Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:17

Muhojir rus tili imtihonini kompyuterda topshiradi


Rus tilidan imtihon topshirish xonasi.
Rus tilidan imtihon topshirish xonasi.

Sankt-Peterburgda elektron test topshirishga mo‘ljallangan ilk sinfxona ochildi. Bu sinfxonada xizmat sohasida ishlovchi mehnat muhojirlari rus tili imtihonlari topshira boshladi.

Muhojirlar imtihonni kompyuterda topshiradi

Dushanba kuni Peterburgda muhojirlarning rus tili darajasini aniqlashga mo‘ljallangan kompyuterlashgan sinfxona ishga tushdi. Bu sinfxona Federal migratsiya xizmati va Sankt-Peterburg davlat universiteti mutaxassislari hamkorligida ish boshladi.

Mazkur sinfxonadagi 12 dona kompyuterda Yagona migratsiya markaziga ishga ruxsatnoma olish uchun murojaat qilgan muhojirlardan rus tili imtihoni olinmoqda.

Onlayn test atigi 40 daqiqacha davom etib, javob berish uchun kompyuterning sensorli ekranida aks etgan zaruriy tugmacha barmoq bilan bosiladi, deydi imtihonlar uslubiy ta‘minoti va test savollarini ishlab chiqqan Sankt-Peterburgdagi Rus tili va madaniyati instituti Test markazi direktori muovini Tatyana Nesterova.

- Hozircha bu boshlang‘ich bosqichdagi loyiha. U atigi ikkinchi kun sinalmoqda. Shu sababli¸ keyinchalik uslubiy o‘zgarishlar joriy qilinishi aniq. Agarda rus tili to‘g‘risidagi qonun qabul qilinsa¸ kelasi yilning yanvar oyidan migrantlarning ayrim toifalari¸ albatta¸ rus tilidan sertifikat olishlari zarur. Ishga ruxsatnoma olgani kelgan xorij fuqarolari FMS bo‘linmalari tomonidan shu markazga yuboriladi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Test markazi rahbari Tatyana Nesterova.

Nesterovaning aytishicha, test imtihonlari o‘qish, suhbat va rus tili qoidalariga bag‘ishlangan uch blokdan iborat va bir kunda kompyuterlashgan sinfxonada 100 kishi imtihon topshirishi mumkin.

Muhojirning rus tilini bilishi hozircha majburiy emasligini ta‘kidlagan Rossiya Federal migratsiya xizmati direktori Konstantin Romodanovskiy¸ shunday bo‘lsa-da¸ bunday testdan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat migrantning u yoki bu ishga qabul qilinishiga imkoniyatlarini oshiradi, degan fikrda.

“Rus tilini bilish talabi maishiy xizmat, savdo va uy-joy – kommunal xo‘jalik sohalarida ishlashni rejalashtirayotgan xorij fuqarolariga qo‘yiladi”, deydi Romodanovskiy.

- Biz qurilishda ishlayotganlarni testdan o‘tkazmoqchi emasmiz. Biz aholimiz bilan bevosita muloqotda bo‘lganlarni imtihon qilish niyatidamiz. Sen “Mening batareyam ishlamayapti” desangu, u bo‘lsa vannaxonadagi suv quvurini sug‘urishni boshlasa... Shunaqasi ham bo‘lib turadi! dedi jurnalistlar oldida chiqish qilgan FMS rahbari.

Sankt-Peterburgdagi Test markazidan olingan ma‘lumotga ko‘ra¸ birinchi imtihon kuniyoq unda qatnashgan 20 foiz muhojir uni topshira olmagan. Mutaxassislar Rossiyaga kelayotgan mehnat muhojirlarining aynan 20 foizi rus tilini mutlaqo bilmasligini ta‘kidlamoqda.

Agarda joriy yil kuzida Rus tili haqidagi qonun keyingi muhokamalardan o‘tib qabul qilinsa, bunday kompyuterlashgan markazlar Rossiyaning barcha mintaqalarida ochilishi ko‘zda tutilgan, deydi Rossiya Migratsiya xizmati rasmiysi Zalina Kornilova.

- Qonun qabul qilinsa¸ biz ishonamizki u qabul qilinadi¸ sertifikatni olish yuqorida aytilgan muhojirlar uchun majburiy bo‘ladi va bu sertifikat ishlashga ruxsat beradi. Tilni bilish talablari nafaqat Rossiya, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham joriy qilingan, deydi Ozodlik muxbiriga FMS matbuot markazi rahbari Zalina Kornilova.

“Kitob o‘qiganimiz kallaga kirmayapti!”


Rossiya Davlat Dumasi mehnat muhojirlari uchun rus tili imtihonini majburiylashtirishga oid qonun loyihasini muhokama qilayotgan hozirgi davrda Rossiya fuqaroligini olish niyatida bo‘lgan shaxslardan rus tilidan imtihon topshirish talab etiladi.

Peterburgdagi qurilishlardan birida ishlovchi 22 yoshli jizzaxlik Jamshid Rossiya fuqaroligi olish niyatida yurgan minglab o‘zbekistonliklardan biri:

- Rus tilini o‘rganish qiyin bo‘layapti, aka. Tirikchilik, lekin o‘rganish kerak, harakat qilayapmiz. Baribir, o‘zbek odamga qiyinda: vaqtida o‘qimagan, to‘p tepgan, darsga kirmagan.. Maktabda o‘qiganmiz, lekin unchalik emas, masalan, 100 foizdan 10 foizini bilamiz.

O‘zbekistonda ish bo‘lmaganidan keyin Rossiyaga kelib ishlaysizda, boshqa ilojingiz ham yo‘qda. Oramizda ikkitasi bilsa, to‘rttasi bilmaydi. Ular ham yarim tilga gaplashadi. Rus tini bilish asqotadi. O‘zimizda ham ruslashib ketyapti hammayoq. “Tashi, ko‘m, kovla”, deydi, bilish kerakku. Bepulga bo‘lsa men ham o‘qirdim. Pullik bo‘lsa ro‘zg‘or boqishim kerak man, aka. 3-4 oydan beri oylik olmaganman, deydi rus tilini o‘rganish zaruratini o‘z tanasida his etib yashayotgan Jamshid.

Rossiyaning turli mintaqalarida rus tilini o‘rgatish bepul kurslari tashkil etilmoqda. Hozirda Qirg‘iziston va tojikistonlik mehnat muhojirlari rus tilidan imtihonlarni o‘z yurtlarida topshirish imkoniyatiga ham ega.

Sankt-Peterburg bo‘yicha Migratsiya xizmati boshqarmasi “shimoliy poytaxtda” muhojirlar sonining keskin oshib borayotganini ma‘lum qilmoqda. Boshqarmadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 2012 yilning birinchi yarmida Peterburg va Leningrad viloyatida 73 380 O‘zbekiston fuqarosiga ishga ruxsatnoma berilgan.

Norasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ Peterburgdagi o‘zbekistonliklar soni yarim milliondan bir milliongacha bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG