Линклар

logo-print

Amerikalik pop-yulduz Madonna Moskvada 7 avgust kuni bergan kontsertida Rossiya rahbariyatini “fikr bildirish huquqini hurmat qilishga” va Pussy Riot pank-rok guruhining qamoqda saqlanayotgan uch a‘zosini ozod qilishga chaqirdi.

Madonnaning kontsert paytida Pussy Riotni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan chiqishi 6 daqiqaga cho‘zildi.

“Pussy Riot to‘g‘risida bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqchiman. Men o‘z fikrimni ayta olish huquqini beradigan mamlakatdan ekanligimdan faxrlanaman”, dedi Madonna.

“Biroq bunday huquq bu yerda – Rossiyada, Frantsiyada, Eronda, umuman Yer yuzi bo‘ylab hamma joyda bo‘lishini orzu qilaman. Inson ekanmiz, o‘z fikrimizni izhor eta bilish huquqiga ega bo‘lishimiz kerak”, deb davom etdi xonanda.

Madonnaning kontserti Moskvaning Xamovniki tuman sudida Pussy Riot pank-rok guruhining bezorilikda ayblanayotgan uch a‘zosi ustidan o‘tkazilayotgan sudlovning 8-kuniga to‘g‘ri keldi.

Prokuror fikricha, sudlanayotgan qizlarning bezorilik qilgani to‘la isbotlangan.

Pussy Riot pank guruhi a‘zolari Nadejda Tolokonnikova, Mariya Alexina va Yekaterina Samutsevich bezorilik va Rus Pravoslav cherkovini haqoratlaganlikda ayblanmoqda.

Madonna Moskvada o'tkazgan konsertida beliga Pussy Riot guruhi nomini tushirdi.

Madonna Moskvada o'tkazgan konsertida beliga Pussy Riot guruhi nomini tushirdi.

G‘ayrioddiy chiqishlari bilan Rossiyada nom qozongan Pussy Riot musiqiy pank-guruhi 21 fevral kuni Rus pravoslav cherkovining bosh ibodatxonasi - Moskvadagi Iso Masih ibodatxonasida “musiqiy namoyish” uyushtirgan va “Xudoyim, Putinni hayda!” deya kuylagan edi.

Madonnaning Pussy Riot bilan bog‘liq nutqini, uning “hatto boshqalar, hatto davlat fikrlarimga qarshi bo‘lsa ham men o‘z fikrimni bildirish huquqiga ega bo‘lishim kerak, fikr bildirish erkinligini men shunday tushunaman”, degan mazmundagi gaplarini tomoshabinlar olqishlar bilan kutib oldi.

“Men o‘z fikrimni ayta oladigan, biz o‘z fikrimizni ayta oladigan mamlakat – Amerikadan ekanligimdan baxtliman, bundan faxrlanaman. Artist sifatida ham, inson sifatida ham, ayol sifatida ham agar boshqalar fikrimga qo‘shilmasalar-da uni bildirish huquqiga egaman. Demokratiya shudir”, dedi Madonna.

Pop-yulduz Pussy Riot guruhining sudlanayotgan a‘zolarini nomma-nom tilga olganida esa, uning ovozi tomoshabinlar hayqirig‘iga ko‘milib ketdi.

“Masha, Katya va Nadyalar qilgan ishlari uchun jazolarini olib bo‘lishdi. Men ularning ozodlikka chiqishini duo qilaman. Ularning ozodlikka haqlari bor”, dedi Madonna.
XS
SM
MD
LG