Линклар

London olimpiadasining bronza medal sohibi buxorolik 25 yoshli Rishod Sobirov oltin medal umidida so‘nggi to‘rt yil davomida tayyorgarlik ko‘rganini aytadi.

London Olimpiadasida Rishod Sobirov bronza medalni qo‘lga kiritgan kun u tug‘ilib o‘sgan Buxoroning Jondor tumanidagi Burbog‘i qishlog‘ida haqiqiy bayram bo‘ldi.

Rishod Sobirovning Ozodlikka aytishicha, u medal bilan O‘zbekistonga qaytgan kun ham qarindoshlari va do‘stlari uni Toshkent aeroportida xursandchilik bilan kutib olgan.

- Aeroportda kutib olishdi. Juda zo‘r bo‘ldi. Dadam, oyimlar kelishdi. Kayfiyatim a‘lo darajada bo‘ldi. Men kutgan insonlarning barchasi keldi. Xursandman,- deydi Rishod.

Sportchining aytishicha, u katta tayyorgarlik ko‘rgani bois London olimpiadasida oltin medal olishiga qattiq ishongan.

- Men London olimpiadasiga 2008 yildan beri tayyorlanganman. To‘g‘risini aytsam, tayyor edim oltin medal olishga. Bilmadim mendan omad yuz o‘girdimi nima bo‘ldi, bronza medalini qo‘lga kiritdim. Tayyorgarligimiz juda zo‘r edi. Ustozlarimiz Andrey Anatolevich bilan birgalikda juda yaxshi tayyorlangan edik. Omad kelmadi ozgina.

Ozodlik: Musobaqalardan oldin hayajon bo‘ldimi?

- Olimpiada har to‘rt yilda keladi. Olimpiadaga borishning o‘zi sportchilarimizning katta yutug‘i bo‘ladi. Hayajon bo‘lgan. Men o‘ylayman har bir sportchida hayajon bo‘ladi. Hayajonsiz olimpiadani yutish juda qiyin. Har bir sportchi oltin medal va umuman medal olishga tayyor bo‘ladi. U yoqqa barcha professional sportchilar boradi. Hayajon bo‘ladi. Xudo xohlasa O‘zbekistonga birinchi oltin medalni bersam deganman. Mendan keyin sportchilarimizning kayfiyati a‘lo bo‘la boshlaydi degan niyatda edim.

Ozodlik: Siz kutgan medal oltin emas bronza bo‘ldi. Keyin kayfiyatingiz qanday bo‘ldi?

- Endi kimlardir medal ololmasdan ham qaytadiyu...

Ozodlik: Og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov olimpiadada to‘rtinchi o‘rinni olganida hatto yig‘ladi. Oltin emas bronza bo‘lib qolganida siz o‘zingizni qanday sezdingiz?

- Endi u holat har bir sportchining yuragidan o‘tadi. Bunday vaziyatda xursand bo‘lganman. Olimpiada chempionlari ham birinchi krugdan chiqib ketgani bo‘lganda. Lekin men bu bilan, to‘g‘risi, Xudoga shukur qilaman. Imkoniyatim ham, niyatim ham bor edi oltin medalga.

Ozodlik: Otangiz bilan gaplashganimda “O‘g‘limdan oltin medal kutgan edim. O‘zi ham oltin medal va‘da qilgan edi” dedi.

- Endi xafa bo‘lganlar ko‘pchilik. To‘g‘risi uydan ketayotganimda “men oltin medal olaman” deb aytgan edim. Ko‘pchilik oltin medal kutishgan endi mendan.

Ozodlik: O‘zbekistonlik olimpiadachilar orasida 2-3 karra jahon chempioni bo‘lganlar, oldingi olimpiadalarda yaxshi o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar bor. Nimaga medallar soni ko‘paymayapti?

- Endi bilmadim. Boshqa sport turlarini bilmadimu, lekin men dzyudoni aytadigan bo‘lsam, dzyudochilarimizdan ancha medal kutishgan edi. Dzyudochilarimizga ko‘z tegdimi nima bo‘ldi bilmadim. Umidimiz mana boksyorlarimizdan, erkin kurashchilarimizdan. Bo‘lishi kerak. Mana Abbos Atoyev yarim finalga chiqdi. Bugun ertaga kutib qolamiz medallarni,- deydi Rishod Sobirov.

XS
SM
MD
LG