Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:20

Oliy o‘quv yurtlarida o‘qish 10 foizga qimmatladi


Uzbekistan - university entrants in Tashkent
Uzbekistan - university entrants in Tashkent

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi mamlakat oliygohlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishning yangi narxlarini tasdiqladi.

Endi “yurisprudentsiya”, “xalqaro munosabatlar”, “xalqaro iqtisodiyot” mutaxassisliklari O‘zbekistonda eng qimmat sohaga aylandi – ularda o‘qish uchun bir yillik bakalavriat uchun 4 800 000 so‘m, magistratura uchun esa 5 250 000 so‘m to‘lanadi.

Eng arzoni pedagogika yo‘nalishidagi ta‘lim bo‘ib¸ mazkur soha bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talaba bakalavriat uchun 3 300 000 so‘m, magistratura uchun esa 3 580 000 so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu avvalgi narxdan 10 foiz baland.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi rasmiylari o‘qish narxlari oshishi sabablarini hozircha izohlamadi.

O‘zbekistonda o‘qish narxlari oshishiga qaramay bu yil mamlakat tarixida rekord sonda, qariyb yarim million abituriyent talabalikka da‘vogarlik qilmoqda.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari 2012-2013 o‘quv yilida 56,6 ming nafar abituriyentni qabul qiladi.

- Bu yilgi qabul reja tasdiqlangan.2012-2013 yilga umumiy soni 56 607 kishi. Shuning ichida grantlar bo‘yicha 19 340, to‘lov-kontrakt bo‘yicha 37 267 talaba bu yil qabul qilinadi, deydi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Toshkentlik Gulruh bu yil talaba bo‘lishlikka da‘vogarlik qilayotgan minglab abituriyentdan biri.

- Oldimga talaba bo‘lishim kerak¸ degan maqsadni qo‘ydim. Hozir Chet tillar institutiga hujjat topshirdim, ko‘ramiz. Konkurentsiya bu yil kuchli. O‘z bilimiga ishonganlar ham hozir kiramanmi, deb o‘ylanib turibdi.Hozirgi paytda ham bilim¸ ham pul bo‘lmasa O‘zbekistonda, menimcha o‘qishga kirish qiyin, deydi Gulruh.

Kirish uchun pul, kirgandan keyin yana pul


Oliy ta‘lim O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi. Mamlakatda sovet davridan meros qolgan "pul bilan o‘qishga kirish" mustaqillik davrida yanada chuqur ildiz otdi.

- Hozir O‘zbekistonda talaba bo‘lish juda qimmatga tushayapti. O‘qishga kirish uchun berish kerak. Kirgandan keyin ham kontrakt puli deydi, u ham yiligi ming dollarning tepasida. Hozir test savollari juda qiyin, maktab programmasidan ham qiyin qilib qo‘yishibdi. Ataylab grantga kirmasin deb, yana tanish-bilishchilik qilib kiritish uchun, buni ataylab qiyinlashtirib qo‘yishibdi¸ deydi bu yil qizini o‘qishga kiritishga shaylanayotgan xorazmlik Komiljon aka.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishning qanchaga tushishini maxsus o‘rgangan Ekspert Ishchi guruhiga ko‘ra¸ eng qimmat o‘quv yurtlari Toshkent Yuridik instituti va Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti bo‘lib, ularga kirish abituriyentga 40 ming dollarga tushishi mumkin.

Eng arzoni esa jurnalistika va xorijiy tillar fakultetlari. Ammo ular uchun ham kamida 5000 dollar kerak.

- Hammasini orzusi nima qilib bo‘lmasin o‘qish, oliy dargohda o‘qish. Lekin bu dargohni tugatganidan so‘ng ish topish qiyin. Mana yaqinda o‘rtog‘imni o‘g‘li Yuridik institutini tugallab ish topaolmay yuribdi. Prokuraturada ish bor debdi, 50 ming dollar so‘rashibdi ishga kirish uchun. Ana shunaqa, deydi Komiljon aka.

So‘nggi ikki oy ichida O‘zbekistonda bir qator institut o‘qituvchisi poraxo‘rlikda qo‘lga tushdi.

May oyida Guliston Davlat universitetining ikki nafar o‘qituvchisi abituriyentlardan pora olayotgan mahal ushlandi.

O‘tgan oy Toshkent Davlat Yuridik institutini uzoq vaqt davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyev rektorlik lavozimidan bo‘shatildi.

Rustamboyevning ham qabul jarayonidagi korruptsiya uchun ishdan ketgani taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG