Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:37

Googoosha klip olish uchun Buxoroni yopib qo‘ydi


Gulnora Karimova Buxorodagi Mir Arab madrasasi tomida inglizcha qo‘shiqqa klipga tushmoqda. Surat www.realgoogoosha.com saytidan olindi.
Gulnora Karimova Buxorodagi Mir Arab madrasasi tomida inglizcha qo‘shiqqa klipga tushmoqda. Surat www.realgoogoosha.com saytidan olindi.

Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi ingliz tilidagi qo‘shig‘iga klip ishlatgan kunlarda Buxoroning Eski shahar qismi batamom qamal holiga keldi va qadim Buxoroni ko‘raman deb kelgan sayyohlar bu imkondan mahrum qoldi.

Googoosha taxallusi bilan qo‘shiq kuylaydigan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 17 iyul kuni Buxoroda klipga tushdi.

Gulnora Karimova ijrosidagi Round Run (Girdikapalak) qo‘shig‘iga AQSh va Lotin Amerikasida taniqli klipmeyker Avi Cohen klip suratga oldi.

Bu haqdagi fototasvirlar www.realgoogoosha.com nashrida o‘tgan hafta paydo bo‘ldi.

Suratga olish jarayoniga AQShdan yana bir kinorejissyor John Colombo ham jalb qilingan.

Ekranda to‘rt daqiqa davom etadigan Gulnora Karimova ishtirokidagi klipni suratga olish jarayonida o‘zbek klipmeykeri yodgor Nosirov ham ishtirok etgan.

Karimova uchun yopilgan shahar


Suratga olish jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan buxorolik jurnalistning Ozodlikka aytishicha¸ klip olinayotgan davrda Buxoroning Eski shahar qismi qamal holiga keltirilgan.

Buxoroda kino suratga olinishiga ko‘nikib qolgan suhbatdosh¸ ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan¸ bu safargi ehtiyot choralarining haddan oshganligiga e‘tibor qaratdi.

Shu paytgacha kinochilar faqat tasvir olinadigan joynigina o‘rab qo‘yishgan. Bitta klip olish uchun Buxoroning Eski shahar qismining butkul yopilishi ilgari ko‘rilmagan hodisa¸ deydi suhbatdosh.

Suratga olish davom etgan to‘rt kun mobaynida Karimova doxil suratga olish guruhi qo‘nim topgan "Osiyo" mehmonxonasiga chiqadigan yo‘llar yopiqligigicha qolgani kuzatildi.

Bu holatda nafaqat Buxoro turg‘unlari¸ balki Buxoroni ko‘raman deb uzoq joydan kelgan sayyohlar ham Eski shaharni ko‘rishdan mosuvo qilindi.

Klipmeykerning amri vojib


Kino suratga olish jarayonidan sal xabari bo‘lgan odam rejissyorning suratga olish maydonida mutlaq hokim bo‘lishini biladi.

Buxoroda klip suratga olayotgan AQShlik kinochi Avi Cohen amriga bu safar O‘zbekiston prezidentining qizi bo‘ysunmog‘i lozim edi.

Suratga olish jarayoni haqida Ozodlikka xabar sizdirgan manbalar Googoosha taxallusi ortida qo‘shiq kuylagan Karimova xonimning tasvirga olish paytida o‘ta yuvvosh bo‘lgani va tasvirchining buyruqlarini kiprik qoqmay bajarganini ta‘kidlashdi.

Suratga olish jarayonida rejissyorlar sovet davridan meros “Chayka” avtomobilida eski Buxoro bo‘ylab sayr qilishgan.

Minorai Kalon ustiga katta projektorlar o‘rnatilgan. Ayni paytda Buxoro vertolyotlar vositasida ham suratga olingan.




Amazon Gulnoraga maftun emas


Gulnora Karimova qo‘shig‘i yozilgan disk internetdagi eng katta bozor hisoblangan Amazonda sotilmoqda.

Gulnora Karimovaga nisbat berilgan www.realgoogoosha.com nashrida Amazonga o‘tish uchun ishorat qo‘yilgan.

Karimovaga oid donasi 9 dollardan sotilayotgan disk yonida Karimovlar xonadoni tanqid qilingan “Samarqanddagi qotillik” asari ham savdoga qo‘yilgan.

Bu asar muallifi Britaniyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey Karimov bilan shaxsiy uchrashuvlariga tayanib¸ O‘zbekistonni boshqarayotgan xonadonning o‘zbek xalqiga keltirgan kulfatlarini bayon qiladi.

Amazon portali mushtariylari qoldirgan izohlar ham Myurrey tanqidlaridan qolishmaydi.

O‘zini Bobbi deb atagan mushtariy Gulnora Karimova o‘zbek millati xazinasini o‘margan o‘g‘ri deb ishonadi:

-Boshqacha ham bo‘lishi mumkinmi. Bu qiz o‘z sarvatini O‘zbekiston xazinasini o‘g‘irlash evaziga shakllantirgan supper-boy diktatorning farzandi. Bu qiz Jeneva atrofidagi xushmanzara joydan 46 million dollarga qasr sotib olgan.

U o‘z vaqtini bir ayol kabi libos bezaklariga sarflaydi. Hushi kelganda ashula ham aytadi. Bu qizaloq o‘z raqobatchilarini otasi rahbar bo‘lgan davlat mulozimlari vositasida eng og‘ir tarzda jazolashi mumkin.

Eng muhimi o‘z oilasining mamlakatda iqtisodiy va siyosiy mutlaq hukmronligini ta‘minlash.

O‘zini Bobbi deb tamsil qilgan Amazon mushtariysi bu gaplardan keyin Karimova xonim aytgan qo‘shiqni tahlil qiladi.

- Agar qaynoq suvda tiriklay qaynatilayotgan o‘zbek mahbusi turgan xonaga magnitofon qo‘yilsa¸ bu bechoraning faryodli qichqiriqlari qo‘shiq treklarida aks etgan bo‘lar edi.

Yana bu qo‘shiqlardan O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatining ayanch saslari keladi.

O‘zini Ukman deb atagan mushtariy esa bu qo‘shiqlarga axlat martabasini ham ravo ko‘rmaydi.

Yangi “eski” kasb


Klipmeyker kalimasi o‘zbek lug‘atiga yaqindagina kirib keldi. Ammo bundan oldin O‘zbekistonda kinorejissyorlar musiqali filmlarni tasvirga olib muvaffaqiyat qozonishgan.

“Komiljon Otaniyozov kuylaydi”¸ ”Kuyla Sanobar”¸ “Shashmaqom”¸ “Botir Zokirov” kabi musiqiy filmlarning tasviriy tili va ifoda uslubi bugungi o‘zbek klipmeykerlari uchun o‘rnak¸ deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbek klipmeykeri Nozim Tolipov.

Buxoroda Gulnora Karimova uchun klip olayotgan AQShlik kinochi Avi Cohen ijodiy gonorarining yarim million dollarga yaqin ekani aytiladi.

Gulnora Karimovadan boshqa o‘zbek ashulachilari bunaqa katta pulga klip suratga ola olmaydi¸ deydi 400 ga yaqin klipni suratga olgan Nozim Tolipov:

- Artistlar to‘ydan topganini yig‘ib¸ bizga klip oldiradi. Oldin rosa yig‘laydi. Pulim yo‘q¸ topganim ust-boshimga ham yetmayapti¸ deb. Keyin arzimagan pulni ko‘rsatib¸ Nozim aka shunga klip obering¸ deyishadi.

G‘arbni qo‘yaturing¸ hatto Rossiya shou biznesi bilan taqqoslaganda ham bizning ashulachilarimiz karmoni juda yupqa¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Nozim Tolipov.

