Линклар

Rossiya Bosh sanitar vrachi aholini gamburger va sushi yemaslikka, Amerika va Yaponiyadan "eksport"qilingan bu yemaklar o‘rniga milliy taomlar iste‘mol qilishga chaqirdi.

Gennadiy Onishchenkoning bayonoti Moskvadagi McDonald's restorani mijozlaridan biri sotib olgan McChicken sendvichidan qurt chiqqani to‘g‘risidagi xabar ketidan yangradi.

Interfaks axborot agentligiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Bosh sanitar vrachi, agar sendvichidan qurt chiqqan ayol rasman arz qilguday bo‘lsa, McDonald's restoranida tekshiruv o‘tkaziladi, degan.

Gennadiy Onishchenko tilga olingan restoran mahsulotlarini “egulik atalmish narsalar”, deb atadi.

Shundan so‘ng Onishchenko o‘z g‘azabini gamburgerga sochdi.

- Gamburgerlar, hatto qurtsiz bo‘lsa ham, Moskva va umuman Rossiya aholisi uchun yaxshi ovqat emasligini fuqarolarimiz yodiga solib qo‘ymoqchiman. Gamburger bizning ovqat emas, dedi Gennadiy Onishchenko.

Dushanba kuni Kommersant‘-FM radiosi o‘zini Mariya, deb tanishtirgan ayol bilan suhbat o‘tkazdi. “Mariya”ning aytishicha, u McDonald'sdan sotib olgan McChicken sendvichidan qurt chiqqan.

- Mashinaga o‘tirib, sendvichni yeya boshladim. Yarmidan ko‘pini yeb bo‘layozgan edim, McChicken solingan qog‘oz quti chetidagi qurtga ko‘zim tushib qoldi. Keyin sinchiklab qarab, sendvichdagi salat orasida yana bitta qurtni ko‘rdim, dedi ayol.

Xabarlarga qaraganda, McDonald’s ayolga sendvichning pulini qaytarib bergan.
Restoran rahbariyatidan voqea yuzasidan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Onishchenkoning “Gamburger” bayonoti uning rossiyaliklarga xorijiy taomlar o‘rniga milliy ovqatlarini iste‘mol qilishni joriy yoz davomida ikkinchi bor tavsiya qilishidir.

O‘tgan oyda Bosh sanitar vrach aholiga sushi yemaslikni tavsiya qilgan va shundan so‘ng tekshiruvchilar sushipaz restoranlarni bosgan, ularga 694 000 rublli (21 400 dollar) jarima solgan edi.

Gennadiy Onishchenkoning tibbiy tavsiyalari hamda horijdan u yoki bu oziq-ovqat va ichimliklar importini taqiqlash to‘g‘risidagi farmoyishlari Kremlning siyosiy maqsadlariga uyqash kelib qolishi bilan diqqatni o‘ziga tortadi.

Masalan, o‘tgan yilning dekabrida, Putinga qarshi misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari o‘tayotgan bir paytda Bosh sanitar vrach rossiyaliklarni shamollab qolish xavfi mavjudligi uchun ko‘chaga chiqmaslikka chaqirgan edi.

Gennadiy Onishchenko, shuningdek, Moldova va Gruziya vinolari importini ham o‘z vaqtida taqiqlagan, uning bu qarori Moskvaning Kishinev va Tbilisi bilan munosabatlari juda sovib ketgan davrlarga to‘g‘ri kelgan edi.

Bundan tashqari Moskva Kiyev bilan kelisholmay qolgan davrda Onishchenko Ukraina pishlog‘ini, Minsk bilan kelisholmay qolgan paytda Belarusning sut mahsulotlarini taqiqlagan.

Gennadiy Onishchenkoning gamburgerga bog‘liq bayonoti ortida qanday siyosiy sabab borligi aniq emas.
XS
SM
MD
LG