Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:17

Ozodlik Online: Abituriyent, testga tayyormisiz?


1 avgust kuni O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Bu belgilovchi kun yaqinlashar ekan¸ har bir abituriyent¸ o‘z bilim darajasi va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib¸ unga tadorik ko‘rmoqda.

Davlat test markazining bildirishicha, bu yili O‘zbekiston oliygohlariga 431 500 abituriyent hujjat topshirgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 418 mingdan ko‘proq bo‘lgan. Bu mustaqil O‘zbekiston tarixida umumiy abituriyentlar soni bo‘yicha hozirga qadar qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonda bakalavrlar uchun ajratilgan kvota 56 ming 600 o‘rinni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqqan holda oliygohlarga ajratilgan har bir o‘rin uchun o‘rtacha 7,6 abituriyent talabgorlik qilmoqda.

Kirish imtihonlari atrofidagi poraxo‘rlik va har xil hiyla-nayranglar alohida muammo.

Masalan, yaqinda birgina Buxoro viloyatida 35 odam Buxoro shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Buxoro oliygohlari o‘qituvchilaridan iborat bu guruh¸ sud hukmida qayd etilishicha¸ 79 ta abituriyentdan, ularni o‘qishga kiritish maqsadida, 2000 dan 8000 gacha dollar pul olgan.

Ayblovga ko‘ra¸ abituriyentlarni o‘qishga kiritish rejasini amalga oshirish uchun, ushbu guruh jami bo‘lib 45 ming dollar sarflab, radiosignalli antennalar va boshqa ko‘plab texnikalar sotib olgan.

O‘zbekiston bo‘ylab bunga o‘xshash voqealar har yili bot-bot takrorlanib turadi.

Boshqa tomondan, testga asoslangan imtihon tizimi, mustaqil kuzatuvchilar nazarida, abituriyentning bilim va intellektual salohiyatini namoyish qilmaydi.

Ba‘zi oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari olinmay, oliygoh nazoratidagi ijodiy imtihonlar bilan cheklanadi.

2006 yildan boshlab, harbiy xizmatga borib kelgan yigitlarning test imtihonlarida yiqqan ballariga juda katta ball qo‘shib beriladigan bo‘ldi.

Bu esa, bilimli, lekin harbiy xizmatga bormagan yigitlar imkoniyatini ancha pasaytirdi. Bu tartib¸ ayniqsa, qizlarga katta muammo yaratdi. Chunki o‘zbek jamiyatidaqizlarning harbiy xizmatga borish imkoniyatlari nihoyatda cheklangan.

Ozodlik Online dasturining keyingi dushanba, 30 iyul kuni, Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da Ozodlik Internet sahifasida efirga ketadigan yangi soni “Abituriyent, testga tayyormisiz?” degan savolga bag‘ishlanadi.

Dastur davomida, Ozodlik mushtariy va tinglochilari bilan birgalikda ko‘plab savollarga javob izlaymiz. Jumladan, “Sizning nazaringizda, test imtihonlari yoshlarning ilm-salohiyatini qanchalik sinay oladi?”, “Imtihonlar, qanchalik tanish-bilishlarsiz, poralarsiz va xolis bo‘lmoqda?”, “Harbiy xizmatning test sinov natijalariga ta‘sir qilishini qanday baholaysiz?” kabi savollar atrofida fikr almashamiz.

“Ozodlik Online” dasturida o‘zbek jamiyatining ilg‘or vakillari bilan haftaning eng asosiy voqealari, millatning eng dolzarb muammolari muhokama etiladi.
Dasturni har dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da www.ozodlik.org hamda Ozodlikning “Facebook” sahifasida jonli eshiting!

“Ozodlik Online” tinglovchilari dastur davomida Skype orqali (ozodskype) to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga chiqib ochiq muloqot ishtirokchisiga aylanishlari mumkin.

“Ozodlik Online” dasturida Ozodlikning “Facebook” va “Twitter” dagi sahifasi orqali ham qatnashish mumkin. Ayni paytda savol va sharhlaringizni +420 724 971 539 raqamiga SMS tarzda yo‘llashingiz mumkin.

Biz bilan bog‘laning! O‘z fikrlaringizni bildiring!

Ozodlik Online – Siz uchun munosabat bildirishning eng qulay imkoniyati!
XS
SM
MD
LG