Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:08

Qamchiq dovonidagi halokatda 7 kishi nobud bo‘ldi


Qamchiq dovonida tsement ortgan yuk mashinasi ag‘darilib ketishi oqibatida 7 kishi nobud bo‘ldi, o‘ndan ortiq odam jarohatlandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ tepadan tushayotgan tsementovozning tormozi ishlamay qolib, ag‘darilib ketgan va kamida beshta yengil mashinani bosib ketgan.

Qamchiq dovonida ro‘y bergan avtohalokat haqida Ozodlikka Angrendagi o‘z ishonchli manbasi xabar berdi:

- Bitta tsementovoz ag‘darilgan. Ag‘darilgandan keyin besh-oltita mashinani o‘zi bilan birga sudrab olib ketgan. Voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shofërlar aytishdi buni. Nechta odam o‘lganini aniq bilmayman, lekin ancha o‘liklarni ustiga bir narsalar yopib qo‘yishgan ekan, deyishdi ko‘rganlar, deydi angrenlik Ozodlik manbasi.

Namangan viloyati Yo‘l harakati boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimining Ozodlikk aaytishicha, bu falokat 30 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 14 da Pop tumani hududida sodir bo‘lgan:

- Perevaldan Namangan tomon tushib kelishda yangi betonka qilingan yo‘l bor, bilasizmi? Sadoqat degan choyxona tomon tushib kelishda, ana shu yerda bo‘lgan bu voqea. Tsementovozga yuk ortilgan bo‘lgan, yaqin 20 tonnalik tsementovoz tormozi ishlamay qolganmi yoki boshqa sababmi, ishqilib ag‘darilib ketib uch-to‘rtta yengil moshinani sudrab pachaqlab ketgan. Yetti kishi o‘lgan, yana 10 ortiq odam jarohatlangan deyishyapti, deydi Namangan viloyati Yo‘l harakati boshqarmasi xodimi.

Inspektorning aytishicha, hozir bu voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzilgan va halokat sabablari komissiya tekishiruvidan so‘ng e‘lon qilinadi.

Qamchiq dovoni Toshkent bilan Farg‘ona vodiysini bog‘lovchi yagona avtomobil yo‘l bo‘lib, dengiz sathidan 2268 metr balandlikda joylashgan.

2000 yilgacha Farg‘ona vodiysiga qatnaydigan yuk mashinalari Tojikistonning So‘g‘d viloyati orqali yurgan.

O‘zbekiston Tojikiston bilan viza tartibini joriy qilganidan so‘ng, yuk mashinalari Qamchiq dovoni orqali qatnay boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 10 iyulida "Qamchiq dovoni orqali avtomobil transportida yuk tashuvlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi.

Qarorga muvofiq, 25 yil va undan ko‘p muddatdan beri qo‘llanilayotgan mashinalarga shu yil 1 oktyabridan, 20 yil va undan ko‘p muddatdan beri qo‘llanilayotgan mashinalarga 2014 yilning 1 iyulidan, 15 yil va undan ko‘p muddatdan beri qo‘llanilayotgan mashinalarga 2016 yilning 1 iyulidan Qamchiq orqali yuk tashish taqiqlanadi.
XS
SM
MD
LG