Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:06

Davlat telekanallari qoidabuzar diplomatlarni qoraladi


O‘zbekiston rasmiy telekanallarida yo‘l harakati qoidalarini pisand qilmayotgan xorijlik diplomatlar tanqid qilindi.

4 avgust kuni NTT, unga qadar “O‘zbekiston” va “Yoshlar” telekanallari orqali efirga uzatilgan maxsus ko‘rsatuvda aytilishicha, joriy yilning birinchi yarim yilida xorijiy elchixona va xalqaro tashkilot vakillari tomonidan 14 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi.

Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiysi Zoir Saidaliyev xorijlik diplomatlar aybi bilan majruhlikka sabab bo‘layotgan yoki o‘limga olib kelayotgan avtohalokatlar ko‘payayotganini ma‘lum qildi. Unga ko‘ra, chet el diplomatik korpuslari vakillari ishtirokida 2010 yilda 19 ta, 2011 yilda 12 ta yirik avtohalokat ro‘y berdi.

Ichki ishlar rasmiysi bu borada muayyan shaxs yoki davlat nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, harakat qoidalarini buzgan diplomatlar ko‘p hollarda o‘z mansabini ro‘kach qilib, nozirlar talabiga bo‘ysunmayotganini bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-28 iyul kunlari Toshkentda uyushtirilgan reydlarda 16 nafar qoidabuzar diplomat aniqlangan.

- Diplomatik missiya xodimlari, hamma sohada bo‘lganidek, yo‘llarda harakatlanishda ham ibrat bo‘lishi kerak. Lekin amalda buning aksini ko‘rmoqdamiz. Diplomatlar aksar hollarda yo‘l belgilarini pisand qilmay, tezlikni me‘yordan oshirmoqdalar. Hammasidan xavotirlisi, mast holda avtomobil boshqarmoqdalar, - dedi ichki ishlar rasmiysi.

Mamlakat qonunchiligi bo‘yicha CMD, D, UN va X davlat raqamiga ega diplomatik korpus mashinalarining oynasi qoraytirilishi mumkin. Saidaliyevga ko‘ra, reydlar davomida mazkur tartib ko‘p marotaba buzilgani kuzatilgan.

Ichki ishlar rasmiysi bu kabi qoidabuzarliklarga qarshi kurash izchil davom ettirilishini aytarkan, diplomatlarni tartibga chaqirdi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24 fevraldagi 49-sonli qarori bilan diplomatik korpus va xorijiy tashkilotlar avtomobillari mamlakatda o‘rnatilgan tartib asosida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi majburiy etib belgilangan.

Hukumat qaroriga muvofiq, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ruxsatsiz qayta jihozlangan yoki belgilangan muddatda texnik ko‘rikdan o‘tmagan diplomatik korpus mashinasi raqamini yechib olish huquqiga ega.

Joriy yilning mart oyida Tashqi va Ichki ishlar vazirliklari hamda Oliy sud O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlarning xodimlariga nisbatan yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun ma‘muriy javobgarlik chorasini qo‘llash to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqdi.

Ushbu yo‘riqnomadan kelib chiqilsa, joriy yilning 23 martidan yo‘l harakati nozirlari diplomatik vakolatxonalar mashinalarini to‘xtatib, texnik ko‘rikdan o‘tganlik haqidagi hujjatni talab qilishga haqli. Mazkur hujjatda diplomatik immunitetga ega shaxslarning ma‘muriy javobgarligi ham ko‘zda tutilgan.

So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalari diplomatlar sodir etgan qator avtohalokatlar haqida xabar berdi.

2010 yil 11 dekabr kuni Qirg‘iziston elchixonasi xodimi Adilet Murataliyev “Ford Mondeo” mashinasida Toshkentning Shahrisabz ko‘chasidagi tramvay bekati to‘sig‘iga borib urilgan. Mashinani mast holda boshqarganlikda ayblanmish Murataliyev ishdan bo‘shatilgan.

2009 yil 4 iyun kuni Toshkentda “Nissan Maksima” mashinasini boshqarib kelayotgan Qozog‘iston elchixonasi diplomati “Toyota Prado” avtomobili bilan to‘qnashib ketgan. Natijada bir yo‘lovchi vafot etgan, ikki yo‘lovchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

2006 yil 9 aprelda Toshkentning Buyuk ipak yo‘li chorrahasida frantsuz diplomati L.But VAZ-2106 mashinasini urib yuborgan. Mashina ichidagi Z.Rahmonov va A.Polyudova Respublika neyroxirurgiya markaziga yotqizilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston poytaxti ko‘chalarida Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya elchixonasi xodimlari yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lgani xabar qilingan.
XS
SM
MD
LG