Линклар

XXX London Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik 54 nafar sportchi 16 ta sport turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashmoqda. Olimpiadaning birinchi kunida dzyudochi Rishod Sobirov O‘zbekiston Olimpiya jamoasiga birinchi bronza medalini keltirdi.

Ayni paytda, Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya jamoasi a‘zosi Luiza Galiulinaning qonida ta‘qiqlangan modda borligi aniqlangani uchun musobaqadan chetlatildi.

O‘zbekiston jamoasi medal olgan jamoalar ro‘yxatida hozircha 22-o‘rinni egallab turibdi.

Hafta savoli ruknining bugungi sonida respondentlarga “O‘zbekiston jamoasi Olimpiadada nechta medal oladi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Nodir, Farg‘ona:


- Olimpiadani ko‘rayapman. Hammasini o‘qib chiqayapman har kuni. Televizorda ham ko‘rayapman. O‘zbekistonliklar mag‘lub bo‘layotganini ham ko‘rib turibman. O‘zbekiston jami bitta oltin, ikkita kumush, ikkita bronza olishi mumkin. Beshtadan ko‘p medal ololmaydi. Imkoniyatlar past. Vaqt ko‘rsatadi. Raqobat kuchli bu yil.

Davronbek, Xorazm:


- Yo‘q, ko‘rayotganim yo‘q. Qiziqqan bilan hozir televizor ko‘rmasdan yuribman. To‘g‘risini aytsam¸ televizordan dam olib yuribman. Kecha og‘aynilarimning oldida o‘tirdim. Ular “O‘zbekiston jamoasi boshqa mamlakatlarga qaraganda yaxshi chiqayapti” deyishayapti. Bilmadim yana. Xudo xohlasa 5-6ta medal olarmiz.

Svetlana Ortiqova, Toshkent:


- Albatta. Olimpiadada qatnashuvchi o‘yinchilarga bir piyola choy berib, ularni kuzatish marosimida ham qatnashganman. Agarda mening xohishimga qaraydigan bo‘lsa, Xudodan har kun tilardimki, nima bor tilla medallar bo‘lsa, o‘zbekistonliklar chempion bo‘lib qaytib kelsin vataniga. Avvalambor Xudo, keyin ularning iqtidoriga bog‘liq, vaziyatga bog‘liq. Hamma medallarni olib kelsinda bizning bolalarimiz, qizlarimiz.

Sherzod, Andijon:


- Olimpiada o‘yinlari yaxshi. Kechagi kun o‘zbekistonlik kurashchi bronza medali oldi. Shuni ko‘rdim. Endi biz ishdamiz, ancha-muncha ko‘ra olmaymiz. Ertalab soat 7 dan kechqurun soat 9 gacha ishlaymiz. 54 ta bo‘lsa, oltin medal o‘nta olishi mumkin. Undan oshiq ololmaydi. Kumushdan 15 ta, bronzadan 15 ta olishi mumkin. Undan ko‘p ololmasa kerak. Ko‘zim yetmaydi. Olimpiada bo‘layaptiyu aka. Bizda uncha rivojlanmaganda.

Jizzax viloyat hokimligi xodimi:


- Hozir ko‘rayapman aka. Mana tennis bo‘yicha Yaponiyaniki o‘ynayapti. O‘zbekistonlik chiqsa, hammamiz ko‘ramiz o‘tirib. O‘zbekistonliklar qancha medal olishini tahlil qilib chiqish kerakda aka. Birdaniga tavakkal qilib aytib bo‘lmaydi. Xudo xohlasa¸ oltitadan ko‘p olamiz.

Odil, Peterburg:


- Olimpiadada 54 ta o‘zbekistonlik sportchidan oltin medalga beshtasi sazovor bo‘lsa kerak. Ko‘proq futbolga qiziqaman, boksni ko‘rib turaman ancha-muncha. Olimpiadaga to‘g‘risi, hozir men ish muammosi bilan, ishsizlik boshni nima qilib turibdida, o‘shanga bu narsaga qiziqqanim yo‘q. Xayolda tezroq ish topish. Olimpiadaga unchalik qiziqqanim yo‘q. Yevropa futbol chempionatini ko‘rdik lekin.

Abdug‘ani aka, Qashqadaryo:


- Rishod Sobirov bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Juda xursand bo‘ldik. Qolganlariga unchalik e‘tibor bera olganim yo‘q. Chunki svet o‘chib qoldi. Shunga ko‘ra olmayapmiz. Transformatorimiz portlab ketdi. 2-3 kundan beri 15-20 xonadonda tok yo‘qda. Hozir pul yig‘dik. Endi to‘g‘rilaymiz. Xulosa qilib aytsam, o‘zbekistonliklar bitta oltin, bitta kumush, bitta bronza oladi. Dzyudodan bitta bronza bo‘lsa, erkin kurashdan bitta bo‘ladi, boksdan ham bo‘ladi¸ albatta. Svet kelsa, Olimpiadani yotvolib ko‘ramiz. Sportni ko‘rmasak bo‘ladimi. Bir paytlar erkin kurashdan men ham qatnashib turardim. Kandidat master sport edim.

Murodjon, Frantsiya:


- Kutayapman ma‘lumotlarni. Lekin ko‘ra olmayapman. Ko‘rsatmayaptida. Asosan Frantsiyani ko‘rsatayapti. Agar frantsuz o‘zbek bilan tushgan bo‘lsa, ko‘rsatadi. Boshqa millat bilan tushganda uje u yoqni ko‘rsatayaptida. Xudo xohlasa medallarni yaxshi olishadi. Kurashdan olishadi, karate, taekvondo qo‘yilgan, undan ham olishi kerak¸ Xudo xohlasa. Nimagaki, bizda kuchli u ham. Bilmadim hozir qanday kuchli bizning sportchilar. Kamida 3-4ta medal bilan qaytsa kerak. Londonda medallar uchun hozir raqobat juda kuchli ketayapti.

*************************************

Hurmatli mushtariy, Siz ham "Hafta savoli"ga javob yozmoqchi yoki shu mavzuda mulohaza bildirmoqchi bo‘lsangiz¸ quyidagi "Sharhlar" tugmachasini bosib, fikrlaringizni yozib qoldirin.
XS
SM
MD
LG