Линклар

Toshkent shahar Xo‘jalik sudi 30 iyul kuni O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining MTS-O‘zbekiston shirkati faoliyatini yana uch oyga to‘xtatib turish so‘rovini qanoatlantirdi.

Ozodlik bilan suhbatda MTS ochiq hissadorlik jamiyatining Moskvadagi bosh idorasi matbuot kotibi Yelena Koxanovskaya shirkatning o‘zbek sudi qaroriga munosabatini bayon qildi:

- Dastavval aytishim zarurki, 10 kunlik muhlat davomida litsenziyamizni to‘xtatilishiga sabab qilib ko‘rsatilgan va bizdan talab qilingan ko‘rsatmalarning barchasi ijro etildi. Biz bu ko‘rsatmalarni bajarganimiz to‘g‘risida Aloqa va axborotlashtirish agentligini xabardor qildik. Shanba kuni esa Agentlik ishimiz yuzasidan sudga ariza topshirgani to‘g‘risida bildirishnoma oldik. Shanba kuniyoq suddan dushanba kuniga sud mahkamasi belgilangani to‘g‘risida xat oldik. Albatta, dushanba kunigacha jismonan biror hujjat tayyorlashning iloji bo‘lmagan edi. Sudni keyinroqqa qoldirish iltimosimiz esa Toshkent Xo‘jalik sudi tomonidan hatto inobatga olinmadi, deydi MTS rasmiysi Yelena Koxanovskaya.

MTS-O‘zbekiston shirkati 17 iyul kuni kun kech soat 6 dan boshlab o‘z litsenziyasi muddati to‘xtatilishi haqida ko‘rsatma olishi ortidan mamlakat aholisiga barcha tur aloqa xizmatlarini to‘xtatgan edi.

O‘zbekistondagi 9 milliondan ortiq MTS mijozining umidi chippakka chiqdi - MTS-O‘zbekiston kamida yana uch oyga o‘z xizmatini tiklay olmaydi va mijozlar yana uch oy tarmoqdan uzilganicha qoladi.

O‘zbekiston sudining mazkur qarori arafasida MTS bosh idorasi maxsus bayonot tarqatdi va unda O‘zbekiston Bosh prokuraturasini "O‘zdunrobita" xodimlariga bosim o‘tkazib¸ ularni oldindan hozirlangan "iqrornoma"laga imzo chektirayotganlikda aybladi.

30 iyul kuni MTS ochiq hissadorlik jamiyatining Moskvadagi bosh idorasi tarqatgan rasmiy bayonotda¸ tergov ostidagi “O‘zdunrobita” xodimlarininh O‘zbekiston prokuraturasi bosimi ostida “iqrornomalarga imzo chekkani” xabar qilinadi.

Bu xabar manbasi ochiqlanmasligini ta‘kidlagan MTS matbuot xizmati vakiladi Valeriya Kuzmenko O‘zbekiston prokuraturasi tomonidan “O‘zdunrobita”ga nisbatan olib borilayotgan noqonuniy amaliyotlar davom etayotganini iddao qildi:

- MTSga kelib tushgan ma‘lumotga ko‘ra, 100 foiz MTSga qarashli bo‘lgan “O‘zdunrobita” shirkati xodimlariga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan “iqrornoma” olish maqsadida bosim o‘tkazilayotgani bo‘lishi mumkin. Shirkat xodimlari “keltirilgan asbob-uskunalar narxini oshirish faktlari to‘g‘risida ma‘lumotlarni yashirgani uchun pora sifatida mukofot” olganligini bo‘yinlariga olishga majbur etilgan.

Jumladan, yuqoridagi ko‘rsatmalar suhbat deb atalgan so‘roqlar davomida olingan, advokatlar “O‘zdunrobita” xodimlari bilan uchrashuvga qo‘yilmagan. Prokuratura tergovchilari nihoyat advokatlarni xodimlarimiz yoniga kiritganda ular allaqachon “iqrornomalar”ga imzo chekib bo‘lgan, deydi MTS vakilasi Ozodlik bilan suhbatda.

Ushbu vaziyat yuzasidan tarqatilgan maxsus bayonotida MTS rahbariyati Toshkentdagi xodimlarining bu usulda so‘roqqa tutilayotganidan norozilik bildirdi.

“MTS ga qarshi qo‘yilayotgan korruptsiyaga oid ayblovlar asossiz va absurddir. 100 foiz MTSga qarashli bo‘lgan “O‘zdunrobita” shirkatining moliyaviy natijalari MTS Guruhining umumiy ko‘rsatkichlariga bevosita ta‘sir etadi”, deyiladi bayonnomada.

- MTS Guruhi bosh aktsioner sifatida uskunalarning iloji boricha arzon narxda olinishida manfaatdor, jumladan O‘zbekistonda ham. Bu iqtisodiy samaradorligimiz ko‘rsatkichiga bevosita ta‘sir qiladi. MTS butun jahon standartlariga mos ravishda o‘z xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish amaliyotini ham qo‘llab keladi – rag‘batlantirish ham muayyan biznes ko‘rsatkichlarini oshirish, ham iqtidorli ishchilarimizni saqlab qolish uchun qilinadi.

Shu sababli, motivatsiya uchun berilayotgan mukofotlar “sotib olinayotgan uskunalarning narxini oshirishga” qaratilgan pora bo‘lishi mumkin emas, deydi MTS kompaniyasining Rossiyadagi bosh ofisi matbuot xizmati vakili Valeriya Kuzmenko.

Bayonot oxirida “O‘zbekiston prokuraturasining “O‘zdunrobita” sho‘‘balari moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ustidan olib borayotgan tekshiruvlari hanuzgacha biror jiddiy qonunbuzarliklar”ni aniqlamagani, “protsessual qonunchilik buzilishi asosida xodimlardan olinayotgan “iqrornomalar” esa MTSning O‘zbekistondagi biznesiga katta bosim bo‘layotganidan dalolat” ekanligiga urg‘u berildi.

O‘zbekiston prokuraturasi hisob-kitobiga ko‘ra, jinoiy guruh tashkil etganlikda gumonlanayotgan “O‘zdunrobita” shirkati rahbariyati tomonidan turli to‘lovlar asosida respublika xazinasiga 500 milliard so‘mdan ziyod miqdorda ziyon yetkazilgan.

MTS faoliyati to‘xtatilgandan beri O‘zbekiston mobil aloqa bozorida jami to‘rt shirkat - Beeline, UCell, UzMobile va Perfectum Mobile qoldi.

O‘zbekistonda MTS sho‘‘ba korxonasi "O‘zdunrobita" mobil aloqa shirkati faoliyati rasman 10 kunga to‘xtatilgan va bu muhlat 30 iyul dushanba kuni nihoyasiga yetadi.
XS
SM
MD
LG