Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:33

O‘IH Usmon Odil vafoti haqida bildirish yoyinladi


Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatini qariyb uch yil boshqardi.
Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatini qariyb uch yil boshqardi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z amiri Usmon Odilning “shahodatga erishgani” haqida xabar tarqatdi.

Mazkur ma‘lumot O‘IHga tegishli ekani aytiladigan www.furqon.com saytida harakatning rasmiy notig‘i Yahyo Hikmatiy nomidan yoyinlangan.

3 avgust kuni chop qilingan bayonotda 35 yoshli Usmon Odilning qachon va qay sharoitda dunyodan o‘tgani haqida tafsilotlar ochiqlanmagan.

“Harakatimizning asoschisi shahid Muhammad Tohir “Foruq” rahimahullohdan keyin Usmon Odil birodarimiz uning ishini munosib ravishda davom ettirdi va sodiqlarimiz qatorida o‘z jihodiy sangarida ko‘pdan beri orzu qilib kelgan shahidlik maqomiga yetishdi”, deyish bilan kifoyalaniladi O‘IH bayonotida.

O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri Tohir Yo‘ldosh halok bo‘lganidan keyin (2009 yil) bu haqda 2010 yil avgustida e‘lon qilgan harakat a‘zolari o‘shanda o‘zlariga Usmon Odil rahbar saylaganlari to‘g‘risida ma‘lum qilgandilar.

Tohir Yo‘ldoshning kuyovi ekani aytiladigan Usmon Odil O‘IHga amirlik maqomida o‘tgan 3 yil mobaynida harakatning avvalgi lideridek dong taratolmagani kuzatiladi.

Avvalroq ayrim tahlilchilar Tohir Yo‘ldosh kabi xarizmatik shaxs boshqaruvidan mosuvo bo‘lgan O‘IH mayda guruhlarga parchalanib ketishi mumkinligidan bahs etgandilar.

Biroq harakat o‘z bayonotlarida o‘zini monolit tashkilot sifatida ko‘rsatishga urinishda davom etmoqda.

Chunonchi, kuni kecha e‘lon qilingan bayonotda O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining barchalari “yakdillik bilan” Usmon G‘oziy ismli kishini o‘zlariga amir saylab, unga bay‘at bergani aytiladi.

O‘IHga amir saylangan bu shaxsni keng jamoatchilik yaxshi tanimaydi va u haqida ma‘lumotlar qariyb yo‘q.

O‘zbekistonda islomiy davlat qurish iddaosi bilan tashkil topgan O‘zbekiston Islomiy Harakati 1990 yillarda avval Tojikiston, keyinchalik esa Afg‘onistonda faoliyat yuritgan.

2001 yil AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg‘onistonda Tolibon harakatini hokimiyatdan ag‘dargach, O‘IH guruhi Pokistonning qabilalar nazoratidagi mintaqalarida panoh topgan.

Ham O‘zbekiston¸ ham xalqaro maydonda Al-Qoida tarmog‘iga aloqador terror guruhlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati safida qancha a‘zo borligiga oid aniq ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG