Линклар

Siyosatchi, qo‘shiqchi, dizayner, shoira Gulnora Karimova 6 avgust kuni sportdagi mahoratini namoyish qilib, Qibraydagi media lagerida yosh jurnalistlarga karate va ushu bo‘yicha master-klass ko‘rsatdi.

6 avgust kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Umid gulshani” oromgohida tashkil qilingan yosh jurnalistlar media lageriga Gulnora Karimova tashrif buyurdi.

Bu kun hatto “Umid gulshani” ishchi-xizmatchilariga ham oromgoh hududiga kirish taqiqlandi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan oromgoh xodimasiga ko‘ra, ular media lagerda Gulnora Karimova karate, ushu va gimnastika bo‘yicha dam oluvchi jurnalistlarga master klass ko‘rsatgani haqida eshitganlar.

Ismini oshkor qilmayotganimiz suhbatdoshga ko‘ra, o‘sha kuni oromgohda faqat media lager xodimlari, xorijlik mehmonlar va juda ko‘plab qo‘riqchilar bo‘lgan.

“O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi – Fond Forum rasmiy saytida Qibraydagi media lagerda Gulnora Karimova yoshlarni jismoniy tarbiya, sport bilan shug‘ullanishga da‘vat qilgani va o‘zining mahoratini namoyish qilib barchani hayratga solgani haqida yozdi.

Sayt Karimova xonimning jurnalistlarga sportning qaysi turlarini namoyish qilgani haqida ochiqlamagan.

Karimovaning Qibrayga tashrifi tafsilotlarini o‘rgangan Uzmetronom.com sayti yozishicha, 6 avgust kuni prezident qizining jurnalistlarga sport bo‘yicha master-klass ko‘rsatishi uchun sun‘iy chim to‘shalgan.

Sayt ma‘lumotiga ko‘ra, Karimova ushu, karate va gimnastika bo‘yicha qizlar uchun master-klass ko‘rsatgan va yigitlarga kelgusi safar o‘z mahoratini o‘rgatishga va‘da qilgan.

“Umid gulshani” oromgohidagi manbaga ko‘ra, 5 avgust kuni ochilgan media lager 18 avgustgacha faoliyat ko‘rsatadi.

Manbaning aytishicha, mamlakatning turli hududlaridan kelgan jurnalist, operator va montajchilardan iborat 150 dan ziyod yoshlar lagerda dam olish bilan birgalikda xorijlik mehmonlardan jurnalistika sirlarini ham o‘rganishadi.


Fond Forum saytida yozilishicha, media lagerdagi xorijliklar orasida, jumladan, yevropalik taniqli kino prodyusser Reji Gazelbash, Rossiyaning Amazing life telekanali rejissyori Aleks Strenov, hindistonlik operator Shamso‘z Zoxa, mashhur “Pushtirang parterra” multfilmi rejissyor-animatorlaridan biri tailandlik Adesoron Saovadelar bor.

Xorijlik mehmonlar ikki hafta davomida telejurnalistika, gazeta va Internet jurnalistikasi bo‘yicha ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlar olib borishadi.

Fond Forum ma‘lumotiga ko‘ra, Qibraydagi media lager Gulnora Karimova tomonidan tashkil qilingan.

Siyosatchi, dizayner, qo‘shiqchi, shoira sifatida tanilgan va keyingi paytda Fond Forum orqali o‘z sahovatpeshaligini namoyish qilayotgan Gulnora Karimova ayni paytda Yoshlar media kengashi raisi hamdir.
XS
SM
MD
LG