Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:00

Gulnora Karimova 4 soat samolyotni ushlab turdi


8 avgust kuni Toshkent aeroportidan Moskvaga ketayotgan samolyot O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova deb to‘rt soat kech uchgan. Toshkent xalqaro aeroporti xodimi “Harakat” mustaqil internet nashrida samolyot kechikgani haqida berilgan xabarni tasdiqladi. Lekin uchoq aynan Gulnora Karimova deb kechikgani haqda ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Aytilishicha, 8 avgust kuni HY603 Toshkent-Moskva reysi bo‘yicha Boing 767 uchog‘i bortiga chiqarilgan yo‘lovchilar diqqi nafasda to‘rt soat Karimova xonimning kelishini kutib o‘tirishgan.

“Harakat” mustaqil internet nashriga xat yo‘llagan manbaning iddaosicha, bir million so‘m qimmatroqqa birinchi klass chiptasini sotib olgan barcha yo‘lovchilarni prezident qizining qo‘riqchilari o‘ta qo‘pollik bilan ekonom klassga haydagan.

Uchqich bortida Moskvaga jarrohlik uchun borayotgan yuragi og‘ir hasta ikki bemor ham bo‘lgani, to‘rt soatlik kutish payti ularni ahvoli og‘irlashgani, Toshkent aeroportidan vrachlar samolyotga chaqirtirilganini ham yozadi "Harakat" manbasi.

8 avgust kuni ertalab soat 07.15da uchishi kerak bo‘lgan HY603 Toshkent-Moskva reysi kechikganini Toshkent aeroporti uchishlarni nazorat qilish bo‘limi xodimi Ozodlikka tasdiqladi, lekin sababini bilmasligini aytdi.

- Uch soatga kech uchdi. Sababini bilmaymiz,- dedi Toshkent xalqaro aeroporti hodimlaridan biri.

Moskvaning Domodedovo aeroportiga ham qo‘ng‘iroq qildik.

- HY603 Toshkent-Moskva jadval bo‘yicha ertalab 10.30da Domodedovo aeroportiga qo‘nishi kerak edi, lekin 13.45da qo‘ndi. Bu yerda kechikish sababi yo‘lovchilarning vaqtida uchoq bortiga chiqarilmagani va havo laynerini uchishga tayyorlash cho‘zilib ketgani bilan bog‘liq, deb ko‘rsatilgan,- dedi Domodedovo aeroporti hodimi.

Uchoq bortida Domodedovo aeroportidan boshqa mamlakatga uchib ketishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilar ham bo‘lgan. Samolyot Domodedovo aeroportiga sal kam to‘rt soat kech qo‘ngani sabab ular keyingi reysga kech qolishgan va ko‘pchiligi manzillariga yetib borisholmagan.

Kompensatsiyani kim to‘laydi?


Birinchi klassga bilet olib, ekonom klassda uchib kelgan yo‘lovchilar pulini kim qaytarib beradi, keyingi reysga kech qolgan yo‘lovchilarning yo‘l harajatlarini kim qoplaydi, deb so‘radik Domodedovo aeroporti xodimidan.

- Bu yuzadan yo‘lovchilar marhamat qilib O‘zbekiston Havo yo‘llarining Domodedovo aeroportidagi idorasiga shikoyat qilishlari mumkin,- dedi Domodedovo xodimi.

O‘zbekiston Havo yo‘llari shirkatining Moskvadagi vakillari esa uchqich kech kelgani sababli boshqa reysga kech qolgan yo‘lovchilarga yordam vaqtida ko‘rsatilganini aytdi.

- Odatda uchoq kech qolayotgan bo‘lsa tranzit yo‘lovchilar haqida bizga Toshkentdan ma‘lum qilishadi va keyin biz ularni keyingi reysga joylab uchirib yuborish choralarini oldindan ko‘ramiz,- dedi O‘zbekiston havo yo‘llari vakili.

Lekin, unga ko‘ra, birinchi klassga bilet olib, ekonom klassda uchib kelgani haqida hech bir yo‘lovchi O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatiga shikoyat qilmagan.

O‘zbekiston havo yo‘llari vakili, shuningdek, kech qolib kelgan uchoqda Gulnora Karimova bo‘lgan, bo‘lmagani haqda ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Gulnora Karimovaning kelishini kutib, samolyot reyslari bir necha soatga kechiktirilishi O‘zbekistonda odatiy holga aylangani aytiladi.

Ayniqsa, u yetakchilik qiladigan "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasi uyushtiradigan tadbirlar payti hatto oliy darajadagi mehmonlar Karimova xonimning kelishini kutib, 4-5 soatlab samolyotda qolib ketishgani hollari ham bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining kenjasi Lola Karimova-Tillayeva va kuyovi Temur Tillayevlar, martabali o‘zbek amaldorlari bilan bir reysga tushib qolgan yo‘lovchilar ham kutish azobini boshdan kechirganliklarini aytib berishgan.

"O‘zbekistonlik biznesmenlar va oliy tabaqa vakillari esa chet elga safar qilish uchun uchoq biletni sotib olishdan oldin shu samolyotda Gulnora Karimova ham uchmayaptimi, deb tekshirib ko‘rishadi va u bilan bir reysda uchmaslikka harakat qilishadi",- deb yozdi “Harakat” mustaqil internet nashriga xat yo‘llagan manba.

Siz ham shunday xolatga duch kelgan bo‘lsangiz, o‘z boshingizdan kechirganlaringizni bizga yozib qoldirishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG