Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:30

Obid qoriga suiqasdda gumonlangan o‘zbeklar oqlandi


Sudlanuvchi Nodira Aminova sud binosiga olib kirilmoqda.
Sudlanuvchi Nodira Aminova sud binosiga olib kirilmoqda.

Shvetsiyaning Ostersund shahar sudi taniqli ulamo Obidxon qori Nazarovga suiqasd uyushtirgan shaxsga yordam berganlikda gumonlangan ikki o‘zbekistonlikni aybsiz deb topdi.

Sudya Marit Okerblom taniqli imom Obid qori Nazarovga suiqasd qilgan shaxsga yordamlashganlikda ayblangan ikki O‘zbekiston fuqarosini 26 iyul kuni aybi tasdiqlanmagani uchun oqladi.

Mahkama Bahodir Po‘latov hamda Nodira Aminovalarni O‘zbekistonga deportatsiya qilish borasidagi prokuror talabini ham rad etdi.

Ozodlik tasarrufiga payshanba kuni kelib tushgan 40 varaqlik sud hukmida 1981 yili tug‘ilgan Bahodir Po‘latov hamda Nodira Aminovalarning ehtimoliy qotilga¸o‘zlari bilmasdan va yomon niyatda bo‘lmasdan yordam bergani bois oqlangani urg‘ulanadi.

Mahkama qarorida dissident imomga qilingan hujum ortida Shvetsiyadan tashqaridagi tashkilot turgani va hujumning siyosiy sababga ega ekanligi e‘tirof qilingan.

Sudya bilan gaplashgan Ozodlik muxbiri Richard yozyakga ko‘ra, ayblanuvchilar ustidan chiqarilgan qaror Shved adliyasining asosiy tamoyili aybsizlik prezumptsiyasiga uyg‘un.

Har ikkala ayblanuvchi ehtimoliy qotilga yordam berishganida ularning hech birida Obid Qori Nazarovni o‘ldirish niyati bo‘lmagan.

Ayni vaqtda sudlanuvchilarning suiqasd ijrochisi niyatidan habardor bo‘lgani ham sudda tasdig‘ini topa olmagan.

Hakamlar sudlanuvchilar o‘zlari bilmagan holda ehtimoliy qotilga yordam berdi degan versiyaga ishongan.

Qoralovchi prokuror har ikkala ayblanuvchining aybli ekanini yetarli darajada isbot qila olmagani ham sudyaning oqlov qarori uchun asos bo‘lgan.

O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar 19 iyul kuni Shvetsiyadan chiqmaslik sharti bilan sud hukmi e‘lon qilingungacha ozodlikka chiqarilgan edi.

O‘tgan hafta ayblanuvchilarning advokatlari Ozodlikka o‘z mijozlarining mutlaq oqlanishi borasida ishonch bildirgan edi.

Sud jarayonida Bahodir Po‘latovni himoya qilgan advokat Yan-Oke Nistryom o‘z mijozining bilmagan holda ehtimoliy qotilga yordamlashganiga hakamlarni ishontira olganini aytgan edi.

- Men o‘z mijozimning (Bahodir Po‘latov demoqchi - tahr.) aybsizligiga ishonaman. Sud hay‘ati ham ana shunday fikrda ekaniga ishonaman. U suiqasd ijrochisining asl niyatlari haqida bilmagan¸ degan edi Ozodlik bilan suhbatda Bahodir Po‘latovning advokati Yan-Oke Nistryom.

Nodira Aminovaning advokati Erik Boberg ham o‘z himoyasi ostidagi shaxs 26 iyul kuni avf etiladi, degan ishonchda sobit ekanligini bildirgan edi.

Hukm chiqdi¸ ammo shikoyatga o‘rin bor


Prokurorlarning sud hukmi yuzasidan apellyatsiya sudiga murojaat qilishi yoki murojaat qilmasligi hozircha ma‘lum emas.

Mahkama prokurori Krister Peterson ayblanuvchilarga 8 yil qamoq jazosi so‘ragan edi.

Biroq jabrlanuvchi tomon - Obidxon qorining o‘g‘li Dovudxon Ozodlikka sud qarori yuzasidan shikoyat arizasi bilan yuqori instantsiyaga murojaat qilishini bildirdi:

- Bu qaror ustidan shikoyat qilish rejasi bor. Albatta biz mahkama chiqargan qarordan to‘liq qoniqqanimiz yo‘q. Biz ham xohlaymiz keyingi bosqichga, yuqori sudga ariza berilishligini¸ deydi imomning o‘g‘li.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:08 0:00
Бевосита линк


Mahkama ishini kuzatgan 44 yashar o‘zbekistonlik siyosiy muhojir Ahmadjon sud jarayonida juda ko‘p isbot-dalillar ayblanuvchilarning aybli ekanidan dalolat berganini aytib, qarorning adolatsiz bo‘lganini ta‘kidladi:

Men buni adolatli qaror deb bilmayman. Sababi sudya ham, prokuror ham O‘zbekistonni bilmaydi, o‘zbek mentalitetini bilmaydi, sudlanuvchini savolga tutishlikni bilmaydi. Bu sud shunaqa yengil tarzda o‘tdiki, bemalol ancha-muncha jinoyatni qilgan odam sudyani ham, prokurorni ham laqillatib ketishi mumkin bo‘lgan darajada yengil sud. Bular adolatli sud, inson huquqlarini himoya qilamiz deb aytadiku. Lekin biz solishtiradigan bo‘lsak, shunaqa bir ko‘p savollar bersa bo‘ladigan o‘rinlarda prokuror savol bermadi yoki sudya ham savol bergani yo‘q. Biz tilimizni tishlab o‘tirdik. “Mana bu joyida to‘xtatib, mana bu savolni bersa bo‘ladiku” deb o‘tirdik sud zalida. Diniy tomondan, o‘zbekchiligimiz tomonidan shunday ushlab jinoyatchilarni savolga tutsa bo‘ladigan ko‘p nuqtalar o‘tib ketdi. Lekin bu haqda umuman gap ochilmadi¸deydi 44 yashar Ahmadjon.

Ehtimoliy qotil hamon ochiqda


Suiqasdning bevosita ijrochisi hamon ochiqda qolmoqda va uning ham O‘zbekiston fuqarosi ekani taxmin qilinmoqda.

Sud jarayoni davomida uning shaxsiga to‘xtalgan prokuror 1978 yilda tug‘ilgan Yuriy Jukovskiy ismini tilga olgan edi.

Obid qori hanuz shifoxonada


O‘zbekistonda ta‘qibga uchragan Obidxon qori 2006 yilda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olib Stromsund shahrida yashab kelayotgan edi.

54 yoshli Obidxon qori Nazarov shu yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromshund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum shaxs tomonidan o‘qqa tutilgan.

Imomning o‘g‘li o‘z otasining ahvoli o‘zgarishsiz qolayotganini aytdi:

Hozirgi holatda, hozirgi kunda oldingi paytlari aytib kelgan gaplarimizdan ko‘ra ko‘proq gap ayta olmaymiz. Sababi ularning holatlarida hali jiddiy, katta o‘zgarish sodir bo‘lgani yo‘q. Ular hali ham og‘ir holatda yotibdilar¸ dedi Dovudhon.
XS
SM
MD
LG