Линклар

Tojikiston sharqida vaziyat og‘irligicha qolmoqda


Ishkoshimdagi chegara zastavasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan xorug‘lik Tolib Ayyombekov.

Ishkoshimdagi chegara zastavasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan xorug‘lik Tolib Ayyombekov.

Tojikiston sharqida milliy xavfsizlik qo‘mitasi generalini o‘ldirganlikda ayblangan chegara zastavasi boshlig‘i Tolib Ayyombekov hukumat kuchlari bilan bo‘lgan to‘qnashuvdan so‘ng Afg‘onistonga qochib o‘tdi. Bu haqdagi xabarni Ozodlik radiosining tojik xizmatiga ichki ishlarda xizmat qilayotgan manba aytdi.

Qurbonlar soni 42 nafarga yetdi


Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Xorug‘ shahrida olib borilgan harbiy amaliyotlar chog‘ida 30 nafar janggari va 12 nafar hukumatga qarashli kuchlar vakillari halok bo‘lganligi haqida xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, shuningdek, g‘ayriqonuniy qurolli guruhlarning 40 nafar a‘zosi ham qo‘lga olingan. Ularning 8 nafari Afg‘oniston fuqarolaridir.

Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmatining matbuot xizmati rahbari Nozirjon Bo‘riyevning aytishicha, bu amaliyot davomida 100dan ortiq o‘qotar qurollar musodara qilingan. Unga ko‘ra, hukumat kuchlaridan 23 kishi tan jarohatlari olgan. Nozirjon Bo‘riyev tinch aholi orasida talafot yo‘qligini aytdi.

Qurolli guruh yo‘q qilindi


Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida qurolli jangarilarga qarshi olib borilayotgan harbiy amaliyotlar davomida 20 kishi o‘ldirildi. Ular orasida Tolib Ayyombekovning o‘g‘li va noqonuniy tuzilgan qurolli guruh rahbari Yodgor Shohmusallamovning ham borligi aytiladi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasida ishlayotgan manbaga ko‘ra, qurolli jangarilarga qarshi olib borilgan amaliyot nihoyasiga yetgan.

24 iyul kuni ertalabTojikiston milliy xavfsizlik xizmatining matbuot xizmati rahbari Nozirjon Bo‘riyev "Xorug‘ shahrida jinoyatchilar guruhini ushlash va yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot boshlangani" haqida gapirgan edi.

Seshanba kuni tongdaTojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining "Jahonnamo" televideniyesi orqali tarqatilgan bayonotida Afg‘oniston bilan chegaradosh Ishkoshim tumanidagi chegara zastavasi boshlig‘i Tolib Ayyombekovning jinoiy guruhi Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Abdullo Nazarovni o‘ldirganlikda ayblangan edi.

Harbiy amaliyot davomida Tog‘li badaxshon viloyatida 20 kishining o‘ldirilgani aytiladi. Shuningdek Itar-TASS xabariga ko‘ra, hukumat kuchlaridan ham 9 kishi halok bo‘lgan va 25 kishi yaralangan.

Xorug‘ shahrida istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, harbiy amaliyotlar asosan shaharning Tolib Ayyombekov istiqomat qiladigan "Xlebzavod" mahallasida olib borilmoqda. Bu manba hatto tinch aholi orasida ham qurbonlar borligini aytadi. Xorug‘ shahrida istiqomat qiladigan ko‘pchilik aholi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z uylarini tark etgan.

Tolib Ayyombekov guruhiga qarshi janglarda Prezident gvardiyasi, OMON, ALFA, MXQ va IIV qo‘shinlari safarbar etilgani aytiladi.

24 iyul, ertalab


Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hududida Milliy xavfsizlik qo‘mitasining mintaqaviy rahbari¸ general Abdullo Nazarov o‘limida gumonlanganlarni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazildi. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga bugun Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Nozirjon Bo‘riyev ma‘lum qilgan edi.

- 24 iyul tongida Horug‘ shahrida uyushgan jinoiy guruh a‘zolarini tutish bo‘yicha amaliyot boshlandi, - dedi jumladan Nozirjon Bo‘riyev.

“Markaziy Osiyo yangilik xizmati” sayti esa o‘zining Xorug‘dagi manbasiga tayangan holda u yerda ertalabki soat to‘rtdan beri vertolyotlar ishtirokida maxsus amaliyot o‘tkazilayotgani, shaharga kirish va chiqish yo‘llari vaqtincha yopilgani haqida xabar tarqatdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, kecha tushdan keyin davlat xizmatchilariga ishxonalaridan javob berib yuborilgan va bugun ham ular ishga chiqmagan.

Operatsiyaga generalning o‘ldirilishi sabab bo‘ldi


Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Badaxshon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdullo Nazarov 21 iyul oqshomida Ishkoshim tumanida o‘ldirib ketilgandi. General Nazarov o‘limi bilan bog‘liq holda Tojikiston prokuraturasi mamlakat Jinoyat kodeksining 3 moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Bu haqda 23 iyul kuni matbuot anjumanida so‘zlagan Bosh prokuror Sherxon Salimzoda mazkur qotillik yuzasidan tergov ishini o‘z muovini, Tojikiston bosh harbiy prokurori Xayrullo Saidov muvofiqlashtirayotganini aytgandi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Davlat milliy xavfsizlik xizmati bugun e‘lon qilgan qo‘shma bayonotda esa dastlabki surishtiruv chog‘ida general Nazarovga hujum “Ishkoshimdagi chegara zastavasi boshlig‘i bo‘lib ishlovchi xorug‘lik Tolib Ayyombekovning noqonuniy qurolli guruhi tomonidan amalga oshirilgan”i qayd etiladi.

“Ayyombekov va uning tarafdorlari tergov idoralarining o‘z ixtiyori bilan kelib, taslim bo‘lish taklifini rad etdi. Tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishining oldini olish maqsadida respublika prezidenti topshirig‘i bilan tarkibida xalq deputatlari, hukumat a‘zolari, huquq-tartibot idoralari vakillari, davlat va jamoat arboblari, ziyolilar va din arboblari hamda viloyat faollaridan iborat komissiya tuzilgan, ular uch kun mobaynida Ayyombekov va uning tarafdorlariga qurolni tashlab, huquq-tartibot idoralariga jinoyatchilarni topshirish taklifi bilan bir necha bor uchrashgan”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

"Ayyombekov taklifni qabul qilmadi"


Tojikiston maxsus xizmatlari ta‘kidicha, Ayyombekov bu takliflarga keskin shaklda rad javobini bergan va qurolli qarshilik ko‘rsata boshlagan.

“Shu vajdan huquq-tartibot idoralari va kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan Xorug‘ shahridagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uyushgan jinoiy guruh a‘zolarini tutish va javobgarlikka tortish maqsadida 24 iyul tongida maxsus amaliyot o‘tkazila boshlandi”, deyiladi bayonotda.

Maxsus xizmatlar qaydiga ko‘ra, jinoiy guruh tuzgan va og‘ir jinoyatlar, xususan, banditizm va boshqa jinoyatlarni amalga oshirgan Ayyombekov bir necha yillardan buyon narkotik, tamaki mahsulotlari va qimmatbaho toshlar kontrabandasi bilan shug‘ullanib kelgan.

Avvalroq Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik xizmati matbuot kotibi Nozirjon Bo‘riyev Ozodlik radiosining tojik xizmatiga 21 iyul kuni pichoqlab ketilgan general Nazarov o‘limida hududda tamaki kontrabandasi bilan shug‘ullangan kishilar aloqadorligi haqida so‘zlagandi.

Marhum general kim edi?


O‘tgan shanba Horug‘ shahri yaqinida o‘ldirib ketilgan Abdullo Nazarov 2010 yilgacha Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasida rais o‘rinbosari lavozimida ishlagan, undan avval esa DMXQning So‘g‘d viloyat boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

2010 yil noyabrida Qirg‘iziston matbuoti DMXQning bu mulozimini Qirg‘izistonda hokimiyatdan qulatilgan prezident Qurmonbek Bakiyevning yaqinlariga boshpana berganlikda ayblab chiqqan, Nazarov esa bu ayblovlarning barchasini rad qilgan va “ular Tojikistondagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan”, deya bayonot bergandi.

O‘tgan yili matbuotga bergan bayonotida esa general Nazarov rasmiy Toshkentni ayblab chiqqandi. Unga ko‘ra, quvg‘indagi polkovnik Mahmud Xudoyberdiyevni qo‘llayotgan O‘zbekiston rasmiylari uning Tojikistonga qarshi qaratilgan faoliyatiga to‘sqinlik qilmayapti.

Abdullo Nazarov, ma‘lumotlarga ko‘ra, SSSR davridan buyon xavfsizlik sohasida ishlagan tajribali zobitlardan bo‘lgan. 1991 yili “Charog‘i ro‘z” mustaqil haftanomasiga intervyu bergan Nazarov 1990 yil fevral voqealarini uyushtirish ishiga KGB (DXQ) mas‘ul ekanini aytib chiqqan. Eslatib o‘tamiz, 1990 yil 12 fevralida Dushanbe markazida o‘tayotgan miting ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan, o‘shanda rusiyzabon aholining mulki talangandi. Mazkur intervyudan keyin Abdullo Nazarov KGBdan bo‘shatilgan.

Ammo 1992 yil bahorida Dushanbe markazidagi Shahidon va Ozodi maydonlarida mitinglar boshlanib ketgan paytda Nazarov yana matbuot eng ko‘p iqtibos keltiradigan shaxslardan biriga aylanib qolgandi. Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida (1992-97 yillar) Nazarov “muxolifat tomoniga o‘tib, ularga yordam berib yurgan” qabilidagi gaplar ham tarqagan. Tinchlik haqida bitim imzolanganidan keyin esa uni 30 foizlik kvota asosida muxolifat tomonidan Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi saflariga qabul qilganlar.
XS
SM
MD
LG