Линклар

logo-print

Aslida, yoz jaziramasida qo‘qqis laylak qor tashlab berganida ham odamlar bunchalik tahlika-sarosimaga tushmasdi. Mamlakat respublika boshqaruvidan voz kechib, shartta monarxiya tuzumiga o‘tganida ham o‘zbek mardum bunchalik xavotir daryosiga g‘arq bo‘lmasdi.

Bir kunda he yo‘q, be yo‘q MTSning 9 milliondan oshiq mijozi ko‘chada qoldi, ha, mubolag‘asiz ko‘chada qoldi. Uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilgan uyali aloqa vositasidan, turmushning daqqi mashaqqatlarida o‘yinchog‘u ovunchoq ulfatidan mahrum bo‘ldi ular. Bilayn, Yusell shirkatlarining kechagina yerda yotsa it iskamaydigan raqamlari otliqqa topilmaydigan arzanda matohga aylandi. Boyaqish odamlar kuppa-kunduz kuni chayqovchiyu olibsotarlarga yem bo‘ldi.

MTSning yopilishi, bu voqea ortidan yuzaga kelgan sarsongarchiliklar atayin uyushtirilgandek...

Uyali aloqa shirkati jinoyat qilgan bo‘lsa bordir (Kim bilsin, rasmiy raqamlarga ham ishonch yo‘q – qudrat egalarining kayfiyatiga qarab anvoyi tilda so‘zlaydi ular).

Xo‘p, MTSning paymonasi to‘libdi, peshonasidagini ko‘rar. Lekin buning uchun nega millionlab abonent jabr chekishi kerak?!

Mutasaddi rahbarlarimizni O‘zbekistonning uchdan bir aholisi taqdiri o‘ylantirmagani qiziq. Masalani yo‘q yerdan muammo chiqarmay, yotig‘i bilan hal qilish ham mumkin edi. Abonentlar ikki oyoq bir etikka tiqilganida – atigi yarim kun oldin emas, bir hafta, boring ana, uch kun oldin ogohlantirilsa bo‘lardi.

Aloqa va axborotlashtirish agentligi MTSni yopishga bir kunda qaror qabul qilmagani aniq. 9 million oilali xonadonni supirib tashlash qarori agentlik raisiga tushida birdan ayon bo‘lib qolganiga ishonadagan anoyi topilmasa kerak.

Boz ustiga, bu masala agentlikdan a-ancha yuqori davralarda hal bo‘lgani shubhasiz.
Inson huquqlari buzilishi deganda ko‘proq so‘z erkinligi, diniy erkinlikning cheklanishi haqida so‘zlanadi. Menga qolsa, MTS mijozlarini ko‘chada qoldirishga jur‘at qilganlar ham inson huquqlarini boplab oyoqosti qildi.

Inson haq-huquqi muqaddas tushunchaga aylangan G‘arbni gapirmay. Shunday voqea sho‘ro quyushqonini biz bilan teppa-teng uzgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarida bo‘lganida (aslida, ularda ham bunday voqea bo‘lmaydi, faraz qilib ko‘ring deyman-da), jabr ko‘rganlar qanday chora qo‘llardi?

Menimcha, qozilar shikoyatu arznomalarga ko‘milib qolardi, mahkamalar eshigi zulfini uzilib, oshig‘idan chiqib ketardi, odamlarni sarson qilgan mansabdorlar bo‘lsa, bor bisotini (so‘nggi chaqasigacha!) kompensatsiya uchun sarflardi.

Mayli, biz o‘zbeklar uchun utopiya gaplardan naql qilib ko‘pchilikka kulgi bo‘lmay. Odamlarning qadr-qimmati hisobga olinmay qo‘yganiga xiyla ko‘nikib qoldik-ku, to‘g‘rimi? Lekin ushbu voqea ortidan davlat hamyoniga keltirilayotgan zararni kim to‘laydi?! Obbo, yana qaysi zararni aytyapsan, birodar deysizmi? Axir, dehqon ketmonini, ishchi dastgohini, tujjor molini tashlab, tirikchiligini yig‘ishtirib, bitta raqam ketidan kunlab chopdi, hali ham chopyapti-ku!..

U emas, bu emas, to‘qqiz milliondan oshiq kishi bir to‘da amaldorlar qo‘lida tajriba quyonchasi vazifasini o‘tab beryapti. Mansabdorlar odamlarning sabr kosasi (kosa nima bo‘libdi, sabr xumdoni!) to‘lgan-to‘lmaganiga yana bir karra ishonch hosil qilyapti. Ayni sinov mobaynida sohibqudratlar odamlar ustidan xandon otib kulyapti, ichagi uzulgudek qotib kulyapti, muzaffarona-zaharxanda kulyapti.

O‘zi shundoq ham iqtisodiy muammolar odamlarni alifdan dolga aylantirib qo‘ygan. Raqam olish tashvishi esa o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Bu voqea “Inson qadri har narsadan aziz” degan shiorlar populizm ekani, odamlar ko‘zini boylash, shamg‘alat qilish uchun o‘ylab topilgan yaltiroq iddaolar ekanini alayno oshkor qildi.

Tasodif (o‘zi dunyoda g‘irt tasodif bormikin?) tufayli qahramonga aylangan Yusell va Bilayn shirkatlari har qancha mijoz bo‘lsa, sifatli xizmat ko‘rsatishga qurbimiz yetadi, deya qop-qop va‘dalar berdi. Biroq ularning qurbi nimaga yetishini hamma ko‘rdi. 16 kilo tosh ko‘tarishga o‘rgangan polvonning yelkasiga 160 kiloli toshni yuklab qo‘ysangiz mayishib ketadi-ku, ular ham shunday uyatli ahvolga tushdi.

Bu hali hammasi emas, tomosha endigina boshlandi. Toshkent sahnasida premera qilingan spektaklning keyingi pardalari viloyatlarda qo‘yiladi. Dunyoning biror davlatida uchramaydigan tomoshadan quruq qolmang!
XS
SM
MD
LG