Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:03

Offshor hududlarda O‘zbekistonning 23 milliard puli bekitilgan


O‘zbekistonning yiliga bir milliard dollarlik paxta sotishi inobatga olinsa¸ soliqdan yashirilgan 23 milliard dollar mustaqillikdan beri xorijga sotilgan o‘zbek paxtasi puliga qariyb tengdir.

McKinsey moliyaviy konsalting shirkatining sobiq bosh iqtisodchisi Jeyms Henri tomonidan Tax Justice Network guruhi uchun hozirlangan yangi hisobotda shunday raqam keltiriladi.

Dunyodagi offshor hududlar¸ o‘z mamlakatida qonuniy yoxud noqonuniy topilgan pullarni soliqdan bekitish uchun naq jannatning o‘zi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Wall Streetdagi yirik moliyaviy tashkilotlardan birida ishlayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Farhod Inog‘omboyev.

O‘zbekistonlik moliyaviy tahlilchi bilan offshor hududlar mohiyati va ularda saqlanayotgan O‘zbekiston boyliklari to‘g‘risidagi suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:06 0:00
Бевосита линк


Bugun offshor hududlarda soliq to‘lanmagan 21 trilliondan 32 trilliongacha bo‘lgan mablag‘ saqlanmoqda. Bu esa¸ dunyoning eng qudratli iqtisodi sanalmish AQSh yalpi ichki mahsulotidan ikki baravar ko‘pdir.

O‘zi yillar davomida dunyoning superboylari va boy shirkatlariga moliyaviy maslahatchilik qilib kelgan Jeyms Henri bu raqamni Xalqaro kelishuvlar banki¸ Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xususiy sektor tahlilchilaridan yig‘ilgan ko‘rsatkichlar asosida to‘plagan.

Bu raqamlar esa¸ dunyoning super badavlat shaxslari¸ xususan kambag‘al davlatlardagi milliy boyliklarni o‘zlashtirish hisobiga boyiganlarning bu pullarni xalqaro moliyaviy tizimdagi offshor deb atalmish yoriqda bekitishga muvaffaq bo‘layotganlaridan bong uradi.

Dunyoning iqtisodi taraqqiy qilgan Katta Yigirmaligi rahbarlari soliq tizimlarini shaffoflashtirish maqsadida offshor hududlarni qayta ko‘rib chiqishga ahd qilgan bo‘lsa-da¸ Jeyms Henri offshor hududlarning hamon manbasi shubhali pullarni soliqdan olib qochish uchun mislsiz imkon bo‘lib qolayotganini ta‘kidlaydi. Boylarning o‘z davlatlariga to‘lamayotgan soliqlari miqdori esa¸ hisobotga ko‘ra¸ yiliga 189 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Keyingi 40 yil ichida offshor hududlarga chiqarilayotgan soliqqa tortilmagan pullar harakatini tahlil qilgan Jeyms Henri¸ bu jarayonning 90-yillardan boshlab yangi davrga kirganini ta‘kidlaydi.

Dunyoning eng qudratli imperiyasi SSSR qulab¸ uning tabiiy zahiralarga boy davlatlarida yalpi xususiylashtirish jarayoni boshlangach¸ offshor hududlarga quyilayotgan pullar oqimi yanada kuchaygan.

Buning oqibatida¸ Rossiya¸ Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi neft va gazga boy davlatlarda soliq tizimlaridan bekitilgan pullar miqdori osmonga o‘rlagan.

2012 yilga kelib¸ offshor hududlarda saqlanayotgan pullar bo‘yicha birinchilikni egallab turgan Xitoydan 1 trillion 189 milliard dollar miqdorida pul soliqdan bekitilgan bo‘lsa¸ Rossiya bu borada 798 milliard dollar bilan ikkinchilikka chiqdi. Markaziy Osiyoda bu borada birinchilikni egallagan Qozog‘istondan offshor hududlarda 138 milliard dollar pul bekitilgan bo‘lsa¸ keyingi 17 yil ichida O‘zbekistondan soliqqa tortilmasdan¸ offshorga chiqarilgan pul miqdori 23 milliard dollarni tashkil etgan.

Bu hisobotdagi raqamlar keyingi 30 yil davomida offshor hududlarda dunyoning aql bovar qilmas boyligi to‘plangani va soliq to‘lanmagan bu trillion¸ milliardlarning bir hovuch superboylarning offshor hisoblariga joylanganini ko‘rsatadi.

Jeyms Henri hisobotida qayd etilishicha¸ offshor hududlarda dunyoning turli davlatida yashovchi 10 million odam boyliklari jamlangan. Ayni paytda¸ eng kami 21 trillion deb taxmin etilayotgan bu boylikning teng yarmi¸ 7 milliard odam yashayotgan yer yuzidagi atigi 92 ming odamga tegishlidir.

“Bugun offshordagi ana shu ulkan boyliklari qanday qilib soliqqa tortish yoki bu pulni olib chiqqanlarni ularni o‘z birlamchi vataniga sarmoya sifatida qayta kiritishga rag‘batlantirish mexanizmini topa olsak¸ bu soliq tizimida adolat o‘rnatilishi va bugungi dunyoning qator jiddiy muammolariga yechim topilishiga xizmat qilgan bo‘lardi”¸ deydi hisobot muallifi Jeyms Henri.
XS
SM
MD
LG