Линклар

Dunyo bo‘ylab o‘zini taqvodor deb hisoblaydiganlar soni pasayib bormoqda. Gallup xalqaro tadiqot markazi o‘tkazgan so‘rov natijalari xulosasi shunday. Gallup chiqargan xulosalariga ko‘ra, farovonlik darajasi yuqori mamlakatlarda taqvodorlik darajasi pastoroq bo‘lib, farovonligi pastroq mamlakatlar aholilari o‘zlari aksincha taqovodorroq deb hisoblash tendentsiyasi bor. O‘zbekistonlik so‘rov ishtirokchilarining 79 foizi o‘zlarini taqvodor, deb bilishi, 2 foizi esa dahriy, deb hisoblashini aytgan.

Gallup xalqaro tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rov hisoboti Din va ateizm indeksi 2012, deb nomlanadi.

57 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovda 52 mingga yaqin odam qatnashgan. So‘rovning buddoyi qatnashchilari orasida o‘zlarini taqvodor deb hisoblaydiganlar eng ko‘p bo‘lib chiqdi, bu ko‘rsatkich yahudiylar orasida eng past bo‘lib chiqdi.

Buddoyilarning 97 foizi, portestant nasroniylarning 83 foizi, katoliklarning 81 foizi, induizm vakillarining 80 foizi o‘zlarini taqvodor, deya bilishini ta‘kidlagan. Bunda o‘zlarini taqvodor deb atay oladigan musulmonlar 74 foizga, yahudiylar esa atigi 38 foizga tushib ketganini qayd etishdi tadqiqotchilar.

Gallup bu kabi tadqiqotni oxirgi marta 2005 yilda o‘tkazgan va so‘nggi natijalar, o‘shandan beri dunyo bo‘ylab taqvodorlik darajasi 9 foizga tushgani, ateizm esa 3 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Bu esa jahon aholisi orasida dindorlik darajasining jiddiy tarzda kamayganidan darakdir.

Gallup markazi xulosalariga ko‘ra, odamlarning taqvodorligi bilan farovonligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor. Bunda odam qancha farovonroq yashasa, taqvodorligi shuncha susayadi demoqda tadqiqotchilar. Masalan, farovonlik darajasi past kishilar o‘ziga to‘qroq qatlamga qaraganda 17 foizga taqvodorroqdir, degan hisob-kitob beriladi Din va ateizm indeksi 2012 hisobotida.

Ayni paytda so‘rovda qatnashgan o‘zbekistonliklarning 79 foizi o‘zlarini taqvodor, deya atay olishini aytgan, bu esa masalan, Turkiya (23%) yoki Xitoyga (14%) nisbatan ancha yuqoriroqdir.

Bu qanchalik o‘zbekistonliklar farovonlik darajasi bilan bog‘liqgini aytish qiyin, lekin O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar va G‘arb davlatlari tomonidan diniy erkinliklar cheklangan mamlakatlar sirasiga qo‘shilishiga qaramasdan bunday natija ko‘rsatilgani o‘ziga xos ma‘noga ega deyish mumkin.

Ozodlik bilan bu xususda suhbatlashgan o‘zbekistonliklar o‘zlarini dindor deb bilishlari, lekin taqvodor deya atay olmasliklarini aytishdi.

- Faqat o‘qiëtganim besh vaqt namoz bilan mana ro‘za tutayapman. Unaqa juda taqvoli, din to‘g‘risida hamma amallarni bajaraëtganimiz yo‘q. Xudo qodir qilsa, Xudo davlat bersa, hajlarga borish, beshta shartlar boru, hali ularni qilib olmadik. Faqat namoz bilan ro‘zamiz bo‘layapti bizlarni. Qolganlarini qilish ham nasib qilsin., deydi toshkentlik uy bekasi Gulchehra opa.

O‘zbekistondagi telekanallardan birida ishlaydigan jurnalist hamkasbimiz esa ziyolilarning aksari kabi o‘zini taqvodor deya atay olmasligini aytadi.

- Bu savol ziëlilarga uncha o‘rinli emas. Ziëlilar bilasiz, imkoniyatdan kelib chiqadi, ishdan kelib chiqadi. Ancha paytdan beri televideniyeda ishlayman. Biz xohlagan taqdirda ham besh mahal bajara olmaymiz. 54 ga kirganman, hali namozga kirganim yo‘q. Lekin Qur‘on tarjimasini o‘qib chiqdim., deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

Gallup tadqiqotida o‘zlarini taqvodor deb hsioblamaydigan mamlakatlar orasida birinchi beshlikda Xitoy (14%), Yaponiya (16%), Chexiya (20%), Turkiya (23%) va Shvetsiya (29%) o‘rin oldi.

Xitoy, Yaponiya va Chexiya o‘zlarini ateist deb hisoblovchilar ko‘p bo‘lgan mamlakatlar qatoridan ham o‘rin oldi.

Pragalik 50 yoshli Yitka Shrumova bunday ko‘rsatkichdan xayron qolmaganini aytadi.

- Biz chexlar buni bilamiz. Tanishlarim orasida cherkovga boradigan yoki uyda ibodat qiladiganlarni bilmayman. Lekin menimcha bu sotsialistik va kommunistik o‘tmishimizdan qolgan meros bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki o‘sha paytlarda turli bosimlar bois odamlar dindor va taqvodorligini oshkor qilishdan qo‘rqar edi. Men albatta o‘zimni ateist deb atashni istamas edim, chunki masalan, boshimga biror muammo tushib qolgan paytlarda, O‘zidan madad so‘rashga tushib qolaman. Lekin ko‘pchilik chexlar kabi men ham kundalik hayotda taqvodor emasman, deydi chexiyalik Yitka Shrumova.

Gallup markazining Din va ateizm indeksi 2012 hisobotiga ko‘ra, o‘zlarini taqvodor hisoblaydiganlar eng ko‘p mamlakatlar Gana (96%), Nigeriya (93%), Armaniston (92%) va Makedoniyadir (90%).

Ashaddiy ateistlar esa, Xitoy (47%), Yaponiya, (31%) Chexiya (30%) va Frantsiyada (29%) ko‘p ekanini aytishmoqda tadqiqotchilar.
XS
SM
MD
LG