Линклар

AQShning Kolorado shtati Avrora shaharchasidagi kinoteatrda 12 odamni otib o‘ldirgan Jeyms Holmsga ayblov e‘lon qilinishi kutilmoqda. AQShda qurbon bo‘lganlar xotirasi uchun besh kunlik motam e‘lon qilindi.

Amerikaliklar Kolorado shtatining Avrora shaharchasidagi kinoteatrda “Betmen” filmini tomosha qilayotganlar o‘qqa tutilgani oqibatida 12 odam nobud bo‘lgani, 58 kishi yaralanganiga motam tutmoqda.

Bu AQShning yaqin tarixida ro‘y bergan eng mudhish hujum ekani aytilmoqda.

Kinoteatrga 20 iyul kuni hujum qilgann 24 yashar Jeyms Holms politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Avrora politsiyasi boshlig‘i Dan Oates hujumda yaralangan odamlarning 30 nafari kasalxonada qolayotgani, ulardan 11 nafarining ahvoli og‘ir ekanini ma‘lum qildi.

Guvohlarga tayanib, Avrora politsiyasi rahbarining aytishicha, yaxshi qurollangan, qora kiyimdagi, protivogaz kiygan jinoyatchi “Betmen” filmini tomosha qilayotgan odamlarni o‘qqa tutishdan oldin ikkita kanisterdagi gazni kinozalda portlatgan.




Voqeadan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan Avrora shahri politsiyasi boshlig‘i Jeyms Holmsda bir necha ming dona o‘q bo‘lganini aytdi.

- U mahalliy qurol do‘konidan to‘rtta qurol sotib olgan. Internet orqali yana olti ming dona o‘q xarid qilgan,- dedi politsiya boshlig‘i.

Xabarlarga ko‘ra, tomoshabinlarni o‘qqa tutgan Holms voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlariga taslim bo‘lgan.

Holms qo‘lga olinganidan so‘ng uning uyiga portlovchi moddalar o‘rnatilgani aniqlandi.

Uy ichiga tortilgan simlar portlovchi moddalarga ulangani uchun qo‘shni binoda yashovchi odamlar xavfsiz joyga ko‘chirilib, zararsizlantirish ishlari olib borildi.

Federal tergov byurosi Kolorado universitetining neyrobiolog aspiranti Jeyms Holms hech qanday terrorchi tashkilotga aloqador emasligini bildirdi. Holms mazkur jinoyatni amalga oshirishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma‘lum.

Pentagon e‘lon qilgan bayonotda kinoteatrda yaralangan tomoshabinlar orasida AQSh armiyasining kamida uch harbiysi bo‘lgani ma‘lum qilingan. Bayonotda Jeyms Holms harbiy xizmatda bo‘lmagani ham bildirilgan.

Saylovoldi kampaniyasida so‘zlagan AQSh Prezidenti Barak Obama Kolorado shtatidagi kinoteatrda amalga oshirilgan hujumdan "dahshat va qayg‘uga tushgani"ni aytdi.

- Biz odamlar xavfsizligini ta‘minlash uchun bor imkoniyatni ishga solamiz. Biz ushbu og‘ir damlarda koloradoliklar bilan birgamiz,- deya bayonot berdi AQSh prezidenti.

Barak Obama hujum qurbonlari xotirasi uchun besh kunlik motam e‘lon qilib, davlat bayroqlarini yarmiga tushirishga buyruq berdi.

Barak Obama va uning bo‘lajak prezidentlik saylovidagi raqibi Mitt Romni dam olish kunlariga rejalangan barcha targ‘ibot tadbirlarini bekor qildi.
XS
SM
MD
LG