Линклар

logo-print

Qosimohunov 2004 yil noyabrida Rossiya mahkamasi tomonidan Hizb ut-Tahrir diniy guruhiga a‘zolikda aybdor deb topilib sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Rossiyaning Oliy sudi 18 iyul, chorshanba kuni O‘zbekiston fuqarosi Yusuf Qosimohunovni vataniga ekstraditsiya etish haqida prokuratura qarori yuzasidan taqdim etilgan apellyatsion arzini ko‘rib chiqdi.

Sud arzchilar da‘vosini asossiz deb topdi va bosh prokuraturaga Qosimohunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya etishga ruhsat berdi.

Joriy yil aprel oyida Rossiya bosh prokuraturasi Qosimohunovni ekstraditsiya qilish borasida qaror chiqargan edi.

Shu bilan Rossiya bosh prokuraturasining Qosimohunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya etish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirdi.

Ayni paytda rossiyalik huquq faollari Rossiya huquq tartibot idoralaridan o‘zbek fuqarosining vataniga ekstraditsiya etmaslikni talab etishmoqda.

Nyu Yorkdagi Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkiloti Rossiyadan xalqaro qonunlarga bo‘ysunishni va O‘zbekiston fuqarosini Toshkentga qaytarmaslikni so‘ragan.

Guruhga ko‘ra, Yusuf Qosimohunov O‘zbekistonga qaytarilsa, qiynoqlarga tutilishi xavfi katta.

1995 yilda Rossiyaga kelgan buxorolik o‘qituvchi Yusuf Qosimoxunov 2004 yil noyabrida Rossiya mahkamasi tomonidan Hizb ut-Tahrir diniy guruhiga a‘zolikda aybdor deb topilib sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. U Rossiyada noqonuniy deb e‘lon qilingan Hizb ut-Tahrir partiyasiga a‘zolikda ayblanib qamoqqa hukm qilingan birinchi shaxsdir.

Uning jazosi so‘ngra yetti yarim yilga tushirilgandi. U jazo muddatini o‘tayotgan davrda O‘zbekiston hukumati Rossiyadan Qosimohunovni jazo muddati tugaganidan keyin ham ushlab turish va O‘zbekistonga topshirishni so‘ragan.

2011 yilning iyun oyida yetti yarim yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqan Qosimohunov zudlik bilan yana hibsga olingan va bunga o‘zbek hukumatining ekstraditsiya so‘rovi asos qilib ko‘rsatilgan edi.

Shu oy boshida Amnesty International tashkiloti ham Rossiya Bosh prokuraturasini Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekistonga berib yubormaslikka chaqirgan edi.
XS
SM
MD
LG