Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:55

Rog‘un GESi qurilishining 5000 ishchisiga javob berildi


Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etayotgan 5000 quruvchi bir yillik ta‘tilga chiqarildi. Bunday harakat Jahon Bankining talabi bilan amalga oshirilgani aytilmoqda.

Yevropa Ittifoqi parlamenti vakili Struan Stivenson seshanba kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rog‘un GESi qurilishida ishlar to‘xtatilgani va besh ming nafar quruvchi ishsiz qolganini bildirdi:

- Biz Jahon Banki o‘tkazayotgan ekspertizani tezlashtirish qudratiga ega emasmiz. Biroq qish faslida chiroqsizlikdan kelib chiqayotgan mushkulliklarni tushuntirib berishga qodirmiz. Ochig‘ini aytganda, Jahon Bankining har bir bahosi bu inshoot qurilishiga ta‘sir o‘tkaza oladi. Biz ekspertiza xulosalari tezroq e‘lon qilinishi tarafdorimiz. Zero hozir ishsiz qolgan besh ming odam muhojirlikka ketishi va bu mutaxassislarning kelajakda tanqis bo‘lishi xavotirga sabab bo‘lmoqda. Biz uchun muhimi inshootning ikki agregati tezroq ish boshlashida. Ana shunda Rog‘un GESi daryo quyidagi davlatlarga qanchalik ta‘sir o‘tkazadi yoki yo‘q, baho berish mumkin bo‘ladi, dedi Yevropa Ittifoqi parlamenti vakili Struan Stivenson.

Ikki yildan buyon bu qurilishda ishlayotgan Eronning “Oriyono” shirkati vakili Farid Fidoiyning Ozodlikka aytishicha, Rog‘un GESi loyihasida ishtirok etayotgan o‘nlab mahalliy va xorijiy tashkilotlar qurilish ishlarini to‘xtatgan:

- Bizga butunlay javob berishmadi, balki bir yillik ta‘tilga chiqarishdi, deydi Farid Fidoiy.

Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etayotgan va ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisning aytishicha Jahon Banki va Tojikiston hukumatining o‘zaro muzokaralaridan so‘ng, qurilishdagi ishlarning butunlay to‘xtatilishi haqidagi qarorga kelingan.

Bu manbaning aytishicha, ekspertiza xulosalari chiqmaguncha Jahon Banki qurilish ishlarini butunlay to‘xtatilishini taklif qilgan. Jahon Banki iddaosiga ko‘ra, sobiq ittifoq davridagi eski loyiha bo‘yicha bunday yirik inshootni qurish mumkin emas.

Jahon Banki Rog‘un GESi qurilishi ekspertizasini 2010 yilda O‘zbekiston hukumatining talabi bilan boshlagan edi va unga oid xulosalarning 2013 yil sentyabrida berilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston hukumati Rog‘un GESi qurilishi Vaxsh daryosi quyida joylashgan mamlakatlar uchun suv tanqisligini keltirib chiqarishi va seysmik zonda joylashgan mamlakatda bunday ulkan suv omborlari qurish xavfli ekanligini iddao qilib, bu loyihaga qarshi chiqib keladi. Bu muammo esa Toshkent bilan Dushanbe o‘rtasidagi munozaralarning asosiy manbasiga aylangan.
XS
SM
MD
LG