Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:15

Toshkentda tramvay piyodani bosib ketdi


Serbia - foreign newspapers, generic photo 06Dec2007
Serbia - foreign newspapers, generic photo 06Dec2007

Tramvay №2


14 iyul soat 11:45da Toshkent shahar 2-tramvay deposi haydovchisi Artyom Lutsev “Tatra” rusumli tramvayda piyodani bosib ketdi. “Poytaxt transporti” gazetasining 20 iyul kuni xabar qilishicha, baxtsiz voqea Ibn Sino mavzesi Beltepa ko‘chasida ro‘y bergan. Ismi ochiqlanmagan yo‘lovchi o‘ta og‘ir jarohatdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.

Tramvay faoliyatiga oid xushxabar ham yo‘q emas. “XXI asr” gazetasiga ko‘ra, Toshkent tramvayining 100 yilligini nishonlashga hozirlik ko‘rilmoqda. Aytilishicha, O‘zbekiston poytaxtida qo‘sh izli transportni barpo etish tarixi 1896 yilga taqaladi. Shu yili Belgiyaning “Sosete jeneral de Beljik” shirkati ko‘magida tramvay jamiyati tuzilgan. Dastlab ot qo‘shilgan vagon – konka qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. 1912 yilda esa konka o‘rnini elektrda harakatlanuvchi rosmona tramvay egallagan.

Eh, uchiraman!


Joriy hafta nemis politsiyasi vakili “Shpigel” jurnaliga Germaniyada o‘g‘irlanayotgan avtomobillarning aksar qismi Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonga jo‘natilishini ma‘lum qildi. Ushbu axborotga O‘zbekiston ichki ishlar idorasi munosabat bildirmadi. Ammo jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi raisi S. Ro‘ziyev “Kuch – adolatda” gazetasi orqali fuqarolarni xorijdan yashirin yo‘l bilan keltirilgan mashinalar oldi-sotdisi javobgarlikka olib kelishidan ogohlantirdi.

Toshkent viloyat bojxona xizmati mineral o‘g‘itlar talon-tarojiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda (“Ekohayot” gazetasi 18 iyul). Mutasaddi idora matbuot xizmatiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Bo‘ka tumanida yashovchi B. Ulug‘bekovning uyidagi maxsus o‘radan 1,3 tonna ammiakli selitra topilgan. Chinoz tumanida “Kamaz” mashinasida 7,1 tonna hujjatsiz ammiakli selitra olib ketayotgan A. Yo‘ldoshev qo‘lga olingan. Zangiotalik F. Imomaliyev uyida 1,2 tonna mineral o‘g‘itni noqonuniy saqlayotgani aniqlangan. Bojxona xizmati mineral o‘g‘itlardan portlovchi modda tayyorlashda foydalanilishi xavfini ham eslatib o‘tgan.

Pul bo‘lsa, o‘qish naqd, chaqaloq ham!..


Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi 30 kishidan iborat jinoiy guruhni uzoq yilga ozodlikdan mahrum qildi (“Inson va qonun” gazetasi, 17 iyul). Guruh a‘zolari Buxoro davlat tibbiyot instituti va Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik texnika institutiga o‘qishga kiritish va‘dasi bilan 80ga yaqin abituriyentdan 2000 dollardan 8000 dollargacha pora olgan.

Jinoiy guruhga Buxorodagi oliy ta‘lim dargohlarida ishlab kelgan Mirkomil Isaboyev va Elmurod Salomov boshchilik qilgan. Gazeta xabariga ko‘ra, bir necha yildan buyon noqonuniy o‘qishga joylab kelgan guruh test payti abituriyentlar bilan aloqa o‘rnatish uchun qimmatbaho Wi-Fi to‘lqinli radioaloqa antennalari va kompyuterlardan foydalangan.

Qarshi shahridagi “Xotin-qizlar maslahatgohi” xususiy shifoxonasi rahbari Zilola Ernazarova chaqaloqfurushlikda ayblanib 9 yilga kesildi (“Iste‘molchi” gazetasi, 19 iyul). Sudlanuvchi jinoiy faoliyatini 2003 yil 31 yanvarda shaxsi aniqlanmagan juvonning bolasini g‘uzorlik er-xotin Norqulovlarga 200 ming so‘mga sotishdan boshlagan.

Keyinroq chaqaloq bahosi keskin oshgan. Masalan, D. Usmonova 1,7 million so‘m va 1,5 millinlik so‘mlik tilla taqinchoqlar, X. Rahmonova 1,8 million so‘m, O.Qobilova 2,5 million so‘m evaziga bola sotib olgan. “Sudlanuvchi turmushga chiqmay homilador bo‘lib qolgan qizlarni shifoxonasiga qamab qo‘yib, och qoldirishga, ko‘zi yorigach, qo‘rqitish va zo‘ravonlik yo‘li bilan bolalarini tortib olib, katta pul evaziga sotishga odatlangan” deb yozadi “Iste‘molchi” gazetasi.

Shu tariqa, Ernazarova sakkiz yil davomida 10 dan oshiq chaqaloqni pullashga muvaffaq bo‘lgan. Tahririyat mudhish qilmishga qo‘l urib kelgan ayolning jinoiy faoliyatiga mutasaddilar shuncha payt e‘tibor qaratmaganidan taajjubga tushadi.

“Chayqovchi diler bilan hamkorlik qilinmaydi”


Joriy hafta O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismi hayotiga bevosita ta‘sir etgan voqea – “O‘zdunrobita” aloqa shirkati faoliyatining 10 kunga to‘xtalishi rasmiy nashrlar tomonidan e‘tiborsiz qoldirildi. Mahalliy nashrlar orasida “Novыy vek” gazetasi ushbu xabarni chop etishni lozim deb topdi. Ayni paytda, mustaqil nashr boshqa operatorlar sim kartalari bahosi oshib ketgani muammosini ham ko‘tardi. Toshkentlik V. Bobkovaning tahririyatga arz qilishicha, “Bilayn” sim kartasini 20 ming so‘mga olishga majbur bo‘lgan. Chayqovchilik holatini izohlagan “Bilayn” matbuot kotibi O. Abdurazzoqov markaziy ofis ustama mablag‘ olgan dilerlar bilan hamkorlik to‘xtatilishini ma‘lum qilgan.

Kompyuter asri


O‘zbekistonliklar kompyuter qarshisida inglizlardan ko‘proq vaqtini o‘tkazadi. “Hurriyat” gazetasi 18 iyul sonida chop etgan “Ijtimoiy tarmoq virtual qarmoqmi?” maqolasiga ko‘ra, Rossiyada har bir foydalanuvchi bir kunda o‘rtacha 10,4 soat, Turkiyada 7,8 soat, O‘zbekistonda 6 soat, Angliyada 5,3 soat vaqtini kompyuter uchun sarflaydi.

Maqolada Facebook, Twitter, Odnoklassniki ijtimoiy tarmoqlarida axloqqa zid, fohishabozlik, bachchavozlik, qonxo‘rlikka undaydigan, mavjud tuzumlarga qarshi sahifalar ko‘payib borayotganidan xavotir bildiriladi. Muallif Internet ustidan nazoratni kuchaytirish va ko‘proq mahalliy tarmoqlardan foydalanishni jo‘yali deb topadi: “Mahalliy uz domenida joylashgan va nazorat qilish imkoni bo‘lgan doira.uz, muloqot.uz, sinfdosh.uz, olam.uz kabi ijtimoiy tarmoqlarni yanada rivojlantirish zamonning o‘zi taqozo etib turgan vazifalardan hisoblanadi”.
XS
SM
MD
LG