Линклар

logo-print

RASO O‘zbekistonga moratoriy joriy qilishga chaqirdi


RASO O‘zbekistonda Rossiya fuqarolari huquqlari poymol etilayotganidan xavotirda.

RASO O‘zbekistonda Rossiya fuqarolari huquqlari poymol etilayotganidan xavotirda.

Jamoatchilik aloqalari bo‘yicha Rossiya assotsiatsiyasi (RASO) mamlakatdagi kommunikatsiya tashkilotlarini O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari va shirkatlari bilan hamkorlik qilishga moratoriy joriy qilishga chaqirdi.

RASO rasmiy saytida e‘lon qilingan bayonotda tashkilot MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi “O‘zdunrobita”ga nisbatan davom etayotgan bosimdan “xavotirda ekani” bildiriladi.

“Nafaqat kompaniya, balki uning oddiy xodimlariga bo‘layotgan bosim rus va o‘zbek xalqlarining asrlar davomida shakllangan qo‘shnichilik munosabatlariga jiddiy zarar keltirmoqda”, deydi Ozodlikka RASOning Xalqaro biznes taraqqiyoti bo‘yicha direktori Natalya Gurova.

- Bizningcha, bunday holat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniyatli biznes taraqqiyotiga putur yetkazayotgani hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida Rossiya fuqarolarining haq-huquqlari poymol etilayotganidan darakdir. Ayblanuvchilarga ayblov xususida biror jo‘yali ma‘lumot berilmayotgani, ularning protsessual huquqlari ta‘minlanmagani va kafolatlanmayotgani, ayni paytda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ularning “uyushgan jinoiy guruh a‘zolari” deb atayotgani xolis tergov va betaraf sud ta‘minlanishi xususida shubhalarimizni uyg‘otmoqda, deydi Natalya Gurova.

RASO rasmiysi O‘zbekistnda "ro‘y berayotgan bedodlik" bois tashkilot butun Rossiya media-jamoatchiligini O‘zbekiston tuzilmalari, axborot vositalari va idoralari bilan vaqtinchlik aloqa qilmaslikka chaqirishini qo‘shimcha qildi.

“Rossiya jamoatchiligiga ikki iltimos bilan murojaat qilmoqdamiz”, deya davom etadi RASO vakili Natalya Gurova.

- Ularda mavjud barcha resurslardan foydalangan holda O‘zbekistonda hibsga olingan MTS xodimlari bilan yuzaga kelgan vaziyatni yoritishga va jamoatchilikka yetkazishga chaqirdik. Bundan tashqari, yana bir taklifimiz, O‘zbekiston axborot tuzilmalari va kompaniyalari bilan xalqaro huquq normalari asosida har qanday aloqalarga moratoriy joriy qilishdan iboratdir, deydi Ozodlikka Jamoatchilik aloqalari bo‘yicha Rossiya assotsiatsiyasi vakili Natalya Gurova.

Suhbat so‘ngida Gurova RASO “O‘zdunrobita” bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etishini bildirdi.

Jamoatchilik aloqalari bo‘yicha Rossiya assotsiatsiyasi (RASO) 1991 yilda tuzilgan notijorat jamoatchilik tashkiloti. Assotsiatsiya Rossiya PR bozoridagi eng yirik jamoatchilik birlashmasi bo‘lib, unga jamoatchilik aloqalari sohasida faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat tashkilotlari va jismoniy shaxslar birlashgan.
XS
SM
MD
LG