Линклар

logo-print

Shveytsariya prokuraturasi Jenevada O‘zbekistonning ikki fuqarosi qo‘lga olinganini tasdiqladi. Prokuraturaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, ular Shveytsariya tomonidan taftish qilinayotgan pul yuvishga doir jinoyat ishi bo‘yicha qo‘lga olingan. Ulardan tashqari yana ikki o‘zbekistonlik ham bu ishga aloqadorligi aytilmoqda. Boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra, bu ishga prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ham aloqador bo‘lishi mumkin.

Shveytsariya prokuraturasi tergov boshladi


O‘zbekiston fuqarolari Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashev o‘tgan hafta Jenevada hibsga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Shveytsariya prokuraturasi seshanba kuni Ozodlik so‘roviga javoban yo‘llagan rasmiy xatida ularning ismlari keltirilmagan. Lekin O‘zbekistonning ikki fuqarosi Jenevada qo‘lga olingani tasdiqlangan bayonnomaga ko‘ra, bu Shveytsariya Bosh prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergov doirasida amalga oshirilgan.

"Ayni vaqtda bu ish bo‘yicha to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi pul yuvish (g‘ayriqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadni mashrulashtirish-tahr.) amaliyotiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Ikki kishi hibsga olindi", deyiladi Shveytsariya prokuraturasi bayonotida.

O‘zbekiston hukumati va maxfiy xizmatlarida o‘z manbalariga ega bo‘lgan Uzmetronom nashri 4 avgust kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashev Jenevadagi Lombard Odier banki binosida hibsga olingan.

Lekin ayni bank Lombard Odier banki Ozodlik murojaatiga javoban yuborgan rasmiy bayonotida bank binosi yoki hududida hech kim hibsga olinmagani ta‘kidlanadi. Ayni paytda bayonot bank binosi oldida bunga o‘xshash hodisa bo‘lganmi, yo‘qmi degan savolni ochiq qoldirdi.

Shuningdek, Lombard Odier banki vakili Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashev bank mijozlari bo‘lganmi, yo‘qmi degan savolni ham javobsiz qoldirdi.

"Shveytsariyaning bank faoliyatiga oid qonunchiligiga ko‘ra, bankimizning biror shaxs bilan aloqalarini na tasdiqlay, na inkor qila olamiz", deyiladi bayonotda.

Jenevada o‘t yoqsam Toshkentda tutuni


Ayni paytda, Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonasi oldida 4 avgust kuni norozilik namoyishi o‘tkazilgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi uyushtirgani aytilayotgan piket o‘tkazilganini Ozodlik muxbiri Fond Forum va Shveytsariya elchixonasidan tasdiqlashga harakat qildi, lekin buning iloji bo‘lmadi.

Shu sababdan hozircha, norozilik namoyishi o‘tkazilganiga oid xabarning yagona manbasi faqatgina Rossiya maxsus xizmatlari nazorat qilishi aytiladigan Tsentraziya.ru bo‘lib qolmoqda.

Seshanba kuni Tsentraziya.ru sayti e‘lon qilgan xabarda aytilishicha, Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashevning Jenvada hibsga olinishidan norozi bo‘lib “Shveytsariyaga sharmandalik” qabilidagi shiorlarni ko‘tarib chiqqan namoyishchilarga elchixonani qo‘riqlab turgan o‘zbek militsiyachilari qarshilik ko‘rsatmagan.

Tsentraziya.ru nashri Fond Forumdagi manbaga tayanib, norozilik aktsiyasi bevosita Gulnora Karimova buyrug‘iga ko‘ra o‘tkazilgani, boz ustiga prezident qizi elchixona yaqinida mikroavtobusdan turib, norozilik aktsiyasini shaxsan boshqarib turganini yozdi.

Yuvilgan pullar kimga qarashli?


Ayni paytda, Jenevada hibsga olingan o‘zbekistonliklar ishini kuzatayotgan frantsiyalik jurnalist ismi oshkor etilmasli sharti bilan Ozodlikka bergan ma‘lumolarga qaraganda, Shoxrux Sobirov va Alisher Ergashev Gulnora Karimovga aloqador shaxslardir. Ular Jenevadagi Lombard Odier bankiga ham Gulnora Karimovaning ko‘rsatmasiga ko‘ra borganlar, deydi frantsuz jurnalisti.

Uning aytishicha, Shveytsariya rasmiylari o‘zbekistonliklarni hibsga olish bilan birga Gulnora Karimovaga qarashli bank hisob raqamlarini ham muzlatib qo‘ygan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri 1975 yilda tug‘ilgan Alisher Ergashev 2002 yildan beri Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan Coca-Cola-Uzbekistan shirkati direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Frantsuz jurnalisti bergan yana bir ma‘lumotga ko‘ra, Shveytsariyadagi ishga 1985 yilda tug‘ilgan Gayane Avakiyan ismli O‘zbekiston fuqarosi ham aloqador bo‘lishi mumkin.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Gayane Avakiyan Gulnora Karimovaning yaqin gumashtalaridan biridir. Rasman Fond Forum uyushtiradigan Style.uz madaniyat haftaliklarining bosh direktori hisoblangan Gayane Avakiyan, manbamizning aytishicha, Gulnora Karimovaning moliyaviy ishlarini boshqaradi.

"Shveytsariya banklaridagi Gulnora Karimovaga qarashli hisob raqamlar ham Gayane Avakiyan nomiga rasmiylashtirilgan", deydi suhbatdoshimiz.

Rossiya maxsus xizmatlari nazorat qilishi aytiladigan Tsentraziya.ru nashri e‘lon qilgan maqolada iddao qilinishicha, Jenevada hibsga olingan o‘zbekistonliklar tomonidan daxl qilingan Lombard Odier bankidagi hisob raqamlar ham Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan.

Gulnora Karimova 2009 yilda 50 million Shveytsariya frankiga Jenevada sotib olgan hashamatli hovli uchun ana shu hisob raqamlaridan foydalangani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG