Линклар

Suriya Bosh vaziri Riyod Hijob oilasi bilan Iordaniyaga qochgani va isyonchilar tarafiga o‘tganini ma‘lum qildi.

Suriya davlat televideniyesi mamlakat Bosh vaziri Riyod Hijob Iordaniyaga qochib ketishi ortidan lavozimidan bo‘shatilgani haqida xabar qildi.

Iordaniya rasmiylari Riyod Hijob o‘z oilasi bilan mamlakatga qochib o‘tganini tasdiqladi.

Sobiq qishloq ho‘jaligi vaziri Hijob joriy yilning 23 iyun kuni bosh vazir etib tayinlangan, ya‘ni Hijob parlament saylovlaridan so‘ng bu lavozimga kelgan.

Assad rejimi bu saylovni siyosiy islohotlar yo‘lidagi muhim qadam o‘laroq baholagan. Biroq Suriya muxolifati saylovni noqonuniy deb atab, uni tan olmagan.

Riyod Hijobning matbuot vakili Muhammad al-Otriyning Al Jazira telekanaliga aytishicha, sobiq bosh vazir Assad rejimining “genotsedi”ga qarshi norozilik sifatida isyonchilar tomoniga o‘tgan.

“Men (Riyod Hijob -tahr.) bugun qotil va terrorchi rejimdan voz kechishimni e‘lon qilaman. Men ozodlik va insoniylik inqilobchilari safiga qo‘shilishimni ma‘lum qilaman. Men bugungi kundan e‘tiboran bu muqaddas inqilobning askariman” deyiladi Hijob bayonotida.

Al-Otriyga ko‘ra, Riyod Hijobning oilasi bilan qochish rejasi Ozod Suriya armiyasi tomonidan uyushtirilgan.

Suriya Milliy kengashi lideri Abdel Basset Sayda bosh vazirning qochishini Assad rejimining "qulayotgani" nishoni sifatida baholadi.

Suriya Bosh vazir o‘rinbosari Umar Galavanjiy Hijob o‘rniga vaqtincha Bosh vazir etib tayinlangani aytilmoqda.

Hijob bilan birga yana uch vazir qochgani haqida xabarlar ham bor.

Aleppoda shiddatli janglar davom etgan 6 avgust kuni Damashqda Suriya Davlat televideniyesi binosida portlash sodir bo‘ldi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, portlash oqibatida kamida uch kishi jarohatlangan. Suriya televidenisining xabar qilishicha, portlash ko‘rsatuvlar namoyishiga shikast yetkazmagan.

Portlash bo‘yicha ma‘suliyatni hozircha hech bir guruh o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Suriya Axborot vaziri Umran al-Zubiy hujum uchun muxolifatchilarni dastaklayotgan xorijiy davlatlar “siyosiy javobgardir” deya bayon qildi.

- Doha, Tel-Aviv, Anqara va Ar-Riyod siyosiy ma‘nodagi javobgarlar. Ular bu ishlar ortida kim turganini bilishadi. Ular buning Dohadagi Arab davlatlari Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida berilgan oshkora buyurtmalar ekanini bilishadi. Ular Suriya matbuoti ovozini o‘chirish haqida gapirishdi. Bunday harakat bir qancha yo‘nalishda amalga oshirilmoqda, dedi Umran al-Zubiy.

Yakshanba kuni Suriyaning birinchi va yagona kosmonavti general Muhammad Ahmad Foris ham Assad rejimidan qochib Turkiyaga o‘tgani xabar qilindi.
XS
SM
MD
LG