Линклар

logo-print

Gap Toshkentdagi narxlar ustida bormoqdaki bu haqda Ozodlik muxbiri qirg‘izistonlik o‘zbek bastakori Bahromjon Azimov bilan suhbatlashdi. San‘atning pulga bog‘liq jihatlari to‘g‘risida so‘z yuritishga taniqli xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva bilan bog‘liq bir mojaro to‘g‘risidagi xabar sabab bo‘ldi.

Xonanda tojik xonandasi Shabnam Surayyoniki ekanligi aytilayotgan qo‘shiqni ruxsatsiz aytayotgani to‘g‘risidagi Celebrities.uz sayti xabarini keyingi kunlarda qator agentliklar ko‘chirib bosdi.

Asalxo‘jayeva bilan bog‘liq gap-so‘zlar bastakor Bahromjon Azimov bilan xonandalar orasida ko‘chirmachilik qanchalik keng tarqalgani to‘g‘risida suhbat qurishga bahona bo‘ldi.

Tabiiyki, birinchi savolimiz suhbatimizga turtki bo‘lgan Mavluda Asalxo‘jayeva bilan bog‘liq xabardan kelib chiqdi.

Ozodlik: Shabnam Surayyoniki ekanligi aytilayotgan qo‘shiqni Asalxo‘jayeva ijrosida eshitdingizmi?

- Masalan men o‘zim u qo‘shiqni hali eshitganim yo‘q. Lekin Mavluda Asalxo‘jayeva turkcha ashulalardan olib aytishini bilaman. U tojikchani men eshitganim yo‘q.

Ozodlik: O‘zi umuman birovning qo‘shig‘ini o‘zining tiliga ko‘chirib aytish qanchalik keng tarqalgan?

- Yaxshigina tarqalgan. O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham. Mening o‘zim qilgan qo‘shiqlarni o‘zbekistonliklar aytaverib, o‘sha yerda yilning yaxshi qo‘shig‘i bo‘libdimi bitta qo‘shig‘im. O‘zimniki deb aytgan u bola. Izlab orqasidan toptiray desam, o‘zimizning G‘ayrat Usmonovning shogirdi ekan. Topib berishmadi gapning qisqasi.

Yana bitta ashulachining Toshkentga borib telefonini topib studiyalardan telefon qilsak, bilib qolib keyin olmay qo‘ydi. Esladim degan qo‘shig‘imni aytibdida. Eng qiziq yeri shuki, men o‘zbekcha qilib yozganman 5-6 qo‘shiqni, ular qirg‘izchadan ko‘chirishgan. Mening o‘zbkecha yozganimni qirg‘izchaga tarjima qilganmizda. O‘zbeklar o‘zbekchaga tarjima qilishib yana o‘zimizning so‘zlar yozilib qolgan.

Ozodlik: Nima uchun o‘g‘irlashadi? Bastakorga borib o‘zi original yozdirsa bo‘lmaydimi? yo sizlar oladigan gonorar juda kattami?

- Bizning Qirg‘izistonniki katta emas. Kulgili darajada arzon. Bular endi tekinini xohlagan ashulachi bo‘lsa kerakda. Tekini kerak shekillida.

Ozodlik: Narxni umuman gaplashayapmiz. O‘zbekistonda bastakorning bitta qo‘shiq yozib berishi qancha turadi?

- Ideya deb qo‘yamiz. So‘z yozilishidan oldin, aranjirovka bo‘lishidan oldin ideya tug‘iladi. Kompozitorning ishi. Na-na-na deb ideya qilamiz. Masalan kelib qolgan paytda diktofongami, pianino bilan chalibmi, qisqasi so‘zi yo‘q na-na-na-na deb aytib qo‘yamiz. Xuddi shu narsa O‘zbekistonda minimum 300 dollar ekanmush. Endi albatta yoqsa oladida o‘sha pulga. Eng arzoni bu.

Ozodlik: Musiqa tayyor bo‘lgandachi?

- Musiqa, aranjirovka eshitishimga qaraganda minimum 500 dollar. Toshkentni aytayapman men.

Ozodlik: Demak, so‘zlarini qo‘shsa, u yoq bu yog‘i 1000 dollarga bitarkanda ashula-a?

- Bemalol. 1000 dollardan oshishi ham mumkin. Chunki men minimum narxlarni aytayapmanda.

Ozodlik: Siz o‘zlaringizning mahsulotlarni, xususan musiqani o‘g‘irlikdamn himoya qilishning mexanizmi, qonuniy asoslari yo‘qmi?

- Qirg‘izistonning ichida qirg‘izistonliklar aytsa bor. O‘zbekiston bilan shartnomamiz yo‘q ekanda shunaqa mening bilishimga qaraganda. Shuning uchun bemalol aytib yuborilayaptida. O‘zbekistonliklarnikini ham qirg‘izistonliklar aytib yuborayapti. Aynan shunaqa dogovor yo‘q shekillida, deydi qirg‘izistonlik bastakor Bahromjon Azimov.

Bastakor bilan suhbatimizga taniqli xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva tojik xonandasi Shabnam Surayyoniki ekanligi aytilayotgan “Naravad” qo‘shig‘ini ruxsatsiz o‘zbekchalashtirib aytayotgani to‘g‘risidagi xabar sabab bo‘lgani uchun, biz, albatta, bu masalani ham o‘rganishga harakat qildik.

“Naravad” qo‘shig‘i matni muallifi Farhod Milod o‘zining ham, musiqa muallifi Robert Mirzoyanning ham, xonanda Shabnam Surayyoning ham Mavluda Asalxo‘jayevaga da‘vosi yo‘qligini bildirdi.

- O‘zbek va tojik xalqlari har doim ham bir-birovimizning qo‘shiqlarimizni o‘zaro o‘zlashtirib, tajriba almashib kelganmiz, shaxsan men bu masalada, aynan mana shu qo‘shiq bilan bog‘liq hech qanday yomonlik ko‘rayotganim yo‘q, dedi Farhod Milod.

Shunday qilib, Mavluda Asalxo‘jayevadan fikr so‘rash zarurati ham o‘z o‘zidan yo‘qolib qoldi.
XS
SM
MD
LG