Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:27

Qora kursimi yo shohsupa?


Qirg‘iziston sudi London olimpiadasi munosabati bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan sportchi Aysuluu Tinibekovani jinoiy ta‘qib qilishni vaqtincha to‘xtatdi.

Bishkek shahar Lenin tuman sudi 17 yoshli Yasmina ismli qizni kaltaklaganlikda va unga og‘ir tan jarohati yetkazganlikda ayblanayotgan Aysuluu Tinibekova ustidan sud jarayonini London olimpiadasi yakunlanguniga qadar to‘xtatib turish haqida qaror chiqardi.

Ma‘lum bo‘lishicha, sud Qirg‘iziston olimpiadaga tayyorlash markazi rahbari Nazriddin Aqilbekov va murabbiy Nurbek Izabekov iltimosi bilan ana shunday qaror qabul qilgan. Sud qarorida mazkur ikki shaxs sportchi Aysuluu Tinibekovani kafolatga olgani, agar olimpiadadan so‘ng Aysuluu sudga kelmasa, uni kafolatga olganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi qayd etilgan.

Aysuluu Qirg‘iziston tarixida kurash bo‘yicha olimpiada musobaqasiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan yagona qirg‘iz qizi hisoblanadi. Agar sudda u Yasminani kaltaklagani isbotlansa, mahalliy qonunchilikka muvofiq, 5 yilga qamalishi mumkin.

Sud qarori kurashchi qiz Aysuludan jabrlanganini iddao qilayotgan tarafda norozilik paydo qildi. Yasminaning onasi Nurila Qo‘chqo‘rbayeva sud qarori ustidan Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi va sudlar kengashiga shikoyat qilishini aytdi.

- Qizim ruhiy tomondan ham jabrlangan. Ruhshunoslarga murojaat qilganmiz. Uning nafas olishi ham qiyinlashgan, miyasi chayqalgan. Keyingi yili qizimning burnini plastik operatsiya qildirishimiz kerak ekan. Uning ikki burun suyagi singani uchun yaqindagina bitta operatsiyani qildirdik, - dedi Nurila Qo‘chqo‘rbayeva.

Aysuluu Tinibekova o‘ziga bildirilayotgan ayblarni inkor etib keladi. Sportchi qiz matbuot bilan muloqot qilishni istamagani uchun jurnalistlar savollariga uning o‘rniga advokati Timur Janayev javob berayapti.

- Yasminaning ko‘rsatmalari noto‘g‘ri. Bu ikkala qiz mushtlashib ketgan. Bo‘lgan voqea bo‘lib o‘tdi, endi uni unitish kerak. Bularning maqsadlari Aysuluuni olimpiadaga borishiga to‘sqinlik qilish. Mana shu yo‘l bilan jabrlanganlar himoyamdagi odamni shantaj qilishmoqchi, - dedi Timur Janayev.

Aysuluuning murabbiysi Nurbek Izabekov esa jabrlanuvchi tarafdan “Qirg‘iziston sharafini himoya qiladigan qizning bir qoshiq qonidan kechish”ni talab qilmoqda.

- Jabrlanuvchilarning asosiy maqsadi Aysuluuni olimpiadada qatnashtirmaslik bo‘layapti. Bu men uchun tushunarsiz holat. Jabrlanuvchilar o‘z manfaatini qirg‘iz xalqining manfaatlaridan ustun qo‘yishmoqda, - dedi murabbiy.

Aysuluu Tinibekova London olimpiadasida erkin kurash bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan edi. Agar Bishkek shahar sudi Lenin tuman sudi qarorini bekor qilmasa, Aysuluu Tinibayeva Qirg‘izistondan Olimpiadada qatnashgan yagona erkin kurashchi ayol sifatida tarixga kiradi.
XS
SM
MD
LG