Nozim Tolipov bilan suhbatni to‘la tarzda mana bu yerda tinglash mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:10 0:00
Бевосита линк


To‘ng‘ich qiz dilxushligi


O‘zbek prezidentining qizi Gulnora Karimovaning “GOOGOOSHA” albomi iyun boshida xalqaro maydonda taqdim qilindi.

Ayni kunlarda bu disk Toshkentdagi “NIRVANA” do‘konlari tarmog‘ida 12 ming so‘mdan sotilmoqda.

12 qo‘shiqdan iborat bu albomning rossiyalik prodyuser va kompozitor Maksim Fadeyev bilan hamkorlikda hozirlangani aytilmoqda.

Gulnora Karimovaning Gugusha taxallusi bilan qo‘shiq aytayotganiga 10 yilcha bo‘lib qoldi.

Bolaligida otasi o‘zini erkalatib Gugusha deb chaqirgani iddaosi bilan Gulnora Karimova mashhur Eron qo‘shiqchisi Gugush nomiga bitta harf qo‘shib¸ o‘z “ijodiy taxallus”laridan biri qilib mixlab oldi.

Taniqli qo‘shiqchi Kumush Razzoqovaning “Unutma meni” qo‘shig‘ini o‘ziga moslab qayta ishlatgan Gugushaning bu klipi yillardan beri prezidentning qizi nazorat qiladigan telekanallarda tinimsiz aylantiriladi.

Qo‘shiqchi sifatidagi repertuari asosan boshqalarning mashhur ashulalarini remake –qayta qorishtirish asosida tug‘ilgan bir necha klipdan nariga o‘tmagan Gugusha O‘zbekiston ichkarisida eshitimli xonandaga aylana olmadi.

Gugushaning ashulachilikdagi urinishlari aksar o‘zbekistonliklar ko‘zida o‘zini sinab ko‘rmagan soha deyarli qolmagan “o‘zbek malikasi”ning navbatdagi tantiqligi sifatida qabul qilindi.

Qo‘shiqchi sifatidagi e‘tiborini oshirish maqsadida Gulnora Karimova Toshkentdagi xos yig‘inlariga Xulio Iglesias va Montserrat Kabalyeni taklif qilib¸ ular bilan birga qo‘shiq kuylagan edi.

Mashhur avar shoiri Rasul Gamzatovning “O‘z qishlog‘ida tan olinmagan shoir shoir emas”¸ degan gapi san‘at va adabiyot dunyosida aforizmga aylanib ketgan.

Ammo o‘zini ham hassos shoira¸ ham hassos qo‘shiqchi deb taqdim etib kelayotgan Karimovani “o‘z qishlog‘i”da tan olinmagani zarracha tashvishga solmagan ko‘rinadi – Gugusha o‘zini xalqaro maydonda qaror toptirish urinishiga kirishdi.

Hozircha Gugushaning G‘arb musiqa bozoriga kirib¸ o‘zini “ekzotik pop-qo‘shiqchisi” sifatida sotish urinishi jiddiy qarshi olinganini ko‘rsatuvchi biror alomat yo‘q.

Dastlabki mustaqil sharhlarda¸ Gugusha qo‘shiqlari hayot ruhidan mahrum¸ uyg‘unlikdan yiroq¸ bir necha yil avval o‘z umrini yashab bo‘lgan istiqbolsiz ohanglarning siyqa so‘zlar bilan omuxtasi¸ deya baholanmoqda.

Ayni paytda¸ aksariyati Gulnora Karimovaga qarashli O‘zbekiston shou-biznes saytlari yangi albomni "o‘zbek musiqasini¸ o‘zbeklarni jahonga tanitadigan"¸ "mukammal¸ uyg‘un¸ go‘zal" qo‘shiqlar albomi sifatida madh etmoqda.
XS
SM
MD
LG