Линклар

RMA ham O‘zbekistonga sarmoya kiritmaslikka chaqirdi


Russia -- The logo of MTS, Russia’s largest mobile operator, is seen at telecoms exhibition Sviaz-Expocomm 2011 at Expo Center in Moscow, 10May2011

Russia -- The logo of MTS, Russia’s largest mobile operator, is seen at telecoms exhibition Sviaz-Expocomm 2011 at Expo Center in Moscow, 10May2011

Rossiya Menejerlar Assotsiatsiyasi (RMA) MTS shirkatiga qarashli “O‘zdunrobita” bilan bog‘liq vaziyatdan xavotir bildirib, O‘zbekistonda har qanday loyihalarni amalga oshirishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishga chaqirmoqda.

Markazi Moskvada joylashgan Rossiya Menejerlar Assotsiatsiyasi (RMA) rus tadbirkorlarini O‘zbekiston hukumatining Rossiya biznesiga qilayotgan bosimiga qarshi birlashishga chaqirdi.

RMAning bu chaqirig‘iga MTSning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasiga rasmiylar tomonidan qilinayotgan bosim sabab bo‘lganini aytgan Assotsiatsiya Ijrochi direktori Aleksandr Dinin, bunday bayonotlar bilan yana Rossiyaning qator uyushmalari va tashkilotlari chiqish niyatini bildirayotganini ma‘lum qildi Ozodlikka.

- Bilishimizcha, vaziyat so‘nggi paytlarda juda keskinlashib ketdi. O‘zbekiston boshqa mamlakatlar uchun qanchalik ochiq yoki yopiqligini bilmasam-da, Rossiya biznesining O‘zbekistonda juda faol ekanidan xabarim bor. Axir MTSdan tashqari ko‘plab rus biznesi vakillari O‘zbekistonda iqtisodiy faoliyat yurityapti. Ammo bu mojaro, afsuski, bu mamlakatga sarmoya olib kirish istiqbollariga putur yetkazmoqda. Aytishim mumkinki, ko‘plab yirik Rossiya kompaniyalari o‘zlarining O‘zbekistonga nisbatan kapital kiritish strategiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda, deydi Rossiya Menejerlar Assotsiatsiyasi Ijrochi direktori Aleksandr Dinin.

Uyushma direktorining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat idoralari tomonidan “O‘zdunrobita”ga qarshi uyushtirilgan bosim nafaqat MTSning O‘zbekistondagi biznesiga yakun yasashi, balki umuman Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka salbiy ta‘sir etishi mumkin.

“Davlat va biznes, hukumat va tadbirkolar o‘rtasida ko‘p yillardan buyon Rossiyada aloqa vositasini bajarib kelgan Rossiya Menejerlar Assotsiatsiyasi MTS nafaqat mamlakatning, balki dunyoning eng yirik shirkati sanalishi va “toza o‘yin” o‘ynashiga kafillik beradi”, deya davom etadi Aleksandr Dinin.

- Birinchi navbatda, biz O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yoki yuritish niyatida bo‘lgan kompaniyalarga sarmoya yotqizishda yoki u yerga menejerlarni jo‘natishda barcha xavotirlarni hisobga olishni taklif qilamiz, chunki O‘zbekistonda ularga nisbatan xavf-xatar oshgani so‘zsiz.

Shuningdek, biz O‘zbekistonda bosimga uchragan yoki uchrayotgan shirkatlarga davlat hukumatiga qarshi kuchlarimizni birlashtirishga va o‘z xodim va aktivlarini qonuniy yo‘llar bilan himoyalashga chaqiramiz. Buning uchun biznesmenlar biz bilan aloqaga chiqib, bunday hollarni fosh etish va axborot vositalari orqali keng jamoatchilikni xabardor qilib turishni taklif qilamiz, dedi Aleksandr Dinin Ozolik bilan suhbatda.

Menejerlar Assotsiatsiyasi “O‘zdunrobita” bilan bog‘liq vaziyat ustidan kuzatishni davom etishi va uyushma a‘zosi bo‘lgan MTSning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Ayni paytda, Rossiya prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) Boris Titov “MTS-O‘zbekiston” bilan bog‘liq vaziyatga jamoatchilik e‘tiborini qaratib, O‘zbekiston hukumati olib borayotgan harakatlarni jamoatchilik hukmiga havola qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Rossiya Menejerlar Assotsiatsiyasi (RMA) – mustaqil milliy jamoatchilik tashkiloti bo‘lib, Rossiya tadbirkorlik jamoasi biznes yuritishining xalqaro normalar va standartlariga moslashishini tezlashtirish, Rossiyaning jahon iqtisodiy bozoriga integratsiyasini ta‘minlash, biznes va hokimiyat o‘rtasida muloqot o‘rnatish, Rossiya biznesining obro‘-e‘tiborini oshirishni o‘zining asosiy vazifasi deya baholamoqda.
XS
SM
MD
LG