Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:18

Blog: Senat raisidan pora so‘rashdi


Ozodlikka murojaat qilayotgan aksar o‘zbekistonliklar¸ mamlakat ta‘lim tizimi¸ xususan maktablarda korruptsiya nihoyatda keng ko‘lam kasb etganini ta‘kidlaydilar.
Ozodlikka murojaat qilayotgan aksar o‘zbekistonliklar¸ mamlakat ta‘lim tizimi¸ xususan maktablarda korruptsiya nihoyatda keng ko‘lam kasb etganini ta‘kidlaydilar.

Oliy Majlis Senati raisi Ilgizar Sobirovdan kuppa-kunduz kuni pora so‘rashdi. Iye, Yoshulli mamlakatda Ikkinchi Odam bo‘lsa (harqalay, qonun shunday deydi), undan kim pul talab qiladi, deya xayolingiz bir joylarga yugurgilab ketdimi?

Oddiy mantiqqa tayanilsa, Ikkinchidan faqat Birinchi domangir bo‘la oladi¸ shunday emasmi?

Yo‘q, yo‘q, ko‘p xavotirlanmang, bosh qonunchi yuziga oyoq qo‘ygan poraxo‘r unaqa katta amaldor emas, Millioninchi, balki O‘n Millioninchi Odamdir. Bor-yo‘g‘i maktab direktori u. Hayron bo‘lyapsiz, a?

Xalq ta‘limi vazirligidagi tanishimning hikoya qilishicha, Voqeaning muxtasar mazmuni tubandagicha:

Shu kunlarda Ilgizar Matyoqubovichning maktab yoshiga yetgan nabirasini o‘qishga joylash masalasi oila “yalpi majlisi”da muhokama qilinadi. Tabiiyki, 28 million fuqaro hayotiga daxldor qonunlar bilan band rais toshi yengil masalaga aralashishni lozim topmaydi: o‘zing bir amallarsan, uqtiradi farzandiga.

Nabiraning oyog‘i yerga tikkizilmay Toshkentdagi dovruqli maktablaridan biriga olib boriladi. Bolakay qudratli zotning zurriyoti ekanligi ochiqlanmasdan (otliq tugul, poyi piyoda ham manmanlikka berilgan zamonda kamtarlikdan asar qolgani qanday yaxshi!) uni maktabga qabul qilish so‘raladi.

Baroqvoy oftobro‘yani tekinga tark etmay qo‘yganiga ko‘p qovun pishig‘i bo‘ldi-ku, maktab direktori, yana deng, Toshkandi azimdagi dovruqdor maktabning direktori masalani bebiliska hal qilarmidi?!

Direktorbuva mehmonlar kimligidan paqqos bexabar “Mayli, so‘rovingiz bosh ustiga, ammo ozroq xarajati bor-da” deydi o‘smoqchilab (vazirlikdagi tanishim Voqea qaysi raqamli maktabda ro‘y bergani, poraxo‘r maorifchi qancha pul talab qilganini aytmadi. Umuman, buning keragi ham yo‘q. Axir, bunday egiz manzaralar mamlakatning deyarli barcha hududida uchraydi-ku)

Har qanday kamtar inson ham g‘azablanish huquqiga ega. Ikkinchining farzandi bu go‘stohlikka chidolmay “Hali ko‘rsatib qo‘yaman senga xarajatni” deya otasi huzuriga – arzga shoshiladi.

O‘z navbatida, bedodlikdan jahl otiga mingan Ilgizar Sobirov hukumat telefoni go‘shagini zardali tutganicha Xalq ta‘limi vaziri Temir Shirinovning raqamini teradi. Salom-alikni nasya qilib, maqsadga o‘tadi: “Domla, Konstitutsiya bo‘yicha ta‘lim bepul deb yurardik, kabinetda o‘tiraverib, o‘qish pullik bo‘lib qolganidan g‘ofil qolibmiz, qarang!”

(Senat raisi vazirga ism-sharifi bilan emas, “Domla” deb murojaat qilgani tasodif emas. Birinchi taxmin: “domla” degan murojaat bilan vazir ham o‘sha poraxo‘r muallimga hamqavm ekaniga ishorat etgan. Ikkinchi taxmin: ushbu xitob orqali rais bir mahallar universitetda huquqdan dars bergani, demakki, maorifchilarga hamkasb ekanini pisanda qilgan: “Amaldorlik hurmati yo‘q ekan, hamkasblik imtiyozi bordir…”).

Xuddi shunday ayblov bilan o‘tmishdoshlarining dumi tugilganiga yodiga tushgan Temir Shirinovich avval ming tavallo bilan ko‘rnamak direktor uchun uzr so‘raydi, keyin bunday unsurlarga qarshi shafqatsiz urush ochishga va‘da beradi.

Ikkinchining mas‘ul vazirga oshig‘ich qo‘ng‘iroq qilganiga ta‘limni o‘pqon kabi domiga tortayotgan illatdan rosmona tashvishlangani sabab bo‘ldimikin? Yo, pisand qilishmagani, oyoq uchida ko‘rsatishgani qattiq botdimikin unga? Bilmadik, bilmadik...

Bilganimiz, shundan keyin Xalq ta‘limi vazirligi tizimida korruptsiyaga qarshi kurash ochilibdi. To‘g‘ri, hali bunga dalolat qiluvchi jiddiy o‘zgarish sezilmadi, lekin vazirlikdagi tanishimning ishontirishicha, bu safar qattiq tozalash bo‘larmish.

...Farzandingiz bog‘chaga borishi kerak. Tilla taqinchoqlarga ko‘milgan mudira xonimning yo‘qchilik haqidagi cho‘pchaklariga ishonmasangiz ham, u talab qilgan pulni yer tagidan bo‘lsayam topib keltirasiz. Bolangiz bog‘chani xatm qildi. Galdagi marra – maktab! Yanada chuqurroq nafas olmasangiz bo‘lmaydi – maktab atalgan pirxonada sizni ziyoli direktor emas, yeb to‘ymas yuho qarshi oladi. Keyin... Keyin nima bo‘lardi, jarayon shu tariqa davom etaveradi. Hammasi evolyutsion yo‘l bilan – bosqichma-bosqich!

Mudir, direktor, rektorlar poraxo‘rlik bobida har qanday arbobni changidan qoldirib ketayotgandek. Shunday tangu tor ahvolda korruptsiyaga qarshi “raisko‘rsin” uchun e‘lon qilingan urush samara bersin-da, ishqilib...
XS
SM
MD
LG