Линклар

Davlat test markazi e‘lon qilgan bu ro‘yxatda¸ ko‘pchilik taxmin qilgan qator oliygohlar¸ xususan Toshkent Yuridik instituti yoxud Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti kabi nomi ulug‘¸ narxi baland o‘quv dargohlari yo‘q.

O‘zbekistondagi 57 ta oliy o‘quv yurti orasida Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali abituriyentlar orasida eng ommabopi hisoblanmoqda.

Oliygoh qabul bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, joriy yilda mazkur o‘quv dargohida bir o‘ringa 21 abiturent da‘vogarlik qilmoqda.

- O‘zi reja bo‘yicha 90 nafar talaba qabul qilishimiz lozim. 1931 ta abiturent hujjat topshirgan. Buni hisoblasak, bitta o‘ringa 21,5 abiturent to‘g‘ri kelayapti. Hujjat topshirganlar orasida nafaqat viloyat yoshlari¸ balki qo‘shni Andijon, Namangan va boshqa viloyatlardan ham bor, deydi suhbatdosh.

Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali xodimining aytishicha, o‘qish jarayoni amaliyot asosida yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois yoshlar orasida mazkur oliygohda o‘qishga qiziqish ortib bormoqda.

Mamlakatdagi oliygohlar orasida ommapoblik jihatdan ikkinchi o‘rinni¸ Davlat test markaziga ko‘ra¸ bu yili Toshkent Islom universiteti olgan.

20 iyul kuni kuni nihoyasiga yetgan hujjat qabul qilish jarayonida mazkur oliygohda mavjud 110 ta o‘rinning har biriga 13 tadan abiturent hujjat topshirgan.

Toshkent Islom universitetning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, o‘zbekistonlik yoshlarning bu oliygohga qiziqishi yaxshi reklama mahsulidir:

- Avval 900 tadan oshmas edi bizlarda. Bu yil ko‘paydi. Birinchidan, buning ko‘payishiga sabab universitetimizning har juma kuni efirga beriladigan “Ziyo” degan ko‘rsatuv chiqadi. Islom universitetining jivoy reklamasi bu. Keyin respublika bo‘yicha diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha, diniy erkinlik bo‘yicha respublika bo‘yicha bizlarning ustozlar va bizlardagi xodimlar targ‘ibot-tashviqot guruhida yuradi. Bu ham ko‘paytiradi universitetga qiziquvchilar sonini. Imtihonda, o‘qish davomida bizlarda sun‘iy baho qo‘yishlar yoki boshqa qing‘ir masalalar yo‘q. Korruptsiya umuman davlat imtihonlariga ham, o‘quv faoliyatiga ham aralashmagan. Toza o‘qish. Shuning uchun bizlarda qiziqish katta, deydi Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkent Islom universiteti xodimi.

O‘zbekiston Davlat test markazi ma‘sullaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, abituriyentlar orasida mashhurligi jihatdan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinda Qarshi va Termiz davlat universitetlari bo‘lib, bu ikki oliygohda bitta o‘ringa 12 tadan abituriyent da‘vogarlik qilmoqda.

Jami 999 talaba qabul qilinadigan Guliston davlat universitetida esa bitta o‘ringa 11 abituriyent hujjat topshirgan.

Shuningdek, Toshkent Soliq akademiyasi, Andijon davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Andijon tibbiyot institutida bir o‘ringa 10 abituriyent hujjat topshirgan.

O‘zbekiston oliygohlari orasida talab kam bo‘lganlari ro‘yxatida Toshkent Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi, Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya intitutining Buxoro filiali, Toshkent Kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limi, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi va Toshkent Arxitektura-qurilish instituti keltirilgan.

Davlat Test markazi ma‘lumotiga ko‘ra, bu oliygohlarda bir o‘ringa 2-3 ta talabgor bor¸ xolos.

20 iyul kuni O‘zbekiston oliygohlariga abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni yakunlandi.

Davlat test markazining bildirishicha, bu yili O‘zbekiston oliygohlariga 431 500 abituriyent hujjat topshirgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 418 mingdan ko‘proq bo‘lgan.

O‘zbekistonda bakalavrlar uchun ajratilgan kvota 56 ming 600 o‘rinni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqqan holda oliygohlar uchun ajratilgan bir o‘rin uchun o‘rtacha 7,6 odam talabgorlik qilayotgani aniqlangan.

O‘zbekistondagi 57 ta oliy o‘quv yurtida test sinovlari bu yil ham 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
XS
SM
MD
LG