Линклар

logo-print

O‘zbekiston rasmiylari MTS shirkatini iste‘molchi huquqlarini buzganlikda ayblamoqda. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi saytida e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, “O‘zdunrobita” aholi noroziligini keltirib chiqarayotgan mobil aloqani uzish reglamentini buzgan. MTS shirkatining Moskvadagi idorasi vakillari bu iddaolar mutlaqo asossiz ekanini ta‘kidlamoqda.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (O‘zAAA) “MTS-O‘zbekiston” shirkati faoliyatini to‘xtatganidan bir kun o‘tib, ya‘ni 18 iyul kuni, o‘zining rasmiy saytida e‘lon qilgan press-relizda aloqa operatorini oldindan belgilangan reglamentga rioya qilmaganlikda aybladi.

“Telekommunikatsiya xizmatlari iste‘molchilarining xuquqlarini ximoya qilish maqsadida yuqorida qayd etilgan litsenziyaning amal qilishini to‘xtatishni quyidagi reglament bo‘yicha amalga oshirishga ko‘rsatma berilgan:

Joriy yil 17 iyul kuni soat 18:00 dan boshqa telekommunikatsiya operatorlari tarmoqlararo ulanishi darajasida xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga, shu jumladan Internet tarmog‘iga chiqishni to‘xtatish;

3 kun mobaynida, joriy yil 17 iyul soat 18:00 dan boshlab MChJ shaklidagi “O‘zdunrobita” HK tarmog‘ini O‘zbekiston Respublikasining barcha xududida o‘chirilishini ta‘minlash”, deyiladi matbuot relizida.

Relizda keltirilishicha, O‘zAAA rahbariyati bu masala yuzasidan “O‘zdunrobita”ning yangi tayinlangan bosh direktori bilan uchrashgan va “aytib o‘tilgan reglamentga amal qilish zarurligi to‘g‘risida” ogohlantirgan.

Lekin, “O‘zdunrobita” O‘zAAAning buyrug‘idagi talablarni va o‘z xizmatlari istemolchilarining manfaatlarini inobatga olmay, tegishli choralarni ko‘rmay kompaniyaning infratuzilmasini yuqoridagi reglamentni buzgan xolda o‘chirib qo‘ydi”, deyiladi xabarnomada.

Ayni paytda, MTSning Moskvadagi boshqarmasi matbuot kotibiyati rahbari Yelena Koxanovskaya Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbektelekom” MTSning respublika bo‘yicha barcha magistral aloqa kanallarini o‘zib qo‘ygani, shu bois MTS ichki tarmog‘i ishdan chiqqanini ma‘lum qildi.

- Ularning fikricha, biz 3 kun ichida odamlarni aloqadan uzishimiz kerak ekan. Birinchidan, bu holatda biz aynan ular bergan ko‘rsatmalarga rioya qilmagan bo‘lar edik, chunki qonunga ko‘ra litsenziya tortib olinganidan keyin biz jismonan xizmat ko‘rsatishga haqqimiz yo‘q. Ya‘ni ular o‘zlari o‘rnatgan tartiblarni buzishni bizdan talab qilyapti!

Ikkinchidan, biz bosqichma-bosqich aloqani uza olmas edik, chunki 17 iyul kuni soat kechki 18:00 da “O‘zbektelekom” magistral kanallarimizni o‘chirib tashladi. Shuningdek, Elektrmagnit o‘rindoshligi markazi tomonidan bizga bazali stantsiyalar faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida buyruq kelgan edi. Bularning hammasini inobatga olib, rasman bayonot beramanki, biz odamlarga mutlaqo aloqa xizmatini ko‘rsata olmas edik, deydi MTS rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyul kuni “MTS-O‘zbekiston” faoliyati to‘xtatilishi ortidan respublikada boshqa aloqa operatorlari sim-kartalariga talab oshib ketdi va hozirda, “Uzmetronom” sayti xabariga ko‘ra, Beeline va Ucell kompaniyalarining sim-kartalari narxi 25-30 ming so‘mga ko‘tarilib ketgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston xavfsizlik tizimlariga yaqin ekani aytiladigan Uzmetronom nashri orqali sudlarga hozircha noma‘lum “tashabbuskor guruh” nomidan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi ustidan fuqarolik sudlariga shikoyat arizalari topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani xabar qilindi.

“Tashabbuskor guruh” MTS aloqa operatori o‘chirilishi munosabati bilan 9 millionlik abonentlar nomidan moddiy va ma‘naviy zarar qoplanilishi talabi qo‘yilishi ehtimoli mavjudligini bildirdi.

Yuzaga kelgan vaziyatning murakkablashib borayotganini Ozodlikka tushuntirgan MTS rasmiysi Yelena Koxanovskaya O‘zAAAning mazkur bayonotini “iste‘molchilarning o‘rinli g‘azabini o‘zidan birovga yuklash”, deya baholadi.

- Ular atayin odamlarning aloqa uzilganidan yuzaga kelgan norozilik kayfiyatini yanada oshirmoqda. Bu O‘zAAAga yuborilgan ommaviy shikoyatlar keyinchalik “O‘zdunrobita”ga o‘tkazib yuborish uchun qilinyapti. Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsak, buni kompaniyamiz, mablag‘larimiz va jihozlarimizni egallab olish uchun qilinayotgan harakat sifatida baholamoqdamiz, deydi MTS rasmiy vakilasi Yelena Koxanovskaya Ozodlikka.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi 17 iyul kuni “O‘zdunrobita” shirkatining 2004 yil 28 iyul kuni uyali aloqa xizmati ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyasini 10 kunlik muddatga bekor qildi.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi va unga qarashli barcha filiallarda moliyaviy-xo‘jalik tekshiruvi davom etmoqda.

Bir necha hafta avval O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “O‘zdunrobita” shirkati rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishlarini ochgan va shirkatning bir qator rahbarlarini hibs qilgan edi.

O‘zbekiston prokuraturasi hisob-kitobiga ko‘ra, jinoiy guruhni tashkil etganlikda gumonlanayotgan “O‘zdunrobita” shirkati rahbariyati tomonidan turli to‘lovlar asosida respublika xazinasiga 500 milliard so‘m ziyon yetkazilgan.

MTS-O‘zbekiston aloqasi mamlakatning 94 foiz hududini qamrab olib, 9 million abonentga xizmat ko‘rsatar edi.
XS
SM
MD
LG