Линклар

logo-print

Samara viloyatida registratsiyasini yangilash uchun Qozog‘iston chegarasiga ketayotib yo‘lda avariyaga uchragan O‘zbekiston fuqarolaridan besh nafari nobud bo‘ldi, yana olti kishi turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi.

22 iyul kuni kuni Samara viloyatining Bolshechernigovskiy tumanidan o‘tadigan Samara-Uralsk M-32 trassasida VAZ-21099 va VAZ-2115 davlat nomer belgisi bo‘lgan ikki avtomobil yuzma-yuz to‘qnashdi.

Avariya natijasida o‘zbekistonlik 5 mardikor nobud bo‘ldi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda halok bo‘lgan yigitlardan birining yaqini Davronbek:

- Samarada o‘zbeklar avariya bo‘lib ketib, beshtasi o‘libdi. Ular ichida jiyanimiz ham bor edi. Ularga qanaqadir ko‘mak berishning iloji bormikin, degan maqsadda telefon qilyatgan edim. Keyin xabarlashsam¸ uydan pul kelibdi ayrimlariga. Vladimir viloyatining har xil joyida ishlayotgan bolalar ekan. Pasportni kirdi-chiqdi qilish uchun chegaradan o‘tib kelgani uchun Gazel zakaz qilib Qozoq chegarasiga ketgan bollar bo‘lgan. Bilasizku, bir yilda bir propiskani yangilab turish kerak. Bular razresheniye na rabotu bilan ishlagan. Sroki tugaganidan keyin, chiqib kelishga majbur, deydi bu avtohalokat natijasida jiyanini yo‘qotgan vodiylik Davronbek.

Davronbekning so‘zlariga qaraganda, Vladimir viloyatidan ikkita Gazelda chiqqan 16 nafar o‘zbek mardikori, Samara shahriga kelib chegaragacha yengil avtomashina yollagan.

“Lekin hayratlanarlisi¸ o‘zimizning yigitlar ketayotgan avtomashinalar yuzma-yuz to‘qnashgan!”, deya davom etadi Davronbek:

- Ikkovi biri-biri bilan urishgan, qanday urishganiga men ham hayronman. Bitta joydan chiqib ketgan – bittasi ertaroq, bittasi keyinroq. Avariyaga uchragan ikkala mashinadan 5 kishi o‘libdi, ikkitasi bolnisada og‘ir ekan. Mening ammamning nevarasi bor edi, 20 yoshga kirgan bola bor edi, xullas jiyanim. U ham yolg‘iz o‘g‘il edi, bechora, deydi nobud bo‘lgan yigitning ismini shahrixonlik Dostonbek deb tanishtirgan Davronbek.

Samara – Uralsk trassasida mehnat muhojirlari ketayotgan avtomobillar to‘qnashganini Ozodlikka tasdiqlagan Samara viloyati Davlat Avtomobil inspektsiyasi xodimi Olga Pisareva jarohat olganlar orasida Tojikiston fuqarolari ham borligini bildirdi:

- VAZ-21099 avtomobilini boshqarayotgan 1981 yili tug‘ilgan haydovchi Samara-Bolshaya Chernigovskaya yo‘lining Qozog‘istonga ketish tarafida 152-kilometrda qarama qarshi yo‘lga chiqib ketgan va Qozog‘iston tarafidan kelayotgan VAZ-2115 avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Avtohalokat ertalabki soat 4 larda sodir bo‘lgan. Natijada VAZ-21099 avtomashinasi haydovchisidan tashqari orqa o‘rindiqda o‘tirgan 1988 yilda tug‘ilgan yigit vafot etdi. VAZ –2115 avtomashinasida haydovchidan tashqari orqa o‘rindig‘da o‘tirgan 1993 yilda tug‘ilgan yigit va tug‘ilgan yili aniqlanmagan yana bir shaxs nobud bo‘ldi, deydi Samara Davlat Avtomobil nazorati inspektori.

Olga Pisareva to‘qnashgan mashinalardan biri Qozog‘iston chegarasiga, ikkinchisi chegaradan ichkariga qarab kelayotgani va ichida o‘zbekistonlik hamda tojikistonlik mehnat muhojirlari o‘tirganini tasdiqladi.

Inspektsiyadan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, avariyaga uchraganlardan qolgan 6 kishi Bolshechernigovskiy markaziy va Samara shahar shifoxonalariga olib ketilgan.

Samara avtomobil inspektsiyadan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, “99” avtomobilni Otabek Hayitov ismli yigit, “15” ni esa Valeriy Jukovskiy boshqargan.

Samaraga qaytayotgan VAZ-2115 ning orqa o‘rindig‘ida Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan Davronbekning jiyani shahrinxonlik Dostonbek Omonov va uning do‘sti Bahromboy Avazmurotovlar o‘tirgani aniqlandi.

“Avtoinspektsiya xodimlari halokat joyiga sanitar aviatsiyasini chaqirtirgan va uch nafar eng og‘iri Samaradagi Kalinin nomidagi shifoxonaga olib ketildi”, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Bolshechernigovskiy tuman markaziy shifoxonasi xirurgi Liliya Saveleva.

- Bizda hozir bir nafari qoldi ulardan. Doktor unga hozir ham javob berish mumkin¸ deyapti. Boshqa smenada edi, bir kishi o‘lib qoldi, qolgan uch og‘ir ahvoldagilarni Samara shahriga yubordik. Bu uch kishining jarohatlari juda og‘ir. Masalan¸ 1982 yilda tug‘ilgan yigitning jag‘i, bosh suyagi sinib ketgan, ko‘krak qafasi bir nechta joydan, qo‘l-oyoqlari singan, miya chayqalgan. Shifo berishini tilab qolamiz, deydi shifoxonaga tushgan 6 kishidan uchtasining ahvoli og‘ir qolayotganini aytgan shifokor.

Shifoxona xodimi Samara-Uralsk avtotrassasi mahalliy aholi orasida bexosiyat hisoblanishi va aynan shu yerda tez-tez mudhish avtohalokatlar bo‘lib turishini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG