Линклар

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida Aleppo shahrini 200 mingga yaqin kishi tark etgan.

BMTning gumanitar operatsiyalar bo‘yicha sho‘‘basi rahbari Valeri Amos Suriya rasmiylarini Aleppoga gumanitar yuklar yetkazib berish uchun xavfsiz yo‘laklar ochib berishga chaqirdi.

Valeri Amos tomonidan yakshanba kuni yoyinlangan bayonotda Aleppo shahrida tinch aholi vakillari qamalda qolgani haqida aytiladi. Qamalda qolganlar soni bo‘yicha aniq ma‘lumot yo‘q.

Aleppoda 2,5 million kishi istiqomat qilishi aytib kelinadi. Ikki kundan buyon jang shiddati kuchayib ketgan bu shaharda, ma‘lumotlarga ko‘ra, odamlar maktab va boshqa jamoat joylarida yashirinib, jon saqlamoqda. Ularga oziq-ovqat, suv, shaxsiy gigiyena vositalari yetishmayotgani aytilmoqda.

Suriya tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim yakshanba kuni Eronga qilgan tashrifi chog‘ida Aleppoda muxolifatning mag‘lubiyatga uchrashi muqarrar ekanini bildirdi.

O‘z navbatida Eron tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy Suriya prezidenti Bashar Assad iste‘fosi “butun mintaqa uchun, pirovardida butun dunyo uchun ham” salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
XS
SM
MD
LG