Линклар

logo-print

Toshkentni O‘sh bilan bog‘lovchi magistral yo‘lning Qamchiq dovonidagi qismi ta‘mirlana boshlandi. Bu loyiha ijrosi uchun 211 million AQSh dollari sarflanadigan bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlik radiosiga ma‘lum qilgan Respublika Yo‘l jamg‘armasi mulozimiga ko‘ra¸ bu pulning 44 million dollarini O‘zbekiston hukumati ajratadi.

O‘zbekiston tarafi ajratgan 44 millionning 30 millioni soliq va bojxona imtiyozlari tarzida hisoblandi.

14 millionga yaqin qismi esa¸ O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Respublika Yo‘l jamg‘armasidan ajratildi.

Qolgan 167 million dollarni esa Osiyo Taraqqiyot banki qarz tarzida ajratadi¸ dedi ismi aytilishini istamagan mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Qamchiq dovonining 116-kilometridan 190-kilometrigacha bo‘lgan qismida ta‘mirlash ishlari boshlangan.

Yo‘lni rekonstruktsiya qilish bo‘yicha ushbu loyihaning 2014 yili tugallanishi kutilmoqda.

2011 yilning dekabr oyida O‘zbekiston hukumati Osiyo Taraqqiyot banki bilan A-373 raqamli Toshkent-O‘sh yo‘lini rekonstruktsiya qilish yuzasidan qarz kelishuvini imzolagan edi.

Bu kelishuvga ko‘ra¸ Osiyo Taraqqiyot banki 130 million dollarlik ilk transhni loyiha rejasi uchun o‘tkazgan.

O‘zbek milliy avtomagistrali - ustivor loyiha

"O‘zbek milliy avtomagistrali" dasturi hukumat tarafidan 2012 yilda qabul qilindi. 2005 yilda esa¸ ichki yo‘llarni yaxshilash haqida prezident qarori qabul qilingan edi.

“O‘zavtoyo‘l” davlat shirkati yetakchi mutaxassisi Shohrux Hakimovga ko‘ra¸ Osiyo moliya tizimlari ajratadigan sarmoya katta magistral yo‘llarga sarflanadi.

“O‘zavtoyo‘l” mulozimi "2011-2015 yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbek milliy avtomagistrali" loyihasi haqida ma‘lumot berdi.

Bu ma‘lumotga ko‘ra¸ magistral yo‘llarning 2306 kilometri, shu jumladan 1410 kilometrlik qismi quriladi va rekonstruktsiya kilinadi, 896 kilometrlik qismining qoplama va geometrik o‘lchamlari 10 tonnalik og‘irlik-me‘yoriy birlikdan 13 tonnalik og‘irlik birligiga o‘tkaziladi.

"O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi uchun xorijdan keltiriladigan asbob-uskuna va texnik jihozlarga boj to‘lovi 2016 yilning 1 yanvariga qadar bekor qilingan"¸ deydi Hakimov.
XS
SM
MD
LG