Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:51

Test tugadi; Eplagan telefon ham kirgizdi


2012 yilning 1 avgust kuni O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan test imtihonidan olingan bu surat gazeta.uz saytiga tegishli.
2012 yilning 1 avgust kuni O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan test imtihonidan olingan bu surat gazeta.uz saytiga tegishli.

1 avgust kuni O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Testdan chiqqan talabalardan bir nechtasi Ozodlikka qattiq tekshiruvlarga qaramasdan imtihon paytida shpargalkalarning keng spektrini imtihon zaliga olib kira olganini gapirib berdi.

Test xonasida telefonlilar bor edi


Toshkentdagi bir o‘ringa kamida 12 nafar abituriyent da‘vogarlik qilayotgan nufuzli oliygohlardan birida test topshirgan 19 yashar yigit hikoyasi:

- Tekshiruv qattiq bo‘ldi. Qizlarni alohida¸ o‘g‘il bolalarni alohida tekshirishdi. Abituriyentlardan olib qo‘yilgan telefon va boshqa turli shpargalkalar bir savat bo‘ldi.

Qizlarning ichki kiyimlari orasidan shpargalkalarni sug‘urib olishdi. O‘g‘il bolalar kiygan tufli va krossovkalarni¸ yerga qatttiq urib tekshirishdi. (ichida telefon bor degan gumonda)

Shunga qaramay¸ suhbatdosh test sinoviga bir emas¸ ikkita mobil telefoni olib kira olganini aytadi:

- Oyoq kiyimim poshnalariga ikkita telefon joylashtirdim. Qulog‘imda maxsus tugmaday eshitish moslamasi. Cho‘ntaklarimni dollarlar bilan to‘ldirdim.(Ko‘rib qolgan tekshiruvchilarga uzatish uchun.)

"Shpargalka" telefoni bilan qo'lga tushgan abiturient.
"Shpargalka" telefoni bilan qo'lga tushgan abiturient.
Tekshiruvchilarning ikki xalqasidan telefonlarni olib o‘ta oldim. Test o‘tkazilgan katta xonada 55 ta abituriyentga 4 nafar tekshiruvchi-o‘qituvchi bor edi. Ammo boshda ular ancha sust edi. Telefondan foydalanaman deb¸ turganimda o‘quv zaliga o‘risbashara SNB xodimi kirib kelib hamma shpargalkachilarni qiyratdi.

Bittasining telefonini tortib olib¸ haydab chiqardi va bunga yo‘l qo‘ygani uchun xonadagi o‘qituvchiga nisbatan oldimizda dalolatnoma tuzdirdi. Ana shundan keyin to‘rt tekshiruvchi ham faollashib¸ tinimsiz partalararo yurishga o‘tdi.

Pirovarddida telefon olib kirishni eplaganim bilan¸ undan foydalana olmadim deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatlashgan yana bir talaba Urganch universitetining musiqa fakultetiga imtihon topshirdi:

- Men o‘tgan yili balim yetmay yiqilgan edim¸ bu yil test sinovlarini yaxshiroq yechishga harakat qildim. Test sinovida nazorat kuchli bo‘ldi¸ ammo bulturgiday kuchli bo‘lmadi. Ko‘zimning oldida abituriyentlar telefonlardan foydalanishdi. Bir-ikkita tankasi kuchsizlarning telefonini tortib olishdi. Ammo telefondan bemalol foydalanib o‘tirganlarni ko‘rdim¸ deydi urchanchlik abituriyent qiz.

Paravoz guvillab ishladi


Har ikkala suhbatdoshimiz test mobaynida "paravoz" deb aytilgan tizim samarali ishlaganini aytishdi.

Oldindan maxsus tayyorlanib “abituriyent” deya rasmiylashtirib zalga kiritilgan “bilimdon” besh-oltita talabaning test sinovlarini yechib beradi; ya‘ni paravoz bo‘lib ularni tortadi.

"Koka-kola" idishiga solingan "shpargalka".
"Koka-kola" idishiga solingan "shpargalka".
"Paravoz" tizimining yillar davomida mukammallashtirilib kelingani kuzatiladi.

2011 yili Buxoro universitetiga o‘qishga kiritish uchun tashkillashtirilgan jinoiy guruh qo‘lga olingan edi.

Sud-tergov materiallariga ko‘ra “Wi-Fi” to‘lqinli radioaloqa antennalari bilan jihozlangan maxsus uskuna Buxoro shahridagi “Zarafshon” mehmonxonasi tomiga joylashtirilib abituriyentlarga ma‘lumot yetkazib turishni amalga oshirgan.

Buxorodagi 30 kishilik guruh qamoqqa olingani bilan bunday guruhlar yanada mukammallashgan tarzda respublikaning barcha oliygohlari atrofida ishlamoqda¸ deydi ana shunday guruhlarni kompyuter dasturlari bilan ta‘minlovchi Rasul ismli programmist.

1 avgust kungi test sinovlari bilan bog‘liq tafsilotlarni kun davomida boyitishda davom etamiz...


Bu yil O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari 62,9 ming nafar abituriyent qabul qiladi.

O‘zbekiston Oliy ta‘lim vazirligiga ko‘ra, 56607 abituriyent bakalavriatga kirishi, ulardan 19 340 nafari davlat grantlari bo‘yicha, 37 267 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

2012-2013 o‘quv yili uchun magistrlar kvotasi 6,3 ming kishini tashkil etadi.

Ulardan 1566 nafari davlat granti bo‘yicha, 4734nafari to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Davlat kirish imtixonlari 1 avgust kuni bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan yili O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining qabul qilish kvotasi 56 607 ni tashkil etgan edi.

Abiturentlarning 19 560 nafari grant bo‘yicha, 37 047 nafari esa – kontrakt bo‘yicha qabul qilingan edi.
XS
SM
MD
LG