qimmatbaho avtomobillar ba‘zan shunday, ba‘zan egalarining “rozi”ligi bilan o‘g‘irlanadi. Bunda mashina egasi ham “o‘g‘irlagan” odamdan ulush oladi, ham “o‘g‘irlangan” mashinasi qiymatini sug‘urta kompaniyasidan to‘laligicha undirib oladi, deydi avtomobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkat boshlig‘i.

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘g‘irlangan avtomobillar asosan ikki yo‘nalish bilan mamlakatdan olib chiqiladi. Birinchisi, Polsha orqali va ikkinchisi shimoliy yo‘nalish - Sankt-Peterburg orqali. Undan keyin, deydi suhbatdosh, o‘g‘irlik izini yiroqlashtirish uchun bu avtomobillar O‘zbekiston va Tojikistonga yuboriladi.

O‘zbekistonda xorijdan keltirilgan qimmatbaho avtomobillar asosan Sirg‘ali avtomobil bozorida sotiladi. Shu bozorda ishlayotgan va ismini ochiqlamagan avtomobil sotuvchisiga ko‘ra, xorij avtomobillarini faqat jismoniy shaxslar sotadi:

- Bizlar moshin sotmaymiz. Mashinalarni egalari sotadi. Endi bular o‘g‘irlanganmi yoki yo‘qmi, bunisini bilmaymiz. Bizni bozorda o‘g‘irlangan degan gap bo‘lmagan, biroq ora-sirada eshitib qolamiz. Bu moshin o‘g‘irlangan ekan, Interpoldan chiqib qopti, deb eshitib turamiz, deydi bozor xodimi.

O‘zbekiston IIV rasmiylaridan bu haqda hech qanday ma‘lumot olishning iloji bo‘lmagan bir paytda, tojikistonlik rasmiylar Germaniyadan o‘g‘irlab keltirilgan o‘nlab mashinalar aniqlanganini ochiqladi.

Tojikiston Bojxona qo‘mitasining kontrabandaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qurbon Abdunazarovning 16 iyul kuni Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, Germaniya politsiyasi ma‘lumotlari va Interpol bilan hamkorlikda o‘ndan ortiq o‘g‘irlangan mashinalar qo‘lga olingan.

O‘zbekiston va Tojikistonda qimmatbaho avtomobillar savdosi katta foyda keltiradigan bizneslardan biri ekanligi aytiladi.

Tojikistonda xorij avtomobillari uchun bojxona to‘lovi arzon. Biroq O‘zbekistonda xorijdan keltirilgan avtomobillarga mashina tannraxining120 foizigacha (Rossiya va Ukraina avtomobillaridan tashqari) bojxona solig‘i solinadi. Biroq bojxona to‘lovi shuncha katta bo‘lsa ham O‘zbekistonga qimmatbaho avtomobillar ko‘plab keltiriladi.

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan Ozodlik manbasining bojxona tizimida ishlaydigan tanishining gapiga tayanib aytishicha, bu katta to‘lovlar hammaga ham joriy qilinmaydi. Katta amaldor shaxslar va bojxona rahbariyatida yaqin tanishlari bor odamlar uchun qimmatbaho xorij avtomobilini arzon narxda rastomojka qilishning imkoni bor, deydi Ozodlik manbasi.
XS
SM
MD
LG